Jamiyat | 13:02 / 30.03.2017
22377
4 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryoda mayor qo‘lga olindi

Qashqadaryolik Zafar Hamrayev Qarshi shahar IIB YHXBda bo‘linma boshlig‘i edi, deb yozadi “Postda” gazetasi.

Navbatdagi topshiriqni olgan mayor Z.Hamrayev xonasiga kirib, boshliq bergan hujjatlarni ko‘zdan kechira boshladi. Unga I.Yaxshiboyev nomiga rasmiylashtirilgan haydovchilik guvohnomasi va ogohlantiruvchi taloni soxtalashtirilganligi holati yuzasidan Toshkent viloyati Zangiota tumani IIB tomonidan rasmiylashtirilgan hujjatlar surishtiruv o‘tkazish uchun topshirilgandi. Mazkur holatni batafsil o‘rgangach, hujjat egasi bo‘lgan Ilyos Yaxshiboyev bilan suhbatlashib, soxta guvohnoma va talonni Olim Abdullayev ismli shaxsdan olganini bilib oldi. Ilyos hujjatlarning soxta ekanligini bilmasligini, Olim unga pul evaziga olib berganini tushuntirish xatida ko‘rsatib o‘tdi.

Shundan so‘ng Olim Abdullayevni chaqirtirgan Zafar Hamrayev unga qilmishi jinoyat ekanini, buning uchun tegishli jazo tayinlanishini aytdi. Qo‘rqib ketgan Olim unga yolvora boshladi:

-  Aka, bir ilojini qiling, yordam bering, nima xizmat bo‘lsa tayyorman. Faqat shu ishni hal qilaylik.

Uning yalinib-yolvorishlarini ko‘rgan mayorning “ko‘ngli bo‘shlik” qildi. Stol ustida turgan oq qog‘ozga “5000 AQSh dollari” deb yozib, u tomonga asta surib qo‘ydi. Olim endi sal kelishtiring deb yalinishga o‘tdi. Idorada bo‘lib o‘tgan “savdo”dan so‘ng “xizmat haqi” 1100 AQSh dollari bo‘lishiga kelishildi. Shu yerning o‘zida Zafar Hamrayev 200 AQSh dollari miqdorida “avans” ham oldi.

Ertasi kundan boshlab Olimning telefoniga ketma-ket qo‘ng‘iroqlar bo‘laverdi. Zafar har gal undan qolgan 900 AQSh dollarini so‘rab holi-joniga qo‘ymadi. Toqati toq bo‘lgan Olim esa telefonida uning raqami ko‘rinsa qo‘ng‘iroqqa javob bermay qo‘ydi.

Nafs yetovida ildamlab borayotgan Zafar esa boshqa raqamdan qo‘ng‘iroq qilib:

-  Pulning qolganini tez yetkazib bering. Aks holda qamoqqa olinasiz, - deya do‘q urdi.

-  Beraman, aka, hozir onam betob edi, shunga xarajat ko‘payib ketdi. Siz aytgan pulni ham tez orada topib beraman.

Olim shunday deb telefonni o‘chirib qo‘ydi-yu, biroz o‘ylanib turdi. Oxiri mazkur holat yuzasidan huquq-tartibot organlariga xabar berdi.

Shundan so‘ng Olim Zafarga qo‘ng‘iroq qilib, 900 AQSh dollari topganini aytdi. Kelishilgan joyda uchrashgach, Zafar u bergan pullarni olmasdan shoshmay turishini aytdi. Chekkaroqda turgan “Lasetti” haydovchisini yoniga chaqirib: 

-  Bu kishi hozir senga bir narsa beradi, o‘sha omonat mashinangda tursin, keyinroq olaman, - dedi.

U yigit Olim bergan pullarni olib ketgach, huquq-tartibot organlari xodimlari tomonidan to‘xtatildi. Ismini Jasur deb tanishtirgan haydovchi bu pullarni Zafar Hamrayevga berish uchun olganiga iqror bo‘ldi.

Tergov jarayonida Zafar Hamrayev turli vajlar bilan o‘zini oqlashga urindi. Biroq guvohlarning so‘zlari, ekspertiza xulosalari va boshqa ashyoviy dalillar uning aybini tasdiqladi.   

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid