Jahon | 14:10 / 26.04.2017
20824
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyaliklarning deyarli yarmi Medvedevning iste'fosi tarafdori

Foto: Reuters

Rossiyaliklarning deyarli yarmi, ya'ni 45 foiz respondent u yoki bu darajada Rossiya hukumati raisi Dmitriy Medvedevning iste'fosini qo‘llab-quvvatlaydi. Levada markazining aprel oyida o‘tkazgan so‘rovnomasi natijalari shundan dalolat bermoqda. 

7-10 aprel kunlari Levada markazi tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnomalarga ko‘ra, Medvedevning iste'fosi uchun "Aniq ha" javobini bergan respondentlar - 18 foiz, "ko‘proq ha" deya javob berganlar - 27 foizni tashkil qilgan. 

O‘tgan yilning may oyidan bosh vazirga bo‘lgan ishonch asta-sekinlik bilan pasaygan. So‘rovnomaga muvofiq, 2016 yilning mayida 14 foiz respondent bosh vazirga "to‘liq ishongan", dekabr oyida bu ko‘rsatkich 9 foizdan iborat bo‘lgan va joriy yilning aprel oyida atigi 3 foizni tashkil qilgan. Bu vaqt ichida Medvedevga nisbatan "ko‘pincha ishonardim" javobini berganlar soni 39 foizdan 30 foizga kamaygan. "Ko‘p hollarda ishonmayman" javobini berganlar soni esa o‘tgan yilning mayiga nisbatan 30 foizdan 33 foizga oshgan. Hukumat rahbariga "mutlaqo ishonmaydiganlar" soni 14 foizdan 19 foizga oshgan.

So‘nggi yillarda bosh vazirga nisbatan salbiy munosabatlar ko‘paymoqda. Medvedevning reytingi Korrupsiya bilan kurashuvchi fond asoschisi Aleksey Navalniy olib borgan tergov ishi hamda ichki iqtisodiy muammolarning o‘sishi natijasida pasayib ketdi, dedi Levada markazi sotsiologi Stepan Goncharov. 

Ta'kidlash joizki, 26 mart kuni Rossiyaning o‘nlab shaharlarida muxolifat Navalniy tomonidan e'lon qilingan norozilik namoyishlari o‘tkazildi. Namoyishlar aksilkorrupsiya shiorlari ostida o‘tdi. 

Mavzuga oid