Sport | 09:29 / 29.03.2017
46269
5 daqiqa o‘qiladi

Buyog‘i yana matematika. O‘zbekiston terma jamoasining imkoniyati qanday?

2018 yili Rossiyada bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatida ishtirok etish uchun saralash bosqichi qizg‘in pallaga kirdi. 

Osiyo mintaqasida bahslarda ishtirok etayotgan O‘zbekiston terma jamoasi 3-saralash bosqichida o‘z uyida o‘tkazadigan 5ta uchrashuvining 4tasini o‘tkazib bo‘ldi va ularning 3tasida g‘alaba qozondi. So‘nggi uchrashuvda Qatar qiyinchilik bilan bo‘lsada mag‘lub etildi. Dohada so‘nggi daqiqalarda qo‘lga kiritilgan g‘alaba bilan qo‘shib hisoblaganda Samvel Babayan shogirdlari jami 4ta uchrashuvda g‘alaba qozondi. Uchta uchrashuvda imkoniyat boy berildi.

Eron terma jamoasi bu turda Xitoydan ustun kelgan bo‘lsa, Janubiy Koreya Suriyani qiyinchilik bilan mag‘lubiyatga uchratdi. Umuman olganda mezbon uch jamoa ham o‘z o‘yinlarini 1:0 hisobidagi g‘alabalar bilan yakunladi.

Janubiy Koreya - Suriya 1:0
Eron - Xitoy 1:0
O‘zbekiston - Qatar 1:0

7 turdan keyin O‘zbekiston terma jamoasi hisobida 12 ochko bor va hozircha vakillarimiz o‘z guruhida Erondan 5, Janubiy Koreyadan 1 ochko ortda qolgan holda 3-o‘rinda bormoqda. Ko‘rinishidan terma jamoada imkoniyatlar juda yaxshi bo‘lib qolmoqda. Ammo taqvimga e'tibor qaratadigan bo‘lsak, bu juda murakkab ekanini ko‘rishimiz mumkin.

8-tur, 12-13 iyun

Eron - O‘zbekiston
Qatar - Janubiy Koreya
Suriya - Xitoy

8-tur yozning ikkinchi haftasida o‘tkaziladi. O‘zbekiston terma jamoasi Toshkentda imkoniyatni boy bergan Eron mehmoni bo‘ladi. Eron terma jamoasi uchrashuvda g‘alaba qozongan taqdirda muddatidan oldin JCh yo‘llanmasini naqd qilib ulguradi. Bunga yo‘l qo‘ymaslik uchun esa O‘zbekiston terma jamoasi g‘alaba qozonishi kerak bo‘ladi. Ikkinchi o‘rin uchun kurashdagi asosiy raqibimiz Koreya esa bu safar Qatarga tashrif buyuradi. Qatarliklar amalda JCh yo‘llanmasidan mahrum bo‘lib ulgurganini hisobga olsak, bu uchrashuvda jamoadan tayinli natija kutish qiyin. Favorit maqomini hisobga olgan holda Janubiy Koreya uchrashuvda g‘alaba qozonadi deb hisoblasak, jamoa hisobidagi ochkolar soni 16taga yetadi. Agar O‘zbekiston Eronda mo‘'jiza ko‘rsata olsa, ochkolarini 15taga yetkazib olishi mumkin bo‘ladi. Aks holda Eronga qo‘shilib, koreyaliklar ham amalda JCh yo‘llanmasini qo‘lga kiritib bo‘lishlari mumkin. Agar Eronda durang qayd etilgan taqdirda ham O‘zbekiston yaxshi imkoniyatni saqlab qolishi mumkin. Eronga yetib olish imkoniyati qolmasada, Janubiy Koreyani ko‘p ham o‘zimizdan uzoqlashtirib yubormaslikka muvaffaq bo‘lishimiz mumkin.

9-tur, 31 avgust

Xitoy - O‘zbekiston
Suriya - Qatar
Janubiy Koreya - Eron

Avgustning so‘nggi sanasida bo‘lib o‘tadigan 9-turda O‘zbekiston yana mehmonda o‘ynaydi. Bu turning qanchalik ahamiyatli bo‘lishi 8-turga bog‘liq bo‘lib turibdi. Agar O‘zbekiston ijobiy natijaga erisha olsa, barcha imkoniyatlaridan ayrilgan Xitoyni ham mag‘lub etishi kerak bo‘ladi. Xitoyda yo‘qotiladigan ochko Babayan shogirdlarini JCh uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanmadan butunlay mahrum qilishi mumkin. 9-turning eng ahamiyatli tomoni bu ikki peshqadamning o‘zaro o‘yini bo‘ladi. Ulardan birining ochko yo‘qotishi O‘zbekistonga qo‘l kelishi mumkin. Shuning uchun ham Erondagi 8-tur uchrashuvi O‘zbekiston terma jamoasining bu saralashdagi eng muhim uchrashuvi bo‘lib qoladi. 

10-tur, 5 sentabr

O‘zbekiston - Janubiy Koreya
Eron - Suriya
Qatar - Xitoy

Hal qiluvchi turda O‘zbekiston Janubiy Koreyani qabul qiladi. Agar ikkala jamoa ham shu kungacha maksimal ko‘rsatkich bilan kelgan taqdirda. Toshkentda hayot-mamot uchrashuvi bo‘lib o‘tishi mumkin. 

Eng muhimi hozircha hammasi O‘zbekiston terma jamoasining o‘z qo‘lida. Jamoa barcha uchrashuvlarni muvaffaqiyatli o‘tkazgan taqdirda, boshqa jamoalarning natijalaridan qat'i nazar JCh yo‘llanmasini qo‘lga kiritadi. Lekin uch turdagi yagona mag‘lubiyat ham barchasini barbod qilishi mumkin.

Bir so‘z bilan aytganda terma jamoada ortga yo‘l qolmadi. Faqatgina maksimal natijalar evaziga vazifa uddalanishi mumkin. Buning uchun jamoa kamida ikki bosh baland sakrashi kerak bo‘ladi. Terma jamoa ko‘rsatayotgan o‘yinga qarab bunga ishonish qiyin bo‘lsada, oddiy arifmetika hozircha bizga ijobiy natijalarni taqdim etmoqda.

Mavzuga oid