Rossiyaning VR Plast kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilgan loyihaning umumiy qiymati 5,4 million dollarni tashkil etadi. Korxonada termoplastik elastomer granulalar, eshik va romlar uchun zichlagichlar, texnik va oziq-ovqat sanoati uchun shlanglar hamda qurilish va elektrotexnika tarmoqlari uchun turli polimer mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda.

Zamonaviy laboratoriya va tadqiqot markaziga ega korxonada Osiyo va Yevropa bozorlari talablariga mos yangi mahsulot turlari ishlab chiqilmoqda. Shuningdek, barcha mahsulotlar xalqaro standartlar asosida sinovdan o‘tkaziladi.

Loyiha doirasida 58 ta yangi ish o‘rni yaratilgan. 2025 yil yakunlariga ko‘ra, korxonada 103 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan va 5 million dollarlik mahsulot eksport qilingan.

Shu bilan birga, korxona o‘tgan yili 8,5 million dollarlik import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarib, mahalliylashtirish jarayonlariga munosib hissa qo‘shdi. Kelgusida mahsulot ishlab chiqarish hajmini 177 milliard so‘mga, eksport ulushini esa 60 foizga yetkazish rejalashtirilgan.