Jamiyat | 19:53 / 11.04.2017
9788
4 daqiqa o‘qiladi

Chirchiq shahri va Qibray tumani vakillari ishtirokida sayyor qabul o‘tkazildi

Bugun turli sohalarda mavjud kamchiliklar ro‘y-rost aytilib, ularning amaliy yechimi topilayotgani, xalq bilan muloqot olib borishda ochiqlik muhiti yaratilgani, fuqarolarning murojaatlari, taklif va tashabbuslarini o‘rganishda rahbar hamda mansabdor shaxslarning mas'uliyati kuchaytirilayotgani ayni muddao bo‘lmoqda.

Bu jihatlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish hamda muvofiqlashtirish xizmati, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari xodimlari tomonidan tashkil etilayotgan sayyor qabullarda ham o‘z ifodasini topmoqda.

Chirchiq shahridagi Kimyogarlar madaniyat saroyida 10 aprel kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi sayyor qabulda Chirchiq shahri va Qibray tumani aholisi tomonidan Prezidentimizning Virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga yo‘llagan murojaatlar ularning mualliflari ishtirokida atroflicha ko‘rib chiqildi.

Ochiq muloqot shaklida o‘tgan tadbirda jismoniy va yuridik shaxslardan tushayotgan murojaatlarning barchasi davlatimiz rahbarining shaxsan nazoratida ekani, bunday sayyor qabullar fuqarolarning davlat organlariga murojaat qilish borasidagi huquqini ta'minlash, ularni qiynayotgan muammolarni qonun asosida samarali hal etishda ta'sirchan vositaga aylanayotgani alohida ta'kidlandi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Oliy xo‘jalik sudi, Bosh prokuratura, Ichki ishlar, Mudofaa, Moliya, Mehnat, Adliya, Favqulodda vaziyatlar, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim, Xalq ta'limi, Sog‘liqni saqlash vazirliklari, davlat qo‘mitalari, agentliklar, kompaniyalar rahbarlari, Markaziy bank, Toshkent viloyati, Chirchiq shahri va Qibray tumani hokimliklari mas'ul xodimlari fuqarolar va tadbirkorlar murojaatlarini tingladi va ularni birma-bir ko‘rib chiqdi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, joriy yilning 9 aprel kuniga qadar Virtual qabulxona va Xalq qabulxonalariga Chirchiq shahri aholisidan 8 ming 400 dan ortiq murojaat kelib tushgan. Ularning qariyb 94 foizi ko‘rib chiqilgan, qolgani esa ko‘rib chiqish jarayonida. Qibray tumanidan shu davrda 8 ming 247 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, ularning 7 ming 800 dan ortig‘i ko‘rib chiqilgan, 429 ta murojaat ko‘rib chiqilmoqda.

Tahlillar aholidan asosan uy-joy, moddiy yordam, ish haqi, pensiya va bolalar nafaqasi, bank-moliya, obodonlashtirish va kommunal xo‘jaligi, fuqarolik, pasport va propiska, sudlarda ishlar ko‘rilishi, mehnat va bandlik, sud qarorlari ijrosi, surishtiruv va tergov jarayoni, ta'lim sohasi, issiqlik va elektr energiyasi, tabiy gaz ta'minoti, sog‘liqni saqlash, transport va yo‘lovchi tashish xizmatlari kabi yo‘nalishlar bo‘yicha murojaatlar kelayotganini ko‘rsatmoqda.

Sayyor qabul jarayonida fuqarolar va tadbirkorlar o‘zlarini qiynayotgan muammolar yuzasidan bevosita tegishli sohalarga mas'ul bo‘lgan rahbarlarga murojaat qilish va ular yuzasidan javob olish imkoniga ega bo‘ldi.

Tadbirda turli sohalardagi masalalar muhokamalari uchun alohida xonalar ajratilgani ochiq muloqotni samarali tashkil qilish imkonini berdi. E'tiborlisi, shu kuni murojaatlarning aksariyat qismi joyida yechimini topdi, qo‘shimcha o‘rganish va vaqt talab qiladigan murojaatlar bo‘yicha mutasaddi idora va tashkilotlar vakillariga topshiriqlar berildi. 

Mavzuga oid