Jamiyat | 19:29 / 26.04.2017
15862
2 daqiqa o‘qiladi

United Airlines samolyotida ulkan quyon nobud bo‘ldi

Oxirgi vaqt yo‘lovchilar bilan bog‘liq mojarolar markazida qolgan United Airlines aviakompaniyasi samolyotida noxush holat yuz berdi. Gap shundaki, kompaniya samolyotida ulkan quyon nobud bo‘ldi. Kompaniya xodimlari bu hodisani tergov qilishni boshlashdi, deb xabar bermoqda VVS telekanali.

Mahalliy OAV ma'lumotlariga ko‘ra, Saymon laqabli quyon Londondan Chikagoga parvozni amalga oshirayotgan samolyotning yuk bo‘limida manzilga kelgach o‘lik holda topilgan.  

Bo‘yi 90 sm ni tashkil qilgan quyon yangi egasiga – nomi sir saqlanayotgan mashhur bir insonnikiga yetkazilishi kerak bo‘lgan. Aviakompaniya xodimlari quyonning o‘limidan afsusda ekanliklari, ularning kompaniyasi tashiyotgan jonzotlari borasida g‘amxo‘rlik qilishini aytishdi. 

Ta'kidlanishicha, nobud bo‘lgan quyon dunyodagi eng katta quyonlardan biri – Dariy laqabli ulkan quyonning bolasi bo‘lgan.  

"Saymon parvozdan uch soat avval veterinar ko‘rigidan o‘tgandi, u a'lo darajada edi. Qandaydir g‘alati hodisa yuz bergan va men buni bilmoqchiman.. Men quyonlarni butun dunyo bo‘ylab jo‘nataman va avval bunday hodisa yuz bermagandi", deb aytdi quyonning egasi.

AQSh transport vazirligida ma'lum qilinishicha, 2015 yilda AQSh aviakompaniyalari tomonidan tashilish vaqtida 35 ta jonzot nobud bo‘lgan, ulardan 14 tasi aynan United Airlines samolyotlarida jon bergan. 

Mavzuga oid