Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Namanganda hind farmatsevtika kompaniyasi insulin ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yadi
Joriy yilning 19-23 mart kunlari Namangan viloyatidan tibbiyot sohasi, farmatsevtik ishlab chiqarish korxonalari va tadbirkorlar vakillaridan iborat delegatsiya Hindistonning MJ Group kompaniyasi rahbari Javshantal Shax taklifi bilan Hindiston davlatida bo‘lib qaytdi. Bu haqda Namnews xabar berdi.
Tashrif davomida sanoat, farmatsevtika va tibbiy xizmat ko‘rsatish sohasidagi hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida Hindistonning biznes vakillari bilan bevosita uchrashuvlar o‘tkazilib, qator memorandumlar imzolandi.
Delegatsiya tarkibida Namangan viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Solijon Mo‘minov, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Namangan filiali direktori Aziz Ermetov, tadbirkorlar Olimjon Isayev, Bahodir Dadaboyev, Ahmad Sulaymonov, Abdulmannop Holmirzayev va Otabek Mansurovlar Dehlida O‘zbekiston elchixonasi vakili bilan uchrashib, Puna shahriga uchib ketishdi.
Puna shahrida Insulin ishlab chiqaruvchi MJ Biotech PVT.Ltd zavodiga tashrif buyurib, uning faoliyati bilan tanishib chiqildi. Bu yerda zavod bosh menejyeri janob Krishna Prasad ishlab chiqarish jarayonida prezentatsiya qilib, kompaniya tarixi va ishlab chiqarish jarayoni haqida tushunchalar berdi.
21 mart kuni Taloja shahrida MJ kompaniyasiga qarashli MJ Biopharm Pvt.Ltd dori ishlab chiqarish farmatsevtika zavodiga borib, faoliyati bilan tanishib chiqildi. MJ Biopharm Pvt.Ltd vitse-prezidenti janob Hitendra H.Pandit ishlab chiqarish jarayoni, texnologiyalar va so‘nggi erishilgan yutuqlar to‘g‘risida to‘liq axborot berdi. Bu zavodda tabletka va ampula shaklida dori ishlab chiqarilishi jarayoni bilan tanishib, bosh menejyerlar Rajesh Sawant va Rakesh Vyas’dan qiziqtirgan savollarga javoblar olindi.
Shu kuni kechda MJ zavodi rahbariyati janob Jashvantlal Shah va Amol Shah bilan delegatsiya rahbari Solijon Mo‘minov muzokaralar o‘tkazdi hamda o‘zaro hamkorlik yuzasidan memorandum imzolandi.
“Ifoda agro kimyo” korxonasi rahbari Olimjon Isayev va Hindistonning M.J.Biofarm Private Limited kompaniyasi vakili Dr Shekeel o‘rtasida o‘simliklarni turli kasalliklardan himoya vositalari – kimyoviy dorilar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish va kelgusidagi hamkorlik bo‘yicha ham memorandum imzolandi.
Hindistonlik tadbirkorlar va tibbiyot sohasi vakillariga Namangan viloyati, uning sanoati, ishlab chiqarish korxonalari, imkoniyatlari, tibbiyot sohasi va farmatsevtik ishlab chiqarish korxonalari to‘g‘risidagi videorolik namoyish qilindi va bukletlar tarqatildi.
MJ kompaniyasidan janob Jashvantlal Shah va Namangandagi “Kamol med farm” korxonasidan Holmirzayev Abdumannoplar yil oxiriga qadar inbal usulida insulin va ayrim preparatlarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish yuzasidan memorandum imzoladi.
Jashvantlal Shah O‘zbekiston tomonidan zavod uchun ajratiladigan yer maydonida farmatsevtika zavodi qurish uchun 10 mln. AQSh dollari qiymatidagi investitsiya kiritish istagini bildirdi. Ajratiladigan yer maydonining fotosuratlari, konturlari va boshqa ma'lumotlarni kompaniyaga elektron pochta orqali yetkazish va shu asosda hindistonlik ekspertlar xulosasi olinishiga va kelgusida quriladigan zavodda insulin va substansiyalar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish kelishib olindi.
Shuningdek, yirik investitsion fond vakili janob Kothary tomonidan va o‘simliklarni turli kasalliklardan himoya vositalari – kimyoviy dorilar ishlab chiqarish bo‘yicha dunyoning eng yetakchi yettitaligiga kirgan Biostadt Groop LTD vakili Juzar Khorakiwala tomonidan ham O‘zbekistonga investitsiya kiritish istagi bildirildi.
Namangan viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Solijon Mo‘minov Chennay tibbiyot ilmiy bilim yurtidan doktor Patta Radxakrishna bilan muzokaralar o‘tkazib, bilim yurtining malakali mutaxassislarining O‘zbekistonda turli murakkab operatsiyalarda ishtirok etishi va o‘zbekistonlik mutaxassislarning Chennay ilmiy bilim yurti bazasida malaka oshirishi va sertifikat berilishi haqida memorandum imzoladi. O‘zbekistondan tajriba almashish va malaka oshirish uchun kelgan mutaxassislar klinika hisobidan bepul o‘qitilishi kafolatlanadi.
Bundan tashqari JAYPEE hospitals va Fortis Healthcare Limited vakillari bilan muloqot o‘tkazilib, tibbiyot sohasida kelgusidagi hamkorlik masalalarida muzokaralar o‘tkazildi. Bunga ko‘ra Namangan viloyatining Chust tumanida joylashgan sport va sog‘lomlashtirish tibbiy tashhis markaziga zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar va sarflov vositalarini olib kelish nazarda tutildi.