Jamiyat | 17:05 / 02.05.2017
15705
2 daqiqa o‘qiladi

"O‘zbekiston temir yo‘llari" 185 ta yangi ish o‘rnini tashkil qildi

Bugun, 2 may kuni Milliy matbuot markazida "O‘zbekiston temir yo‘llari" aksiyadorlik jamiyati (AJ)ning joriy yilning I chorak ijtimoiy-iqtisodiy faoliyati yakunlari va kelgusidagi rejalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda AJ rahbariyati vakillari, boshqarma boshliqlari, tarmoqning korxona va tashkilotlar mutaxassislari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi. 

Tadbirda ta'kidlanishicha, "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ tomonidan shu kunga qadar temir yo‘l sohasida belgilangan asosiy vazifalar bajarilgan. Jumladan, 2017 yilning I choragida AJ temir yo‘l stansiyalaridan 16,5 million tonna yuk ortilib, o‘z manziliga yetkazilgan. Shu bilan birga yo‘lovchi tashish ham o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 152,1 ming yo‘lovchiga ko‘payib, jami 5,1 million yo‘lovchi manziliga yetkazilgan. 

Shuningdek bu davrda Mahalliylashtirish dasturiga kiritilgan 46 ta loyiha bo‘yicha jami 12,91 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi, bu esa rejaga nisbatan 106 foizni tashkil qiladi. 

Hisobot davrida AJning sanoat korxonalarida qiyosiy narxlarda 91,3 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan. 

Bundan tashqari, ushbu davr mobaynida "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ tomonidan 185 ta yangi ish o‘rni tashkil qilindi. Bugungi kunda uning ishchilari soni qariyb 70 mingdan ziyodni tashkil etadi. 

Mavzuga oid