Jahon | 19:41 / 01.05.2017
8610
2 daqiqa o‘qiladi

Yaponiyaning eng yirik harbiy kemasi AQSh kemalarini qo‘riqlaydi

Foto: Wikipedia/Yamada Taro

Yaponiya flotidagi eng katta, 28 ta vertolyotni tashiy oladigan "Idzumo" vertolyot tashuvchi kemasi 1 may kuni Yokosukadagi bazadan o‘zining birinchi safariga – Filippin sohillari tomon uch oylik safarga jo‘nadi. U Filippinga yo‘lda AQSh harbiy-dengiz kuchlarining Yapon dengiziga yo‘nalayotgan ta'minlovchi kemalarini himoya qilish operatsiyasini bajaradi. "Idzumo" AQSh kemalarini Sikoku oroligacha kuzatib boradi. Bu haqda NHK yapon telekompaniyasi ma'lum qildi. 

"Idzumo" kemasining uzunligi 248 metrni, suv sig‘imdorligi 27 ming tonnani tashkil qiladi. Kema safari davomida Janubi-Sharqiy Osiyoning bir qator davlatlari portlariga tashrif buyurishi rejalashtirilgan. 

AQSh ta'minlovchi kemalari "Karl Vinson" aviatashuvchi kemasi boshchiligidagi kemalar guruhiga yonilg‘i quyish uchun jalb qilingan. Eslatib o‘tamiz, "Karl Vinson" va Fransiyaning "Mistral" turidagi vertolyot tashuvchi kemasi aprel oxirida Tsusim bo‘g‘ozi orqali Yapon dengiziga kirgandi.

Avvalroq Shimoliy Koreya AQSh suv osti kemasini yo‘q qilish bilan tahdid qilgandi. Shimoliy Koreya matbuotida agar AQSh ig‘vogarliklar uyushtirsa, Janubiy Koreyaning Pusan portida joylashgan AQShning "Michigan" atom suv osti kemasini halokat kutayotgani haqida maqola paydo bo‘lgan. Maqolada "suv osti kemasi ayanchli yakun topib, suv sirtiga chiqa olmay, dengiz sharpasiga aylanishi" aytilgandi. 

2016 yilda Yaponiyada mamlakat qurolli kuchlari vakolatining kengaytirilishi haqidagi qonun kuchga kirgan. Yaponiya hukumati Ikkinchi jahon urushidan keyin ilk marotaba mamlakat harbiylariga ittifoqdosh davlatlarni himoya qilish uchun jangovar operatsiyalarda ishtirok etishga ruxsat bergan. 

Mavzuga oid