Jahon | 13:14 / 27.03.2017
2728
2 daqiqa o‘qiladi

Avstriya IShIDga aloqadorlikda ayblanib qamalgan shaxsni fuqarolikdan mahrum etdi

Avstriya hukumati asli kelib chiqishi turkiyalik bo‘lgan Yunus F.ni IShID terrorchilik guruhida ishtirok etgani uchun fuqarolikdan mahrum qildi. Bu Avstriyada yuz bergan ilk shunday holat, deb xabar bermoqda Kurier gazetasi.

Nashrning yozishicha, 2014 yilning avgustida Venada yashovchi Yunus F.  Avstriyani tark etgan hamda Chechenistondan bo‘lgan bir necha shaxs bilan birgalikda Suriya chegarasida qo‘lga olingan. U IShID terrorchilari safiga borib qo‘shilishni maqsad qilgan. 

2015 yilning iyunida u terrorchilik birlashmasiga a'zo bo‘lgani uchun uch yilga ozodlikdan mahrum etildi. Biroq mahkumni fuqarolikdan mahrum qilish uchun unda boshqa davlat fuqaroligi borligini isbotlash kerak bo‘lgan.

Avstriya ichki ishlar vazirligi surishtiruv o‘tkazish hamda Yunus F.ni fuqaroligi bilan bog‘liq masalani hal qilishga topshiriq berdi. Mart oyi o‘rtalarida uni fuqarolikdan chiqarish haqida qaror qabul qilindi.

"Kimdir fuqarolikdan mahrum bo‘lsa, bu uning mamlakatda qolish imkonini pasaytiradi. U xorijlik deb hisoblana boshlanadi. Shu tariqa, u bilan xorijliklar ishi bo‘yicha politsiya shug‘ullanishi kerak", - deya IIV vakilining so‘zlarini keltiradi gazeta.

Nashrning ta'kidlashicha, Yunus F. endilikda deportatsiya qilinishi mumkin.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid