Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekiston Ukrainaga qariyb 50 million dollarlik mahsulotlarni yetkazib beradi
Kiyev shahrida O‘zbekiston-Ukraina ishchi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda har ikki mamlakatning tekstil, kimyo, elektr texnikasi va qurilish sohalaridagi 50dan oshiq korxona vakillari ishtirok etdi, deb xabar bermoqda «Jahon» axborot agentligi.
O‘zbekistonning Ukrainadagi elchixonasi, «O‘zbekengilsanoat» AJning Ukraina yengil sanoat korxonalari assotsiatsiyasi ko‘magida tashkil etilgan tadbir sarmoyaviy va savdo oqimlarini ko‘paytirishga qaratilgan.
«O‘zbekengilsanoat» va «Ukrlegprom» o‘rtasidagi muzokaralar yakuni bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida Memorandum imzolandi. O‘tkazilgan ikki tomonlama uchrashuvlar yakunida esa Ukrainaga avtotransport vositalari, tekstil, elektrotexnika, qurilish va tamaki mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha 47,4 million AQSh dollarlik tijorat shartnomalari imzolandi. O‘zbekistonga «O‘zpaxtasanoat» AJ tuzilmasi uchun «Dnepropress» texnologiya qurilmasini yetkazib berishga doir 2 million dollarlik kelishuvga erishildi.
«Ukrlegprom» faxriy raisi Valentina Izovitning fikricha, O‘zbekistonning yengil sanoatni rivojlantirish strategiyasi soha rivojiga katta turtki berdi.
Shu bilan birga, «O‘zkimyosanot» AJ va GFT Ltd kompaniyasi o‘rtasida O‘zbekiston hududida suyuq o‘g‘it va biopreparatlar ishlab chiqishni tashkil etish bo‘yicha Memorandum imzolandi.
Shuningdek, O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibidagi «Quva Agroinvest» (Farg‘ona viloyati) vakillari Lvov shahridagi T.B.Fruit hamda «Golden Frut» korxonalari ishlab chiqarish maydonlariga tashrif buyurishdi. U yerda meva hamda sabzavotlarni qayta ishlash yo‘li orqali olingan sharbat konsentratlarini ishlab chiqarishga oid hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek «O‘zagroeksport» AJ va «BTS-import» o‘rtasida Kiyevda qo‘shma savdo uyini ta'sis etish to‘g‘risidagi kelishuvga erishildi.
