Jamiyat | 17:06 / 07.04.2017
26881
3 daqiqa o‘qiladi

Umumta'lim maktabining birinchi sinfiga qabul uchun qanday hujjatlar talab etiladi?

Foto: O‘zA

Zamon talablarini hisobga olgan holda umumiy o‘rta ta'lim muassasalari faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 15 martdagi 140-son qarori bilan “Umumiy o‘rta ta'lim to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi. Mazkur nizomga asosan umumiy o‘rta ta'limda bir qator yangi tartib-qoidalar joriy etilmoqda.

Umumta'lim muassasalarining 1-sinfiga 6-7 yoshli bolalar tibbiy xulosaga muvofiq qabul qilinadi.

Tegishli yilning 31 avgustiga qadar 6,5 yoshga to‘lmagan, 1-sinfda o‘qish istagini bildirgan bolalarning ota-onalari bilan umumta'lim muassasasining pedagog xodimlari va psixologi tomonidan bolani maktabda o‘qishga jismonan va ruhan tayyorlash bo‘yicha tushuntirish ishlari olib boradi.

Maktab yoshidagi bolalarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan Xalq ta'limi vazirligi bilan kelishilgan holda belgilanadi.

Bolalarni umumta'lim muassasasining 1-sinfiga qabul qilish uchun ularning ota-onalari tomonidan quyidagi hujjatlar topshiriladi:

  • ota-onalar tomonidan umumta'lim muassasasi direktori nomiga ariza;
  • ota-onalarning fuqarolik pasporti (fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning O‘zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasi) nusxasi (doimiy propiskasi yoki turgan joyi bo‘yicha hisobga olinganligi haqidagi qayd yozuvi ko‘rsatilgan holda);
  • bolaning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi nusxasi;
  • bolaning sog‘lig‘i to‘g‘risida tibbiy ma'lumotnoma;
  • bolaning 3,5 x 4,5 sm hajmdagi 4 dona rangli fotosurati;

Bolalar umumta'lim muassasasining I sinfiga tayyorgarlik darajasidan qat'i nazar, tanlovsiz qabul qilinadi, musiqa va san'atga ixtisoslashtirilgan ta'lim muassasalari bundan mustasno. 

Nizomga muvofiq, Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa akademik litseylari hamda musiqa va san'atga ixtisoslashtirilgan umumta'lim muassasalariga o‘quvchilarni qabul qilish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

O‘qishga qabul qilinayotgan bolalarning ota-onalari umumta'lim muassasasi ustavi, ichki tartib-qoidalari va ta'lim-tarbiya jarayonini tartibga soluvchi boshqa hujjatlar bilan tanishtirilishi lozim.

Umumta'lim muassasasida hujjatlarni yuritish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnoma O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.

Xorijiy fuqarolarni umumta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

Ota-onalar farzandlarini o‘quv yili davomida yoki u tugaganidan keyin bir sinfdan boshqa sinfga yoki bir umumta'lim muassasasidan boshqasiga o‘tkazish huquqiga ega. 

O‘quvchilarni sinfdan sinfga, bir umumta'lim muassasasidan boshqasiga o‘tkazish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi tomonidan belgilanadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid