Jahon | 16:01 / 20.04.2017
13799
3 daqiqa o‘qiladi

Erdo‘g‘on: Obama terrorizmga qarshi kurashda Turkiyani aldadi

Kurdiston ishchi partiyasi terrorchi tashkiloti va uning Suriyadagi PYD hamda YPG kabi bo‘linmalarini bir yoqli qilish vaqti keldi. Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Qatarning «Al-Jazira» telekanaliga bergan intervyusida shunday fikrni ilgari surdi. Turkiya rahbari, shuningdek, Donald Tramp ma'muriyati Barak Obama xatolarini takrorlamasligiga umid bildirdi. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu g‘oya Amerika hukumati va Oq uy boshlig‘i Donald Trampga yetkazilgan.

Turkiya davlat rahbari Vashingtonning KIPning Suriyadagi shoxobchalari bilan aloqalaridan xavotirlarini bildirdi. Uning qayd etishicha, PYD va YPG guruhlarini Suriyaning Raqqa shahrini ozod qilishga jalb etish jiddiy xato bo‘ladi. 

«Bir terrorchi tashkilotiga qarshi ikkinchisidan foydalanish to‘g‘ri emas. IShID – terrorchilik tashkiloti, ammo PYD YPG bilan birga Turkiya milliy xavfsizligiga tahdid soluvchi terrorchilardir», - degan Erdo‘g‘on. Uning qayd etishicha, Turkiya va AQSh strategik hamkorlardir va NATO bo‘yicha ittifoqchilardir. 

Oq uyning yangi ma'muriyati YPG va PYD guruhlariga nisbatan qarashini o‘zgartirishiga qanchalik tayyor, degan savolga Erdo‘g‘on quyidagicha javob bergan: «Tramp bilan uchrashuvimda bu masalani muhokama qilaman. Hujjatlar taqdim etaman. Turkiya va AQSh o‘rtasida KIPga qarshi kurashish borasida kelishuv bor. Bu Barak Obama davrida ham mavjud edi. Ammo, afsuski, Obama PYD va YPG guruhlariga qarshi kurashda Turkiyani aldadi. Umid qilamanki, AQShning yangi ma'muriyati bu xatolarni takrorlamaydi».

Erdo‘g‘on Suriyada kimyoviy qurol qo‘llanilganini «insoniyatga qarshi jinoyat» sifatida baholar ekan, jahon hamjamiyatining salbiy yondashuvi faqatgina ushbu qurolga nisbatan bo‘lmasligi kerakligini aytgan. 

«Agar Suriyada kimyovi quroldan 1500, 2000 yoki 3000 odam o‘lgan bo‘lsa, oddiy qurollardan 100 minglab odam halok bo‘ldi. Qurollarning turi qanday bo‘lishidan qat'i nazar insonlar o‘lmoqda», - deya qayd etgan Erdo‘g‘on. 

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid