Putin va Merkel: Sochidagi uchrashuvda nimalar haqida so‘z bordi?
Rossiya prezidenti Vladimir Putin va GFR federal kansleri Angela Merkel birgalikdagi matbuot anjumanida Sochida o‘tkazilgan muzokaralar davomida tilga olingan asosiy mavzular haqida so‘zlab berishdi.
Bular — ikkitomonlama munosabatlar, terrorizmga qarshi kurashish, Yaqin Sharqdagi vaziyat va Minsk kelishuvining amalga oshirilishi kabi masalalardir.
Ikki tomonlama munosabatlar
Putin «ma'lum siyosiy qiyinchiliklar va global iqtisodiy kon'yunkturaning tabranishiga qaramasdan» Germaniya hamon Rossiyaning yetakchi iqtisodiy hamkorligicha qolayotganini ta'kidladi.
«Rossiya Germaniya Federativ Respublikasi bilan hamkorlikni o‘zaro foydali, hurmat, tenglik prinsipiga asoslanib, har ikki tomonning manfaatlarini hisobga olgan tartibga solishga harakat qilmoqda», — degan Rossiya davlat rahbari.
U mamlakatlar mahsulot aylanmasi hajmi oshganiga e'tibor qaratgan.
«Ikkitomonlama savdo borasidagi ishlar haqida gapirilsa, biz mahsulot aylanmasi oshganini chuqur qoniqish bilan qayd etmoqdamiz: joriy yilning yanvar–fevral oylarida uning hajmi 43 foizga o‘sgan. Qayd etishim kerakki, GFR Rossiya tabiiy gazining eng yirik xaridori hisoblanadi, Rossiyadan uzatilayotgan gaz nemis bozorining 35 foizini egallagan», — degan Rossiya prezidenti.
Rossiya va Germaniya hamkorligi istiqbollariga to‘xtalar ekan, Putin «hamkorlik — oddiy havoyi so‘zlar emas, uning ortida butun bir korxonalar va yuz minglab insonlar taqdiri yotadi, — degan. — Albatta, bizning o‘zaro hamkorligimiz jahon iqtisodiyoti barqarorlashuviga katta hissa qo‘shadi».
Merkel o‘z navbatida, Putin bilan muzokaralar «intensiv» ruhda o‘tayotganini ta'kidlab, Rossiyani «konstruktiv hamkor», deb atagan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Moskva va Berlin mavjud muammolarga qaramasdan, har doim muloqotda bo‘lib turishi kerak.
«Biz bir-birimiz bilan gaplashamiz, baribir bir-birimizni yaxshi tushunamiz, agar ko‘p yillik tarixga nazar tashlansa, baribir doimo muloqotda bo‘lib turishimiz zarur ekanligini anglaymiz, chunki har bir so‘zlashuv, har bir suhbat nimagadir o‘rgatishi mumkin», — degan Merkel.
Ukraina inqirozi
«Hozirgina tor tarkibda o‘tgan uchrashuvda Ukrainadagi jiddiy tashvish keltirib chiqarayotgan vaziyatni ham muhokama qildik. Biz Merkel xonim bilan «normand formati»ning boshqa a'zolari bilan doimiy aloqadamiz», — dedi Putin.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainada normand formati bo‘yicha ish davom ettiriladi. Bu holatda Moskva va Berlin Minsk kelishuvlarining og‘ishmay bajarilishi tarafdori.
«Tan olish kerak, bosh vazifa sifatida o‘t ochishni tugashiga sabab bo‘luvchi, mojaro tomonlarining kuchlari va vositalarini ajratish, Kiyev va tan olinmagan respublikalar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot o‘rnatish, hududlarning alohida statusini qonuniy yo‘l bilan belgilab qo‘yish va shu asosda u joylarda saylov o‘tkazish belgilangan edi», — dedi Rossiya yetakchisi.
Putin normand formati ish berayotganiga ishonchi komil ekanini ta'kidlab, «Kiyevdagi hokimiyat va tan olinmagan bu respublikalar vakillari bir muzokara stoli atrofida yig‘ilishi kerak»ligini aytib o‘tgan.
«Mojaroni ziddiyatlashayotgan taraflarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotisiz hal qilish mumkin emas», — degan Putin.
Merkelning qayd etishicha, Ukrainadagi sulh mamlakatdagi mojaroni tartibga solish uchun muhim ahamiyat kasb etadi. U shuningdek, Donbassda YeXHT patruli a'zosining o‘ldirilishiga ham sharh berib o‘tdi.
«YeXHTning ishi katta ahamiyatga ega va albatta, mojaroni bartaraf etish uchun jon kuydirayotgan insonlar shu mojaroning qurboni bo‘lishi juda qayg‘uli. Biz bu muammoni hal etish uchun barcha ishni amalga oshirishimiz kerak. Taassufki, katta siljish yo‘q... bizga sulh kerakligi, shundan so‘ng siyosiy qadamlar bosilishi haqida yana va yana takrorlashdan bo‘shamayapmiz… Sulh, albatta, katta ahamiyatga ega», — dedi kansler.
Merkel Rossiyadan sanksiyalar olib tashlanishidan umidvor ekanini bildirdi, buning uchun Ukraina bo‘yicha Minsk kelishuvlari amalga oshishi shart. Kantslerning so‘zlariga ko‘ra, bu vaziyatda Ukraindagi vaziyatni tartibga solish uchun yangi kelishuv imzolash maqsadga muvofiq emas.
«Albatta, bularning barchasi (inqirozni tartibga solish) kelajakdagi tartibga solishga yo‘naltirilgan Minsk siyosiy jarayoni bilan bog‘liq... Biz, albatta, Ukraina o‘z davlat chegarasiga to‘liq egalik qilishiga erishilishini istaymiz», — deya qo‘shimcha qilgan Merkel.
Suriyadagi vaziyat
Davlat rahbarlari Suriyadagi vaziyatni ham muhokama qilishdi.
Putinning qayd etishicha, Rossiya Xon-Shayxundagi voqealar to‘liq surishtirilishi tarafdori.
«Biz har qanday kimyoviy qurolning ishlatilishini qattiq qoralaymiz, tinch suriyaliklarning o‘limiga sababchi bo‘lganlar albatta topilishi va jazolanishi kerak. Biroq bu faqat astoydil va xolis o‘tkazilgan surishtiruvlardan so‘ng amalga oshirilishi lozim», — degan u.
Putin shuningdek, Suriya inqirozini tartibga solishda Rossiya va boshqa mamlakatlarning rolini izohlagan. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, faqat Suriya xalqi prezident Bashar Asadga eng katta ta'sir o‘tkazishi mumkin.
«Bizning vazifamiz birlashtirish, harbiy harakatlarni to‘xtatish, tomonlarning bir-birini qirishiga chek qo‘yish, barcha mojarolashayotgan tomonlarning siyosiy hamjihatlikka erishishi uchun sharoit yaratib berishdan iborat», — degan Putin.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu yo‘ldagi ilk qadam — o‘t ochishni to‘xtatish va Rossiya o‘zining turk va eronlik hamkorlari bilan Ostonada o‘ňgan jarayon davomida bunga erishgan.
Merkel o‘z navbatida, Suriyada sulh o‘rnatilishini yoqladi va terrorizmga qarshi kurashda Rossiya bilan jips hamkorlik qilish uchun tayyorligini bildirgan.
«Biz Suriyadagi vaziyat haqida ham suhbatlashdik. Men federal kansler sifatida sulhga erishish, insonlarga yordam berish uchun qo‘limizdan kelgan barcha imkoniyatlarni ishga solishni istashimizni ta'kidladim. Bu, menimcha, biz ergashishimiz mumkin bo‘lgan yondashuv», — degan kansler.
Mitinglar va AQShdagi saylovlar
Putin shuningdek, mitinglarda Rossiya tartibni saqlash organlarining xatti-harakatlari G‘arb tomonidan tanqidga uchrashanini ham izohlab o‘tgan.
Davlat rahbari organlar qonun doirasida harakat qilishgani va kelgusida ham shunday bo‘lib qolishini ta'kidladi.
«Men kanslerning e'tiborini mitinglarda namoyishchilarni tarqatish uchun ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va rezina tayoqlar ishlatiladigan ba'zi bir Yevropa davlatlaridagi hamkasblariga nisbatan Rossiya tartibni saqlash organlari o‘zlarini ancha bosiq va erkin tutishiga qaratdim. Bizda hanuzgacha bunday choralarga qo‘l urilmagan», — degan Putin.
Bundan tashqari, preziyent Rossiyaning AQShdagi saylovlarga ta'sir o‘tkazgani hech narsa bilan isbotlanmagan, Amerikadagi ichki siyosiy kurashlarda ishlatiladigan mish-mish ekaninini yana bir karra takrorlagan.
«Darhol ochiq joyda bunday mish-mishlardan Yevropa davlatlariga, xususan, biz bilan do‘stona munosabatda bo‘lgan Germaniyadek davlatga ta'sir o‘tkazishimiz mumkinligi haqida taxmin ilgari surayapsiz», — degan Putin Rossiyaning xorijiy davlatlardagi saylov jarayonlariga ta'sir o‘tkazishda ayblanishi haqidagi savolga javoban.
Putinning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya boshqa davlatlarning ichki siyosiy ishlariga aralashmaydi, biroq bunday urinishlarga o‘zida doim duch keladi.
«Taassufki biz mutlaqo qarama-qarshi vaziyatni kuzatishga majburmiz: uzoq yillar davomida Rossiyaning ichki siyosiy jarayonlariga ta'sir o‘tkazishga urinib kelishmoqda. Bu nodavlat tashkilotlar deb ataluvchi tashkilotlar orqali ham, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ham amalga oshirilmoqda», — degan Rossiya prezidenti.
Mavzuga oid
17:53 / 23.11.2024
AQSh razvedkasi Putinning xorijdagi muxoliflari o‘ldirilishiga oid maxfiy hujjatlarni qisman ochiqladi
16:33 / 23.11.2024
Merkel: Menda hech qachon Putin bo‘yicha illyuziyalar bo‘lmagan
12:21 / 23.11.2024
Putin: Rossiya jangda «Oreshnik» raketasini sinovdan o‘tkazishda davom etadi
23:44 / 22.11.2024