O‘zbekiston | 19:35 / 21.04.2017
24525
3 daqiqa o‘qiladi

Endilikda drondan foydalanish jinoiy javobgarlikni keltirib chiqaradi

Shu kunlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qo‘mitalarida tuzilgan ishchi guruhlarida bir qator muhim qonun loyihalari quyi palataning navbatdagi majlisi muhokamasiga kiritish uchun tayyorlanmoqda, deb xabar beradi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborot xizmati. 

Xususan, Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi mas'ulligida ekspertlar, mutaxassislar va fuqarolik jamiyati instituti vakillarini jalb etgan holda birinchi o‘qishga tayyorlanayotgan Jinoyat va Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi yangi qonun loyihasi qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

Qonunchilik palatasi deputati, Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi a'zosi Alisher Hamroyev kiritilayotgan o‘zgarishlarning mazmuni, ahamiyati va zaruratini izohlab berdi:  

– Ma'lumki, oxirgi vaqtlarda uchuvchisiz boshqariladigan qurilmalarni qo‘llash bilan bog‘liq havo hududidan ruxsatsiz foydalanish holatlari dunyo miqyosida ko‘paymoqda. Mazkur qurilmalarni masofadan turib uzoqda joylashgan operator boshqarishi mumkin. Shu bois, bunday holatlar parvozlar xavfsizligiga, alohida qo‘riqlanadigan obektlarning qo‘riqlash tizimiga, fuqarolar sog‘lig‘i va hayotiga, shu bilan birga, davlat xavfsizligiga  jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin. Bundan tashqari, xorijiy mamlakatlarda ushbu qurilmalarning odamlar yig‘ilgan joylarga qulab tushishi, aerodromlar hududlarida ruxsatsiz uchib havo kemalari bilan to‘qnashish holatlari insonlar o‘limiga sabab bo‘lishi ehtimoldan xoli emas.

Jinoyat kodeksiga kiritilayotgan yangi norma O‘zbekiston Respublikasining samoviy hududidan qonunga xilof ravishda (ruxsatsiz) foydalanishni cheklaydi. Ya'ni, havo hududidan sanksiyasiz foydalangan shaxslarning jinoiy va ma'muriy javobgarligini belgilash bo‘yicha milliy qonunchiligimizni to‘ldiradi. Ushbu loyihaning muhimligi shundaki, bizning amaldagi qonunchiligimizda shu kunga qadar uchuvchisiz boshqariladigan qurilmalar, havo kemalari va boshqa uchuvchisiz apparatlar parvozi, moddiy obektlarning samoviy hududdagi harakati bilan bog‘liq boshqa faoliyatni amalga oshirishda havo hududidan ruxsatsiz foydalanganlik uchun jinoiy va ma'muriy javobgarlik normalari mavjud emas edi.

Afsuski, yurtimizda bir qator hukumat qarorlari qabul qilinishiga qaramasdan, bu kabi qurilmalarni qo‘llash bilan bog‘liq havo hududidan ruxsatsiz foydalanish holatlari davom etmoqda. Endilikda O‘zbekiston Respublikasining samoviy hududidan qonunga xilof ravishda (ruxsatsiz) foydalanish, shu jumladan uchuvchisiz uchish apparatlari bilan foydalanish ma'muriy va jinoiy javobgarlikni keltirib chiqaradi. 

Ushbu qonun loyihasi fraksiyalar muhokamasidan so‘ng, palataning navbatdagi yalpi majlis kun tartibiga kiritiladi. 

 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid