O‘zbekiston | 12:00 / 04.04.2017
15150
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Rossiya 3,5 milliard dollarlik kelishuv va shartnomalarni imzoladi

O‘zbekiston hamda Rossiyaning kompaniyalari va banklari 3,5 milliard dollarlik kelishuv va shartnomalarni imzoladi. Bu haqda O‘zbekiston TIV saytida xabar berilgan.

«Uchinchi aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Rossiyaga tashrifi arafasida Moskvadagi elchixonada O‘zbekiston delegatsiyasi bilan hujjatlar imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi», — deyilgan xabarda.

Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari, «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ raisi Ochilboy Ramatov boshchiligidagi rasmiy delegatsiya qatnashchilari savdo-iqtisodiy va investitsiya sohalarida ikkitomonlama idoralararo hujjatlar imzolash tantanali marosimining alohida qismida ishtirok etgan. Rossiya tomonidan Iqtisodiy taraqqiyot vaziri Maksim Oreshkin vakil bo‘lgan.

TIV matbuot xizmati xabariga ko‘ra, tomonlar hajmi 3,5 milliard dollardan oshiq bo‘lgan 16ta hujjatni imzolashgan.

Xususan, O‘zbekiston Milliy banki «Gazprombank» bilan investitsiya loyihalarini moliyalashtirish haqida bitim tuzdi. Hujjat doirasida tomonlar O‘zbekiston sanoatining to‘qimachilik va boshqa tarmoqlarida investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirmoqda.

Shuningdek, «Gazprombank» va «Asaka» banki Toshkentda metallurgiya zavodini qurish haqida bitim imzoladi. Loyiha qiymati 280 million yevrodan oshadi. Zavod qurilishi yaqin oylarda boshlanadi. Sanoat loyihasi 2019 yilda ishga tushiriladi.

«Chirchiq qishloq xo‘jaligi texnikasi zavodi» AJ maydonlarida qishloq xo‘jaligi texnikalarni birgalikda ishlab chiqarishni tashkillashtirish haqidagi bitim, «O‘zagroeksport» AJ va «O‘zagroeksport» savdo uyi MChJ o‘rtasida Rossiyaga 612 million dollarlik yangi uzilgan va qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlarini yetkazib berish haqida shartnoma, «O‘zbekneftgaz» MHK va Rossiya Federatsiyasi energetika vazirligi o‘rtasida 225 million dollarlik Rossiya neftini O‘zbekistonga yetkazib berish borasida memorandum, «Olmaliq KMK» AJ va «IZKARTEKS» MChJ Ijorsk ekskovator zavodi o‘rtasida 100 million dollarlik ekskovator texnikalarini yetkazib berish bo‘yicha hamkorlik bitimlari ham imzolandi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid