Jamiyat | 20:12 / 01.05.2017
14325
3 daqiqa o‘qiladi

Bosh va miya transplantatsiyasi: xayollar amalga oshadigan kunga yaqin qoldimi?

Odam boshini bir tanadan ikkinchisiga ko‘chirib o‘tkazishdek olamshumul maqsadini bildirgan italiyalik neyrojarroh Serjio Kanaveroni ko‘pchilik eslasa kerak. O‘sha bayonotdan keyin hech qanday yangilik ro‘y bergani yo‘q, biroq shu davr mobaynida janob Kanavero nafaqat boshni ko‘chirib o‘tkazish bo‘yicha operatsiyaga tayyorlangan, balki yanada keng qamrovli — bosh miyani ko‘chirib o‘tkazish imkoniyatlarini ham o‘rganib chiqqan.

Serjioning balandparvoz rejasidan tashqari, uning ilk mijozi ham o‘zgargan. Ilgari «orqa miya atrofiyasi» tashxisi bilan og‘rigan rossiyalik Valeriy Spiridonov uning birinchi mijozi bo‘lishi lozim edi, endi esa birinchilik xitoylik bemorga o‘tgan va uning ismi oshkor etilmayapti. Operatsiyaga tayyorgarlik ko‘rishda Serjioning xitoylik hamkasbi Shaopeng Reng yordam beradi, mijozni tanlash esa to‘g‘ri keladigan donor topilishiga bog‘liq.

Operatsiya o‘tkaziladigan joy ham o‘zgardi: ilgari bosh transplantatsiyasini Buyuk Britaniya yoki Germaniyada o‘tkazishni mo‘ljallashayotgan bo‘lishsa, endi operatsiya Harbin tibbiyot markazida amalga oshiriladigan bo‘lib turibdi. Garchi bu jarrohlik amaliyotining kelajakdagi muvaffaqiyati hanuzgacha xayolparastlik, deya baholanayotgan bo‘lsa-da, olimlar guruhi bir kalamushning boshini uchinchi bir jonivorning qon oqimidan foydalanib, ikkinchisiga ko‘chirib o‘tkazishga muvaffaq bo‘lishdi. Uchinchi kalamush yordamida jarrohlar kalamushlarni qon yo‘qotilishi va hipotermiya (sovib qolish)dan asrab qolishdi. Biroq donor kalamush og‘riqlarga duchor bo‘lgan.

Unikal operatsiya shu yilning dekabr oyiga mo‘ljallangan. Agar operatsiya muvaffaqiyatli tugasa, italyan jarrohi bosh miyani ko‘chirib o‘tkazish yo‘nalishida ish boshlaydi. Jarrohning aytishicha, bu boshni ko‘chirib o‘tkazishdan ham osonroq ish, chunki bu holatda barcha qon tomirlar, paylar, mushaklar va asab tolalari ko‘chirilmaydi. Boshqa bir tomondan, miya bilan boshqacha xarakterdagi muammo paydo bo‘lishi mumkin, masalan bosh miya tana «o‘zgargani»ga qanday munosabatda bo‘lishi noma'lum, boz ustiga o‘zga bosh chanog‘ining shakli ham boshqacha bo‘lishi turgan gap.

O‘z maqsadlari yo‘lida Serjio Kanavero o‘z tanasini ilm-fan yuksalgan kunlargacha muzlatib qo‘yishni bashorat qilgan insonlarning miyasidan foydalanmoqchi. Mutaxassisning fikricha, 2018 yilda muzlatib quyilgan insonlardan dastlabkilar hayotga qaytariladi.

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid