Sport | 11:05 / 14.04.2017
49165
2 daqiqa o‘qiladi

«Paxtakor»da jiddiy o‘zgarishlar kutilmoqda

O‘zbekistonning eng nomdor jamoasi, milliy chempionatdagi eng sovrindor jamoa bo‘lmish Toshkentning «Paxtakor» klubi avvalgi mavqeini tiklashi kutilmoqda. «Championat.asia» sayti xabariga ko‘ra, jamoa stadioni 21 aprel kuni «Lokomotiv»ga qarshi bo‘lib o‘tadigan o‘yindan keyinoq yopilishi mumkin. Stadionda rekonstruksiya ishlari boshlanishi rejalashtirilgan.

Bu rejaga o‘zgartirish kiritilsa, «Paxtakor» stadioni birinchi davra yakuniga qadar klub uchun xizmat qilib, ikkinchi davra oldidan baribir yopiladi va jamoa o‘z o‘yinlarini boshqa stadionda o‘tkazishga kirishadi. Qurilishning qancha davom etishi va uning smetasi borasida aniq ma'lumotlar yo‘q.

Stadiondan tashqari «Paxtakor» klubi uchun zamonaviy moddiy-texnik sport bazasi qurish ham rejalashtirilgan. Bu loyiha Toshkent shahar hokimligi bilan hamkorlikda amalga oshiriladi. Bunda shahar hokimiyati yil boshidanoq shu ishni rejalashtirganmidi yoki reja klub Alisher Usmonov qo‘liga o‘tgani haqidagi mish-mishlardan keyin paydo bo‘lganmi — aniq emas.

Klub yaqin kunlar ichida yangi ma'lumotlarni taqdim etishi aytilgan. Unda «Paxtakor»ning avvalgi mavqesini tiklashi borasida so‘z borishi mumkin.

Bir necha kun oldin mahalliy nashrlarda rossiyalik milliarder Alisher Usmonov «Paxtakor» aksioneriga aylangani haqidagi xabarlar tarqaldi. Jamoa ko‘p o‘tmasdan ushbu xabarlarni rad qilgandi. Lekin raddiyada Alisher Usmonov nomi keltirilmagandi.

Ma'lumot uchun, «Paxtakor» ayni vaqtda Oliy Liga turnir jadvalida 5 turdan keyin 7 ochko to‘plagan holda sakkizinchi o‘rinda joylashgan. Jamoa o‘tgan mavsumda beshinchi o‘rinni egallab, ilk marta OChL yo‘llanmasidan quruq qolgandi.

Mavzuga oid