“Og‘zaki”dan “5” olish davri o‘tdi
Davr yangilanmoqda. Qarashlar ham, kuzatib, “hazm qilib”, adog‘iga yetib bo‘lmayotgan voqeliklarning o‘zi-yu, ularga bo‘lgan munosabatlar ham, boring, ana, talqinlar ham o‘zgacha: yangi va yangi, xilma-xil, “avvalgilarga o‘xshamas”... Bu o‘zgarishlar aro gangib qolish ham hech gapmas. Hammamiz insonmiz - nimadir ko‘ngilga yoqadi, yana nedir botmasligi mumkin. Buning uchun hech kim ayblanmasa kerak. Shunday bir andisha bilan, bugungi jamiyatda kechayotgan voqealar, to‘g‘rirog‘i, ularning talqini hamda bu talqinlarning matbuotda yoritilishiga doir ayrim shaxsiy kuzatuvlarni bayon qilishga jazm qildim.
Tan olaylik – islohotlar, o‘zgarishlar, yangilanishlar shitob bilan bormoqda. Iqtisodiy sohani olasizmi, tashqi siyosatni va yoxud ta'lim-u madaniyat tarmoqlarinimi – barchasidagi jadal bir silkinishlar eng befarq odamning ham - kamida hayratiga sabab bo‘lmoqda... Ezgu umidlaringni yaqin kelajak bilan bog‘lashga asos bergulik o‘zgarishlar kechmoqda.
Sarlavhaga chiqarilgan da'voga muallifning o‘zi amal qilmadi, degan ayblovdan qochib, o‘zgarishlar mahsuli sifatida - faqatgina bir misolni keltirib o‘tmoqchiman. Xalqning dardiga quloq tutila boshlandi. Muammolar imkon darajasida, vaziyatdan kelib chiqib, hal qilinmoqda. Bu - katta gap. Chunki xoh u bitta shaxs doirasida bo‘lsin, xoh jamiyat miqyosida bo‘lsin – ertangi kunga bo‘lgan ishonchdan mahrum bo‘lish – eng yomon fojia.
Ayni mulohazalarimiz bugungi jarayonlarni qanday yoritayotganimiz haqida ekan, chalg‘imasdan gapning po‘stkallasini aytish kerak: o‘z davlatidagi u yoki bu vazirning qilayotgan ishi tugul, afti-angorini ham ko‘rmay, tanimay, butun bir avlod o‘tib ketadi-yov, deb turgan joyimizda - hartugul, bugun hukumat a'zolari, vazirlarimiz matbuot orqali bayonot bera boshlashdi, voqealar haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashmoqda. Bu albatta yaxshi mujda - ochiq jamiyatning belgilaridan biri.
Endi masalaning ikkinchi tomoniga o‘tsak. Buyam bo‘lsa – voqeani talqin va tahlil qilayotganda, o‘rni bo‘lsa-bo‘lmasa, uning tashabbuskori bo‘lmish odamga, ochiqrog‘i – davlat rahbariga ochiqdan-ochiq urg‘u beraverish to‘g‘rimikan, degan mulohazadir. Ya'ni “muhtaram Prezidentimizning bevosita tashabbuslariga ko‘ra”, “u kishi ta'kidlaganlaridek”, “hurmatli rahbarimiz ko‘rsatmalari bo‘yicha” qabilidagi - bir qarashda o‘rinli, ammo do‘ppini boshdan olib o‘ylab ko‘rilsa, zamirida kimgadir yoqish, xushomad elementlari bo‘lgan jumlalarni keragidan ortiq qo‘llay boshlamadikmi? Axir ulug‘ shoirimiz Abdulla Oripov yozganidek,
“Bisyor bo‘lsa agar, bol ham beqadr,
Takror aytilganda, rangsizdir kalom” emasmi?..
To‘g‘ri, televideniye ekranlarida ham, bosma matbuotda ham, ayniqsa, internet nashrlarida kuzatilayotgan - muammolarni oshkor yoritish, o‘ziga xoslikka intilish, tezkorlik kabi asl matbuotga daxldor o‘zgarishlar bisyor. Lekin o‘zginamizga xos bo‘lgan, go‘yo salgina bezak berib, “kirish so‘zi” qilib gapirmasak, “sigirimiz harom qotadigan”dek tuyulgan odatdan voz kechishimiz qiyin kechmoqda. Va shu – bir qaraganda zararsiz odat tufayli asosiy ko‘zlangan maqsadga, ya'ni qilinayotgan ishlar eng avvalo xalq manfaati yo‘lida ekanligi haqidagi gaplarga soya tushib qolayotgandek. Chunki odamlar anavinaqangi jumlalardan, yumshoqroq aytganda, bezib bo‘lgandi-da.
Fikrlar quruq da'vodan iborat bo‘lib qolmasligi uchun yaqinda o‘tgan voqeadan misol keltiraman. Shu haftada O‘zbekiston Prezidentining Navoiy viloyatiga amalga oshirgan tashrifi hamma matbuotda keng yoritildi, tafsilotlar bayon qilindi. Televideniyening bosh informatsion ko‘rsatuvi orqali namoyish qilingan reportajlarda viloyatdagi tanishilgan obektlar va ishga tushajak loyihalar haqida gap borayotib, mamlakatning yengil sanoat bo‘yicha rahbari intervyu berdi. Shunda ishonasizmi, bir daqiqaning nari-berisidagi intervyuda “muhtaram yurtboshimizning tashabbuslariga ko‘ra”, “u kishining ko‘rsatmalariga binoan” qabilidagi hamdu sanolar naq besh marta yangradi. Axir uni ko‘rayotgan, ilmiy tilda aytganda, informatsiya olayotgan tomoshabinga birinchi galda - axborotning o‘zi, mafkuraviy jihatdan olganda esa, o‘sha tadbir sabab qanday o‘zgarish amalga oshishi-yu, loyiha oddiy odamlarga qanday naf berishi haqidagi g‘oya muhim emasmi? Unaqada bu kabi “paxta qo‘yish” nechun?
Bu – birgina misolki, ayniholatlar bugun juda ko‘payib ketdi. Hayhotki, kredit berayotganidan naql qilayotgan bankir ham, hosili mo‘l bo‘lganini aytayotgan dehqon ham, ta'limning yangi usulidan foydalanayotgan muallima ham matbuotdagi kalomini o‘sha taomilga kirgan “bismillo”dan boshlasa... Uyammas-buyammas, bu taxlit xushomadlar zamirida, mening nazdimda ikkita sabab yotadi:
birinchisi, intervyu berayotgan odam “yuqori”dagi kimningdir yoki kimlarningdir g‘azabidan qo‘rqib, imkon qadar vaziyatni yumshatishga intilishi yoxud vaziyatdan aynan xushomad orqali chiqib ketishi, bu bilan esa kimlargadir yoqishga intilishi;
ikkinchisi, tilga olinayotgan, amalga oshirayotgan ishlardagi asosiy mas'uliyatni o‘zidan soqit qilib, boshqalarga yuklash. Ya'ni bu o‘rinda “asosiy mas'uliyat menda emas, bu ishning tashabbuskorida” degan bir da'vo ham o‘z-o‘zidan qalqib chiqmoqda. Alhazar!..
Mas'uliyatni o‘z zimmasiga olmaslik, iloji bo‘lsa har bir masalani yuqori tashkilotlarning “dobro”si bilan hal qilish, tashabbuskorlikning yetishmasligi qanday oqibatlarga olib kelishi borasida yaqin o‘tmishimizda misollar qalashib yotibdi. Bu narsa esa – taraqqiyotni shundoqqina bo‘g‘ib qo‘yishini yana bir bor ta'kidlash – ortiqcha bo‘lsa kerak.
Prezident Sh.Mirziyoyevning o‘zi ham mana bu gaplari bilan xuddi shu haqiqatni e'tirof etgan edi: “Eng muhim vazifamiz – odamlarni, xalqimizni hayotdan rozi qilishdan iborat. Buning uchun el-yurtimiz avvalo biz – rahbarlarning faoliyatidan rozi bo‘lishi kerak. Buning uchun har bir rahbar o‘z aravasini o‘zi tortishi, o‘z sohasidagi ishlarning ahvoli uchun o‘zi shaxsan javob berishi kerak. Shundan keyin jamiyatimizda o‘zgarish bo‘ladi, rivojlanish bo‘ladi”.
Shu o‘rinda kechagi o‘tgan kunlarimizda kuzatilgan, endi eng yangi tarixga aylanib qolgan bir-ikkita voqealarni, mavzuga bevosita aloqador bo‘lgani bois, esga olgim keldi. Kaminaga bir vaqtlar birinchi Prezidentimiz Islom Karimov faoliyatini bevosita kuzatib, yetti-sakkiz yil u kishi ishtirok etgan majlislarda, yaqin va olis safarlarda - matbuot vakili sifatida qatnashib, o‘sha voqealarning jonli guvohi bo‘lish, keyin u tafsilotlarni televideniye orqali yoritish baxti nasib etgan.
O‘shanda o‘zim guvohi bo‘lgan bitta haqiqat shundan iboratki, to‘g‘ridan-to‘g‘ri qilingan maqtovni, orqa-o‘ngiga qaramasdan, laganbardorlarcha aytilgan lutflarni u kishi ochiq-oydin yoqtirmasdi. Ammo atrofdagilar, rahbarlik lavozimida o‘tirib, kursisidan ayrilmoqni o‘lim bilan baravar fojia hisoblagan shaxslar “yo‘lini qilib”, “qog‘ozga o‘rab” bo‘lsa-da, o‘shandoq hamdu-sanolarni yo‘llashning hadisini olishgandi.
Shunday yig‘ilishlarning birida, o‘sha paytlardagi “arbob”lardan biri o‘zi mas'ul bo‘lgan sohaga qarata otilgan toshlardan esankirab qoldimi yoxud har ne deb bo‘lsa-da, vaziyatni o‘nglamoq qasdidami, hartugul davlat yetakchisiga qarata baqrayib, “Bizga qiyin, Islom Abdug‘aniyevich”, - desa bo‘ladimi. Tabiiyki, bu da'vodan keyin, uni dalillash lozim. Shundan keyin berilgan izoh esa hammasidan oshib tushdi. “Chunki, - dedi “arbob”, - bu dunyoda Islom Karimov degan fenomen bor. Bu fenomen qarshisida biz – oddiy chuvalchangdek gap, “peshka”miz. Shuning uchun bizga o‘ta qiyin”.
Shu gapdan keyin ancha sukut bo‘lgani esimda. Xushomadni nishonga urishning eng original, antiqa usullaridan biri emasmi bu?..
Yana bir voqea. Bunisi viloyatlardan birida, to‘g‘rirog‘i, xalq deputatlari viloyat kengashining tashkiliy sessiyasida, o‘sha viloyat hokimi almashayotgan paytda sodir bo‘lgan. O‘shanda ishini duppa-durust olib borayotgan Respublika darajasidagi bir vazir – vaziyat taqozosiga ko‘ra o‘zi tug‘ilib o‘sgan viloyatga birinchi rahbar sifatida yuborilgan edi. Kechagidek esimda: nomzod ovozga qo‘yilib, odatdagidek bir ovozdan ma'qullangach, Prezident o‘zi bilan yetaklashib kelgan hukumat mulozimlariga qarata, “Falonchi vazirlikni juda zo‘r uddalayotgan edi. Bunaqa mutaxassis vazirsiz endi qiynalib qolmaysizlarmi, endi kim vazir bo‘ladi?” deya hazil aralash savol berdi. Shunda mas'ul soha rahbarlaridan biri o‘rnidan “dik” etib turib, hech bir kalovlanmay va ikkilanmay, “Bizning baxtimizga Siz borsiz, shu sabab biz hech narsadan qiynalishga haqqimiz yo‘q” dedi kiprik ham qoqmasdan. O‘shanda Islom Karimov zalda yig‘ilganlarga qarata, “Ko‘ryapsizlarmi, bularni hammasi mana shunaqa “diplomat” bo‘lib ketgan, sizlar ham maqtovlarni o‘rganinglar" degandi istehzo bilan...
Bu tarixlarni kavlashtirib nima demoqchiman? Bir vaqtlar butun omma, ayniqsa, biz – matbuot vakillari birinchi Prezidentimiz ishlaridan faxrlandik, ularni targ‘ib-u tashviq qilishga, dunyoga doston aylashga zo‘r bir g‘ayrat bilan kirishib ketdik. Keyinchalik, yillar osha hamdu-sano bobida “kimo‘zar” boshlanganda esa, boz yana hech kim bu musobaqada ortda qolishni istamadi. Hatto “Muhtaram yurtboshimiz” degan sifatdan qoniqmay, uning ustiga “rahnamolik” degan sifatdoshni kiritdik. Natija shundoq bo‘ldikim, ishlab chiqarish zavodidan tayyorlangan reportaj ustiga ham, uyushtirilishi urfga kirgan bir xil qolipdagi turfa davra suhbatlari haqidagi lavhaga ham, hatto bahor, ona allasi to‘g‘risida bo‘ladigan “ezib ichki” lirik manzaralar ustida ham “rahnamoliklarida bu sohada erishilgan yutuqlar mo‘l, hozir shulardan biri haqida hikoya qilamiz” degan chuchmal bir “platforma”ni - o‘rni bo‘lsa-bo‘lmasa, yotqizadigan bo‘ldik. Go‘yoki shu bilan o‘zimizni “straxovka” qilamiz, go‘yoki shu bilan obro‘ orttiramiz...
Endiyam shu “hunar”ni boshlamoqchimizmi? Balki tarixni takrorlash shart emasdir. Yoki “muhtaram...”bozlikka berilgan mutasaddilar o‘sha kalomni, o‘sha xushomadni aytsam, kimgadir yoqaman, deb o‘ylasharmikin? Menimcha, yo‘q. Bu gapni ikkilanmasdan yozayotganim sababi shuki, bugungi Prezidentni unaqa odam deb o‘ylamayman. Guvohi ham bo‘lganman.
U inson men tug‘ilib o‘sgan, hozir ham ota-onam yashayotgan Kattaqo‘rg‘on shahri mansub bo‘lgan Samarqand viloyatida rahbar bo‘lgan davri esimda. O‘shanda boshqa rahbarlar tunlari shirin orom olayotgan bir pallada, yarim kechasi, hech kimga bildirmasdan Kattaqo‘rg‘on vokzaliga borib, undan tushirilgan ko‘mir - odamlarning koriga yarash, korxonalarda ishlatish uchun yuborilmoqdami va yoki kabobpaz-u somsapazlarning tandiriga tushmoqdami – shuni kuzatib, keyinchalik unga boshqacha axborot berib qolgudek bo‘lishsa, o‘zi shaxsan guvoh bo‘lgan voqea butunlay boshqacha talqin etilsa, gap bilan “mo‘ljalga adashmay urganini” bugun ham odamlar eslab, gapirib yurishadi. Bo‘lmasa, butun boshli viloyat rahbarining bundan boshqa tashvishi yo‘qmidi?
“O‘zbekfilm”da ishlab yurgan davrimda, Sh.Mirziyoyevning u paytda bosh vazir sifatida kinostudiyaga tashrif buyurgani ham - fikrimni tasdiqlashi mumkin. O‘shanda 90 yillik tarixga ega bu idoraning g‘oyat achinarli ahvolga kelib qolgani, 40-50 yildan beri ta'mirini kutib yotgan sex va bo‘linmalarning aftoda va g‘arib ko‘rinishi bilan tanishgach, yon-atrofdagi boshqalarning izohisiz ham vaziyatni ochiq-oydin baholay olgandi u odam. Bu – o‘zim guvohi bo‘lgan holatlar, bunaqa misollarni balki minglab keltirish mumkin.
Endi aytingchi, o‘n yillar davomida muammoning ichida yurgan, hamma hudud va sohani ich-ichidan bilgan, his qilgan, bugungi darajasida ham - choldevor uylarga-yu, sumalakpaz onaxonlarning kamtarona davrasiga, oddiy oilalarning faqat non-choy qo‘yilgan faqirgina dasturxoni ustiga kirib borishni o‘ziga or bilmagan odam – siz-u bizning arzon xushomadimizga zormi?..
Prezident o‘zi o‘tkazadigan yig‘ilishlarda xuddi shundoq – gap deganiga “to‘n kiygizib” yuboradigan “og‘zi polvonlar”ga qarata “Sizlarga “og‘zaki”dan - “5”, amaliy ish, desa, no‘noqsiz” deganiga ko‘pchilik, jumladan, o‘zim ham guvoh bo‘lganman. Demak, amaliy ishga o‘tish davri allaqachon kelgan ekan-da...
Shu gaplarga nuqta qo‘yib turgan bir paytda “Kun.uz” saytida e'lon qilingan bir maqolaga ko‘zim tushdi. Unda Prezidentning 30 mart kuni o‘tkazgan videoselektor majlisida aytgan “Ura-urachilik zamoni o‘tdi. Televizorda tanqidiy va tahliliy materiallar berish kerak. Odam ko‘rsatuvlarni sog‘inib kutishi kerak” degan gaplari diqqatimni tortdi. Buyam – maqola boshidan beri aytib kelayotgan gaplarimizga isbot bo‘ladi.
Bir jihatni tushunish kerakki, har qanday xushomad, “aravani quruq olib qochish” zamirida – ta'ma, tuban bir ilinj va manfaat yotadi. Bu narsalar bo‘lgan joyda esa, taraqqiyotning bir o‘zagi kesildi, deb hisoblayvering...
O‘zimga keladigan bo‘lsak, ya'ni “Sening o‘zing madhiyabozlik qusurlaridan xolimisan?” deya tug‘iladigan savollarga javoban, shuni aytmoqchimanki, kamina bundan 14 yil oldin tayyorlagan – hududlardagi g‘oyat achchiq haqiqatlar to‘g‘risida hikoya qilingan “Yaqin-yiroqlar” televizion loyihasida ham, yillar davomida boshlovchilik qilgan “Asr qiyofasi”, “Tahlilnoma” dasturlarida ham, bosma matbuotda chop etilgan maqolalarda ham hech vaqt – ochiq-oshkor hamdu-sano o‘qimaganman. Bu borada hartugul vijdon toza.
Endi o‘ylab qarasam, balki xato qilgandirman, o‘shanda zamonasoz bo‘larmidik...
Komiljon ShAMSIDDINOV,
jurnalist
Mavzuga oid
10:24 / 30.10.2023
G‘azoda 7 oktyabrdan beri 34 jurnalist halok bo‘ldi
11:19 / 19.10.2023
Minskda «Belarus–O‘zbekiston» do‘stlik jamiyati tashkil etildi
12:33 / 11.10.2023
Isroilning G‘azoga zarbalari oqibatida 10 ga yaqin jurnalist halok bo‘ldi
08:18 / 04.09.2023