Jamiyat | 20:21 / 03.04.2017
22247
4 daqiqa o‘qiladi

"O‘tdimi o‘tdi" qabilida o‘tkazilayotgan tadbirlar xususida

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 08-21-2 son bilan tasdiqlangan “Mamlakatimiz hayotidagi muhim ahamiyatga molik masalalar bo‘yicha o‘tkaziladigan matbuot anjumanlarining Yagona rejasi”ga muvofiq, vazirlik, qo‘mita, kompaniya, banklar hamda turli tashkilot va idoralarning amalga oshirgan ishlari to‘g‘risida axborot berib borishi an'anaga aylandi. Bu yaxshi, albatta.

So‘nggi vaqtlarda o‘tkazilayotgan tadbirlarning saviyasi biroz tushib qolgandek, nazarimda, chunki tadbirni tashkillashtirayotgan mas'ul idora vakillari, rahbari yoki birinchi o‘rinbosari, hech bo‘lmaganda o‘rinbosari kelib respublika ommaviy axborot vositalariga ma'lumot berish orqali aholini xabardor qilish o‘rniga, bo‘lim boshlig‘i yoki bo‘lim boshlig‘ining o‘rinbosari kelib, nari-beri axborot beradi, xolos. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, ba'zilari qanday axborot berayotganini o‘zi ham uncha tushunmaydigandek go‘yo. Berayotgan axboroti jurnalistlar tomonidan tayyorlanib, aholiga yetkazilishini bilisharmikan, degan savol tug‘iladi. 

Mana bugun ham “Asaka” aksiyadorlik tijorat banki tomonidan investitsion loyihalarni moliyalashtirish borasida amalga oshirilgan ishlar mavzuida matbuot anjumani o‘tkazildi. Tadbirda bankning uch nafar xodimi ishtirok etdi. Bankning loyihalarni moliyalashtirish departamenti bo‘lim boshlig‘i, bo‘lim xodimi va matbuot kotibi. Eng qizig‘i, departament bo‘lim boshlig‘i umumiy aytiladigan gaplar bilan amallab 5-7 daqiqa taqdimot qildi. OAV vakillari ushbu taqdimotda nima berilayotganligini tushunmasdan bir-birlariga qarash bilan vaqt o‘tkazishdi. Savol-javob qismida o‘zimizga kerakli bo‘lgan ma'lumotni olamiz, degan xayol ham natija bermadi. Jurnalistlar tomonidan berilgan savollar javobsiz qoldi. Shunda ushbu tadbirga tayyorgarlik ko‘rgan xodim Moskvaga xizmat safari bilan ketgani, uning o‘rniga boshqa xodim ma'lumot berayotgani aytildi. Bundan tashqari, biron sohaga ajratilayotgan summa haqida  so‘ralsa, ushbu ma'lumot bank siri deya ma'lumot berilmaydi. Biron raqam haqida ma'lumot berish haqida jurnalistlar savol bersa, unga javob berish mumkin bo‘lmasa, unda matbuot anjumani o‘tkazishni nima hojati bor? OAVni yig‘ishning kimga keragi bor?

Bundan oldinroq O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy Milliy banki tomonidan o‘tkazilgan tadbirda Bankning mas'ul xodimi jurnalistlarning bergan savoliga javob qaytara turib, ozroq istehzo ohangida aholini chorva mollari bilan ta'minlay olmaymiz-ku deganidek, xuddiki aholini tadbirkor qilish uchun sarflanayotgan mablag‘lar o‘zini cho‘ntagidan ketayotgandek, go‘yo. Hozirda shu narsaga ehtiyoj bor ekan, chorva molini sotib olib, uni boqib, semirtirib sotib, chorvasini ikki barobarga ko‘paytirishni nimasi yomon? Yo bo‘lmasa o‘zini oilasini, yaqinlarini sut va sut mahsulotlari bilan ta'minlasa, bu uning o‘ziga ham, jamiyatga ham foyda emasmi?!

Toshtemir MUROD

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid