Jamiyat | 16:20 / 21.04.2017
22383
4 daqiqa o‘qiladi

Oila sirini oshkor qilgan yigit yoxud fosh bo‘lgan operatsiya

Illyustrativ foto

Allomalar bejiz aroq ichishdan qaytarishmagan. Baliqchi tumanining Eski Haqqulobod qishlog‘ida yashovchi Qoraboy Navkarov (ism-shariflar o‘zgartirilgan) onasi bilan janjallashib qolib,  o‘zicha dardini yozgani ulfat qidirdi. Sinfdoshi Olimjon Tavakkalov bilan hamshisha bo‘lib uzoq o‘tirdi. U “Shayton dorisi” ta'sirida ulfatiga “Oshna, onam bilan urishib qoldim, uyda 5 ming dollar pul bor, harj qilgani bermaydi” deydi. “Endi ishlagani uzoqqa ketyapman”, deya “do‘sti”ga o‘z oilasi sirlarini valdiraydi. 

Besh ming dollar “hidi”ni olgan ko‘ngli buzuq Olimtoy do‘stlik va qadrdonlikni shu zahoti unutdi-qo‘ydi. Sinfdoshi ishlagani ketganidan so‘ng yolg‘iz ayol yashaydigan xonadondagi pul uni vasvasa yo‘liga boshladi. Oxiri bu ishni bir o‘zi amalga oshirgani ko‘zi yetmay,  hamtovog‘i Elbek Normatovning yoniga bordi.  Bitta shishani birga bo‘shatib, o‘zlaricha bosqinchilik rejasini tuzdilar. Yarim tunda bir o‘zi hayhotday uyda yashayotgan ayolni qo‘rqitib pullarni olish uchun boshlariga qora qalpoq, bo‘ynilariga qora sharf, qo‘llariga qora qo‘lqop kiyishga qaror qilishdi.

Shu yilning 14 aprel kuni tungi soat 01:00larda ikki manfur kimsa -  sinfdosh do‘stining uyi ichiga kirishdi. Uyg‘onib ketgan ayolning boshiga tayoq bilan urib, do‘pposlab ovozlaridan tanib qolmasligi uchun: “Gde dengi!” deya so‘roqqa tutdilar. Og‘riq zarbiga chiday olmagan ayol bor-budini ularning oldiga to‘kadi. Ayol kishiga tan jarohati yetkazib, zug‘um o‘tkazgan ikki davangir 1mln. 330 ming so‘mlik tilla zanjir, ikkita 700 ming so‘m narxidagi uzuk, 600 ming so‘m naqd pul, jami ikki million so‘mdan ziyod boylikni olib, jinoyat joyini tark etishdi.

Juft ulfat yo‘l chetida o‘ljani bo‘ldilar. Sinfdoshi uyiga borish rejasini tuzgan Olimtoyga ko‘prog‘i tegib, Elbek tilla taqinchoqlar va yuz ming so‘m pulni oldi.

Endi ular tekin topilgan pulga kayf-safo qila boshladilar. Lekin, ularning bu xursandchiligi ikki kunga ham cho‘zilmadi. Ikki kunda - harom luqma jig‘ildonda to‘la hazm bo‘lmay uning siri ochildi. 

Andijon viloyati, Baliqchi tuman IIB xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor harakatlar davomida o‘zganing uyiga g‘ayriqonuniy ravishda kirib, mol-mulkini bosqinchilik yo‘li bilan talon-taroj qilgan kimsalar qilmishi tez orada fosh qilindi. 

Jinoyatchilar endi qilgan kirdikorlari uchun kechirim so‘rashga tushishgan. Ushbu jinoiy ish bo‘yicha ayni paytda tergov harakatlari davom etmoqda.  

Jurnalist Elmurod Ermatov. 
Baliqchi tuman IIB bilan hamkorlikda tayyorlandi

Mavzuga oid