O‘zbekiston | 15:13 / 22.03.2017
14030
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent uchun 865 dona avtobus sotib olinadi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 2017 yil 11 martda «Toshkent shahrida yo‘lovchi tashish transportini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorini qabul qildi. Hujjat matni O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari ma'lumotlari milliy bazasi – Lex.uz saytida joylashtirilgan. Unga ko‘ra, 2020 yilgacha bo‘lgan muddatda «Toshshahartransxizmat» kompaniyasi korxonalariga mahalliy ishlab chiqaruvchilarning 865ta avtobusi bilan to‘ldiriladi. MAN Avto-Uzbekistan qo‘shma korxonasining tabiiy gazda harakatlanuvchi 350ta katta sig‘imli MAN avtobusi hamda Samarqand avtozavodida ishlab chiqariladigan 515 dona Isuzu avtobusi xarid qilinadi. 

Tasdiqlangan dasturga muvofiq, 2017 yilda Toshkent shahri ko‘chalarida 50ta MAN va 140ta Isuzu, 2018 yilda — 110 va 175, 2019 yildan — 190 va 200 dona yangi MAN, Isuzu avtobuslari harakatlanadi. Jumladan, 2018 yilda shaharlararo yo‘nalishlarda qatnovchi 30ta yumshoq o‘rindiqli MAN avtobusi sotib olinadi. 

Shu bilan birga, hujjatda shahar yo‘lovchi transporti  yo‘nalishlarini takomillashtirish va yangilarini ochish ham belgilangan. Jumladan, 77 yo‘nalishida trassa harakati qisqartiriladi, 4tasida o‘zgartiriladi va 4tasida — uzaytiriladi. Shuningdek, 5ta yangi yo‘nalish ochiladi va 2 tasi yopiladi. Shahar atrofidagi yo‘nalish bo‘yicha 8ta yo‘nalishda trassa harakati qisqartiriladi.

Qarorda qayd etilishicha, 8 yo‘nalishda qatnovchi Mercedes-Benz avtobuslari mahalliy Isuzu’lar bilan almashtiriladi. 5-avtobus parkining sakkizta yo‘nalishi 1- va 2- avtobus parklariga berilib, 5-park hududida ta'mirlash bazasi tashkil etiladi.

33 yo‘nalishda qatnovchi yo‘nalishli taksi mikroavtobuslari takomillashgan va zamonaviy rusumdagilari bilan almashtiriladi hamda 7ta yo‘nalish yopilib, 8tasining harakat chizmasi o‘zgaradi. 

2017 yil 1 iyulga qadar Toshkent metropolitenining «Paxtakor», «Beruniy» va «Olmazor» bekatlari, 2018 yil 1 yanvariga qadar «Do‘stlik» va «Chorsu», 2019 yilda «Turkiston» stansiyasi yaqinidagi avtobus va yo‘nalishli taksilarning oxirgi to‘xtash punktlarini rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan.

Shahar atrofida qatnovchi avtobus yo‘nalishlarining oxirgi to‘xtash punktlarini Toshkent halqa avtomobil yo‘li bo‘ylab joylashtirish belgilangan. Yo‘lovchi transportlari harakatini GPS-monitoring qilish tizimi yanada rivojlantirish ishlari davom ettiriladi. Ikki oy ichida, Toshkent shahar yo‘lovchi transportida yo‘lkira to‘lashning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish bo‘yicha hukumat qarori loyihasi tayyorlanishi belgilangan.

Shu bilan birga, 2030 yilgacha Toshkent yo‘lovchi transportini rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqish rejalashtirilgan. Yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish maqsadida 670 nafar haydovchi qayta tayyorlanadi. 

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid