O‘zbekiston | 19:23 / 05.04.2017
64754
2 daqiqa o‘qiladi

Putin Samarqand, Buxoro va Xorazmga keladi

Foto: RIA "Novosti"

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya rahbari Vladimir Putinni O‘zbekistonga taklif qildi. O‘zbekiston rahbari uchrashuv yakunida kelgusi yilda Samarqand, Buxoro va Xorazm viloyatlariga tashrif buyurishga taklif etgan. Shu shaharlardan birida kelgusi yili O‘zbekiston va Rossiya davlat rahbarlari ishtirokida yirik investitsion forum o‘tkazilishi mumkin.

«Biz bugun hurmatli Vladimir Vladimirovich bilan Rossiya hamda O‘zbekistonda biznes-forumlar tashkil etishga kelishib oldik. Men Vladimir Vladimirovichni keyingi yili Buxoro, Xorazm va Samarqand viloyatlariga taklif etaman, O‘zbekistonda yirik biznes-forum tashkil qilamiz. Bizda gaplashib oladigan gaplar bor», — degan O‘zbekiston rahbari.  

Rossiya prezidentining matbuot kotibi Shavkat Mirziyoyevning taklifi qabul qilingani haqida ma'lum qilgan.

«Taklif mamnuniyat bilan qabul qilindi. Tashrif kunlari diplomatik kanallar orqali kelishiladi», - deyilgan xabarda.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya prezidenti Vladimir Putinning taklifiga binoan 4 aprel kuni davlat tashrifi bilan Moskvaga kelgan edi.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putin o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalarini ko‘rib chiqishgani haqida xabar bergandik.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid