Jahon | 19:36 / 08.04.2017
9458
2 daqiqa o‘qiladi

Iroq harbiy dronlari IShIDning 500dan ortiq jangarisini yo‘q qildi

Iroq qurolli kuchlarining uchuvchisiz parvoz qiluvchi qurilmalari, Mo‘sulning g‘arbiy qismini IShID jangarilaridan ozod qilish amaliyoti boshlanganidan beri, 500dan ortiq jangarini yo‘q qildi. Mamlakat federal politsiyasining amaliyotga jalb qilingan kuchlari qo‘mondoni general Raid Shokir Jovdat shu haqda ma'lum qildi. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, jangovar dronlardan foydalanish natijasida 512 nafar jangari yo‘q qilingan, ularning 77 nafari merganlardir. Iroq generalining aytishicha, "hukumat kuchlari radikallar qo‘lidan 260 ming iroqlikni qutqargan, ularning 12 ming nafari shaharning IShIDdan tozalangan tumanlariga qaytishgan". Amaliyot boshlangan 19 fevraldan beri 400dan ortiq minalashtirilgan avtomobillar yo‘q qilindi. 

So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, Mo‘sulning g‘arbiy mavzelarining 1/3 qismi terrorchilar nazoratida qolmoqda. BMTning ma'lum qilishicha, 500 mingga yaqin fuqaro janglarning davom etayotgani tufayli shaharni tark eta olmayapti. Mingdan oshmaydigan terrorchilar iroqliklardan tirik qalqon sifatida foydalanishmoqda. Bu esa, hukumat kuchlarining ilgari siljishiga ta'sir ko‘rsatmoqda. 

8 aprel kuni shaharning radikallar nazoratidagi hududlarni tark etishga uringan 50 kishi qatl qilingan, ularning jasadlari Mo‘sulni tark etmoqchilarni qo‘rqitish maqsadida markaziy ko‘chalarda qoldirilgan. 

Mavzuga oid