Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
IFJ: 2025 yilda butun dunyo bo‘ylab 128 jurnalist halok bo‘ldi
2025 yilda dunyoda 128 jurnalist, shu jumladan 10 nafar ayol halok bo‘lganini Xalqaro jurnalistlar federatsiyasi (IFJ) hisoblab chiqdi. Tashkilot hokimiyatlarning OAV xodimlarini himoya qila olmayotganini qoraladi.
Foto: Alfred Yaghobzadeh/ABACA/picture alliance
2025 yilda dunyoning turli hududlarida 128 jurnalist va OAVning boshqa xodimlari halok bo‘ldi, ular orasida 10 nafar ayol ham bor. Bu haqda Xalqaro jurnalistlar federatsiyasi (IFJ) 31 dekabr, chorshanba kuni o‘z saytida xabar qildi.
Qayd etilishicha, ushbu statistikaga baxtsiz hodisa natijasida yuz bergan to‘qqizta o‘lim ham kiritilgan. Taqqoslash uchun: IFJ ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilda dunyoda 122 jurnalist halok bo‘lgan, ularning 14 nafari ayol bo‘lgan. IFJ rahbari Entoni Bellanjyer statistikani shunday izohladi: “2024 yilga nisbatan o‘sish jurnalistlar uchun xavotir darajasi eng yuqori nuqtaga chiqqanini anglatadi”.
Tashkilot hokimiyatlarning “OAV xodimlarini himoya qilishdagi ojizligi”ni qoraladi va 2026 yilda “zo‘ravonlik va jazosizlik aylanmasiga barham berish uchun zudlik bilan qat’iy choralar ko‘rish”ga chaqirdi.
IFJ ma’lumotiga ko‘ra, 2025 yilda jurnalistlar va OAVning boshqa xodimlarini o‘ldirish holatlari eng og‘ir bo‘lgan hudud — Yaqin Sharq va arab mamlakatlari: barcha holatlarning 58 foizi shu mintaqada qayd etilgan. Mualliflar kuzatuviga ko‘ra, jurnalistlar eng katta xavfga qurolli mojarolar ketayotgan hududlarda duch keladi. Xususan, 2025 yilda Yamanda 13 jurnalist, Ukrainada 8, Sudanda 6 jurnalist halok bo‘lgan.
Shu bilan birga, jurnalistlar yoki ularning transport vositalariga dronlar bilan hujumlar bog‘liq xavotirli tendensiya qayd etilmoqda. IFJ press-relizida shunday deyiladi: “Ukrainalik jurnalistlar Yelena Xramova, Yevgeniy Karmazin va Tatyana Kulik, shuningdek fransuz jurnalisti Antoni Lallikan Rossiya dronlari tomonidan qasddan o‘ldirilgan. Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, dron hujumi natijasida Rossiya jurnalisti Ivan Zuyev ham halok bo‘lgan”.
IFJ 1990 yildan beri OAV xodimlari o‘limi bo‘yicha statistika yuritib keladi va shu vaqtdan buyon jami 3173 ta jurnalist halok bo‘lishi holatini qayd etgan. Shuningdek, IFJ 2025 yil 31 dekabr holatiga ko‘ra, dunyo bo‘ylab 533 jurnalist qamoqda bo‘lganini ma’lum qildi, ularning katta qismi (143 nafar) Xitoyda. Bir yil avval bu ko‘rsatkich 516 jurnalistni tashkil etgan.
IFJ'ning o‘ldirilgan jurnalistlar haqidagi statistikasi “Chegara bilmas muxbirlar” (RSF) tuzadigan shunga o‘xshash hisobotdan farq qiladi. Ushbu NNT ma’lumotiga ko‘ra, 2025 yilda xizmat vazifasini bajarish chog‘ida dunyoda 67 nafar OAV xodimi halok bo‘lgan. UNESCO hisob-kitobiga ko‘ra esa bu ko‘rsatkich 93 kishini tashkil qiladi.
Mavzuga oid
23:02 / 21.10.2025
«Uni onang sotib olgan, ahmoq» – Tramp ma’muriyati jurnalistga yana qo‘pollik qildi
15:42 / 25.08.2025
Isroil G‘azoda shifoxonani bombaladi. Kamida 15 kishi, jumladan 4 jurnalist o‘ldirildi
13:20 / 21.06.2025
Ozarboyjonda yetti nafar jurnalist uzoq muddatga qamaldi
08:14 / 04.03.2025