Jamiyat | 11:47 / 05.04.2017
10882
8 daqiqa o‘qiladi

Muhokamaga chorlov: «Jurnalistlarni nega yoqtirishmaydi?»

«Jamiyat» gazetasi jurnalisti Norbobo Shakarov muallifligida «Jurnalistlarni nega yoqtirishmaydi?» nomli maqola e'lon qilindi. Ushbu maqola gazetaning 31 mart kungi 13-sonida chop etilgan.

Ish yuzasidan bir tuman hokimiga qo‘ng‘iroq qilishga to‘g‘ri keldi. Ammo harchand urinmay, hokimga ulana olmadim. Shundan keyin viloyatdagi taniqli jurnalist do‘stimdan yordam so‘­radim. U menga viloyatdagi barcha tuman hokimlari bilan bog‘lanish mumkin bo‘l­gan korporativ telefon raqamini aytar ekan, ogohlantirdi: – Faqat jurnalist ekanligingizni aytmang, aks holda ulab berishmaydi…

Avvaliga uning maslahatini hazilga yo‘ydim. Biroq birinchi urinishdayoq kommutator navbatchisidan «Hozir bu tuman bilan aloqa yo‘q, keyinroq qo‘ng‘iroq qiling» degan javobni eshitgach, do‘stim haq ekanligiga ishonch hosil qildim. Birozdan so‘ng boshliqlarga xos jiddiy ohangdagi so‘rovimga javoban men izlagan tuman hokimining tiniq ovozi eshitildi…

Afsuski, jurnalistlar faoliyatida bunga o‘xshash holatlar tez-tez uchraydi. Turli darajadagi rahbarlar va amaldorlar jurnalistlar bilan uchrashuvdan o‘zini olib qochadigan, goh oshkora, goh pinhona yo‘llar bilan taysallaydigan bo‘lib qolgani kuzatilmoqda. Bunga istagancha misol keltirish mumkin.

Xo‘sh, jamiyatimizda jurnalistlarni yoqtirmaslik muhiti qanday paydo bo‘lib qoldi? Axir ular yaqin-yaqinda ham hamma joyda kutilgan mehmon, xalqimizning ardoqli suyanchiqlari, hojatbaror kasb egalari sifatida sharaflanardi. Jurnalistlar davlat hokimiyati organlari bilan xalq o‘rtasidagi mustahkam ko‘prik edi. Afsuski, ayrim rahbarlarning oyog‘i yerdan uzilib, havolangach, ular bilan qalam ahli o‘rtasidagi aloqa uzila boshladi, oqibatda ana shu ko‘prik sekin-asta qulab tushdi. Buning achchiq saboqlarini biz Bosh vazirning, keyin­cha­lik O‘zbekiston Respublikasi ­Prezidentining Virtual qabulxonasiga aylantirilgan elektron manzilga, joylarda tashkil etilgan Xalq qabulxonalariga xalqimizdan tushayotgan, iborali aytganda, yomg‘irday yog‘ilayotgan ariza va shikoyatlar misolida ham ko‘rib-bilib turibmiz. Bunga biz, jurnalist­lar ham aybdormiz, albatta. Chunki, «to‘rtinchi hokimiyat» vakili sifatida yetarlicha shijoat, jasorat, fidoyilik ko‘rsata olmayapmiz, xalqimizning dardiga darmon bo‘lishga yaramayapmiz!

Yana bir gap. Keyingi paytlarda Milliy matbuot markazida turli-tuman darajadagi rahbarlar bilan jurnalistlarning uchrashuvlari biroz faollashdi. Vazirlar va idoralar jurnalistlar bilan ochiq muloqotlar tashkil etish naqadar zarur ekanini daf'atan anglab qoldi, deb o‘ylaysizmi? Bir qarashda shunday! Ammo Vazirlar Mahkamasi mamlakatimiz hayotidagi muhim ahamiyatga molik masalalar bo‘yicha o‘tkaziladigan matbuot anjumanlarining yagona rejasini tasdiqlab, amaliyotga kiritmaguniga qadar qayda edi bunday ochiq muloqotlar?

Lekin bu taomil chekka hududlarda amaliyotga yetarli darajada tatbiq etil­yapti, deb bo‘lmaydi. Tuman hokimining yoki quyi darajadagi mansabdor shaxslarning jurnalistlar bilan uchrashuvdan o‘zlarini olib qochishini, boshqacha aytganda, jurnalistlarni yoqtirmasligini anglash qiyin emas.

Odatda, qayerda kamchilik va nuqson ko‘p bo‘lsa, o‘sha yerda jurnalist­larni xushlamaslik kayfiyati qaror topadi. Bunday joyda jurnalistning paydo bo‘lishi bezovtalik va sarosimaga sabab bo‘ladi. Uydagi gap ko‘chaga chiqishidan hadiksiraydilar. Bunday hol, ayniqsa, huquq-tartibot organlari va bank tizimida keng ildiz otgan, desam xato bo‘lmaydi. Ushbu soha xodimlari o‘zlarining atrofida tanqiddan xoli muhitni yaratishga zo‘r berib harakat qiladi. Bunga hatto qonuniy tus ham berilgan.

Masalan, «Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida»gi Qonunning 9-moddasi 6-bandiga qarang. Unda prokuror, tergovchi yoki surishtiruvchining yozma ruxsatisiz dastlabki tergov materiallarini chop etish taqiqlangan. Aynan shu sababli hayotimizda uchraydigan ayrim salbiy illatlar jamoatchilik nazaridan panada qolib ­ketyapti.

Afsuski, ularni fosh etish, bu to‘siqlarni yorib o‘tish, garchi, bir talay qonunlarimiz bo‘lsa-da, jurnalist­lar uchun juda qiyin kechyapti. Eng yomoni, ko‘pchilik «Ommaviy axbarot vositalari to‘g‘risida», «Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida», «Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunlarni bilmaydi yoki bilsa ham amal qilmaydi.

Bir gal respublikaning nufuzli huquq idoralaridan biriga borib, amaldagi qonunga binoan, tegishli mavzu bo‘yicha jurnalist tekshiruvi o‘tkazayotganim va ayrim ma'lumotlar zarurligini aytdim. Shunda suhbatdoshimning jahli chiqib ketdi.

– Qani o‘sha qonun, menga ko‘rsating-chi?– dedi o‘dag‘aylab.

To‘g‘risi, bunday idorada bu xilda savol berilishini hech ham kutmagan edim.

– Bu qonun sizda bo‘lishi kerak-ku, axir,– dedim, shahdim susayib.

Bu voqea juda katta saboq bo‘ldi menga. Shundan buyon sohamizga oid qonunlarni doimo yonimda olib yuraman. Bu odatim meni ko‘p marta qiyin vaziyatlardan qutqargan. Chunki, ba'zi kishilarga qonunlarni so‘zda ayt­gandan ko‘ra, o‘zini ko‘rsatish kuchli ta'sir etar ekan! Toshkent viloyatidagi paxta tozalash korxonalarining birida bo‘lib o‘tgan voqea bunga yaqqol misol. Zavod direktori bilan suhbat chog‘ida ish haqiga doir savolni berdim.

– Nima, siz tergovchimisiz? – dedi u avzoyi o‘zgargan holda kinoya bilan.

– Afsuski, yo‘q, agar tergovchi bo‘lganimda siz bilan bu yerda emas, boshqa joyda gaplashgan bo‘lardim, – deya javob qaytardim men ham kinoya bilan va yonimda olib yurgan «Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida»gi Qonunni chiqarib, uning 5-moddasini o‘qishini iltimos qildim. Muloqotimiz sovuq o‘tdi, biroq barcha savollarimga to‘liq va aniq javob olishga erishdim.

Jurnalistga bo‘lgan bunday bepisandlik odatda, oddiy xalq bilan muloqot qilishdan, uning muammolarini tinglashdan va yechimini topishdan o‘zini olib qochadigan, qisqasi xalqni yoqtirmaydigan amaldorlarda ko‘proq uchraydi. Negaki, jurnalist xalqning ko‘radigan ko‘zi, eshitadigan qulog‘idir! Jurnalist eshitgan so‘zni butun xalq eshitadi, ko‘rgan manzarani butun xalq ko‘radi.

Barcha kasbning o‘ziga yarasha mas'uliyati bor. Biroq jurnalist mas'uliyati boshqacha – u ba'zan jasorat va jasurlik ham talab etadi. Chunki haq so‘z va xolis fikr aytish uchun bunday fazilat juda zarur. Ayniqsa, Xalq bilan muloqat va inson manfaatlari yilida uning ahamiyati yanada kuchaydi. Negaki, xalq yanada emin-erkin so‘zlay boshladi, o‘zlarini qiynayotgan muammolarni yashirmayapti. Binobarin, ularning hal etilishi farovonlikka, barcha jabhada rivojlanish va taraqqiyotga yo‘l ochadi. Kelajagi buyuk davlatning bundan bosh­qa yo‘li yo‘q!

Mavzuga oid