Sport | 16:45 / 25.03.2017
21462
2 daqiqa o‘qiladi

20 yoshli basketbolchi MBAda aqlbovar qilmas rekord o‘rnatdi 

“Finiks” himoyachisi Devin Buker MBA doimiy chempionatining “Boston”ga qarshi kechgan uchrashuvida 70 ochko yig‘ishga muvaffaq bo‘ldi. 20 yoshli basketbolchi Assotsiatsiya tarixida bu ko‘rsatkichga erishgan eng yosh o‘yinchiga aylandi.

“Finiks” yakunda “Boston”ga 120:130 hisobida imkoniyatni boy berdi. Devin Bukerdan avval esa MBAdagi bir o‘yin vaqtida 70 hamda undan ko‘proq ochkoni Uilt Chemberlen, Kobe Brayant (olti marta), Devid Tompson, Eljin Beylor va Devid Robinson yig‘ishga muvaffaq bo‘lgan. Bu ko‘rsatkichga erishgan so‘nggi basketbolchi esa Braynt bo‘ldi, u 2006 yilda “Toronto”ga qarshi uchrashuvda 81 ochko yiqqan.

Buker esa “Boston”ga qarshi o‘yinda 40 urinishdan 21tasini aniq amalga oshirdi, shuningdek himoyachi 24ta jarimadan unumli foydalangan. 

Amerika OAV 20 yoshli basketbolchini MBAning besh karra g‘olibi Kobi Brayant bilan tenglashtira boshladi. Har ikki sportchining otasi avval MBAda o‘ynashgan, ular draftda 13-raqam ostida tanlangan, Brayant va Bukerning bo‘yi ham bir xil – 198 sm. O‘tgan yili esa Brayant Bukerga “Afsonaga aylan” yozuvli krossovkalarni hadya qilgandi.

Yuqoridagi o‘yindan so‘ng “Finiks” o‘yinchilari xuddi bellashuvda g‘alaba qozongandek bayram uyushtirishdi. “Hech qachon mag‘lub bo‘lgan o‘yindan so‘ng bunchalik quvongan basketbolchilarni ko‘rmaganman”, - deya yozdi “Boston” hujumchisi Jyey Krauder Instagram’da. Buker esa bunga shunday javob qaytardi: “Sen meni to‘xtatib qola olmaysan”.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid