O‘zbekiston | 18:55 / 25.03.2017
36805
3 daqiqa o‘qiladi

Prezident Virtual qabulxonasi pullik bo‘lgani haqidagi mish-mishlar rad etildi

2016 yilning 25 sentabrida ishga tushirilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi hukumatning aholi va tadbirkorlik sub'yektlarining murojaatlari bilan yaqindan ishlashga, joylarda mavjud muammolarni hal qilish va korrupsiyaning oldini olishga mo‘ljallangan bepul elektron resurs bo‘lib kelgan va bundan keyin ham bepul bo‘lib qoladi. Bu to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi o‘zining Facebook’dagi sahifasida ma'lum qilgan.

Xalq orasida "Yer shari mish-mishlar bilan to‘ladir" degan gap bor. Jumladan, so‘nggi vaqtlarda PM.GOV.UZ portalining pullik bo‘lgani, aholi vakillaridan qabul qilinadigan murojaatlar uchun pul olinishi haqidagi mish-mishlar bolalab ketgan edi. Jumladan, bu to‘g‘ridagi mish-mishlar odamlar o‘rtasida ijtimoiy tarmoq va messenjerlar orqali tarqalmoqda. Xususan, go‘yoki kimlardir aholi o‘rtasida guvohnomasini ko‘rsatgan holda, o‘zini portalning xodimi sifatida tanishtirgan va aholidan murojaatlari uchun pul talab qilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bu kabi ma'lumotlarni rad qiladi. Vazirlik ma'lum qilishicha, bu kabi gap-so‘zlar batamom asossizdir.

2017 yilning "Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili" deb e'lon qilinishining o‘ziyoq portalning aholi va hukumat o‘rtasidagi beminnat ko‘prik ekanligini anglatadi. Shuningdek, hukumat rahbariyati mazkur yo‘nalishni rivojlantirish va aholi bilan muloqotda yangi va qulay usullarni o‘rnatadigan loyihalarni moliyalashtirish yuzasidan vazifalarni amalga oshirmoqda.

Shuningdek, Milliy operator tomonidan abonentlari uchun qator hukumat va davlat saytlaridan, jumladan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi — PM.GOV.UZ'dan bepul internet trafigi asosida foydalanish imkoni yaratildi.

O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi aholini bu kabi mish-mishlarga ishonmaslikka chaqiradi, Virtual qabulxonaning murojaatchi uchun bundan keyin ham bepul xizmat ko‘rsatishini ma'lum qiladi. Bu to‘g‘rida batafsil joylardagi "Xalq qabulxonasi"ga murojaat qilish maqsadga muvofiq.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid