Jahon | 10:11 / 03.05.2017
4420
3 daqiqa o‘qiladi

Ostonada Suriya inqirozi bo‘yicha to‘rtinchi bosqich muzokaralar boshlanadi

Foto: ria.ru

Bugun 3 may kuni Qozog‘iston poytaxti Ostona shahri Suriya bo‘yicha ikki kunlik xalqaro muzokaralarga mezbonlik qiladi. Muzokaralar yopiq eshiklar ortida ikki tomonlama maslahatlashuvlar boshlanadi, deb xabar qilmoqda RIA Novosti. 

Eslatib o‘tamiz, Ostonada Suriya muammosiga bag‘ishlangan uch bosqich muzokaralar 23-24 yanvar, 15-16 fevral va 14-15 mart kunlari muvaffaqiyatli bo‘lib o‘tgandi. Ularning asosiy natijasi Suriyada o‘t ochishni to‘xtatishni monitoring qilish bo‘yicha qo‘shma operativ guruh nizomini kelishib olish bo‘ldi. 

May oyi muzokaralarining e'tiborli jihati qurollangan muxolifat vakillarining ishtirok etishi bo‘lishi lozim edi. Ular muzokaralarning uchinchi bosqichida ishtirok etishdan bosh tortishgan edi. RF va Qozog‘iston tashqi ishlar vazirliklari muxolifat vakillari to‘rtinchi bosqich muzokaralarda qatnashishiga umid bildirgandi. 

Qozog‘iston TIV ma'lumotlariga ko‘ra, Suriya qurollangan muxolifati delegatsiyasi Muhammad Allush yetakchiligida Ostonaga yetib kelgan. Delegatsiyadan 16ta turli guruhlar vakillari o‘rin olgan. Suriya hukumatining delegatsiyasi mamlakatning BMTdagi doimiy vakili Bashar Ja'fariy rahbarligida 1 may kuni kechqurun Ostonaga yetib kelgan. 

Shu bilan birga, yangi muzokaralarda AQShning kuzatuvchi maqomida qatnashish darajasi oshirilganini alohida ta'kidlash kerak. 

"AQSh delegatsiyasi rahbari sifatida ilk marotaba AQSh davlat kotibining Yaqin Sharq ishlari bo‘yicha yordamchisi Styuart Jons qatnashadi", — deyiladi Qozog‘iston TIV xabarida. 

Bulardan tashqari, Ostona muzokaralarida BMT bosh kotibining Suriya bo‘yicha maxsus elchisi Staffan de Mistura hamda Iordaniya tashqi ishlar vazirining siyosiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi  Nauaf Vasfi ham keladi. Iordaniya ham AQSh kabi kuzatuvchi maqomida. 

Qozog‘iston TIV xabariga ko‘ra, Suriyadagi sulh kafolatlari bo‘luvchi davlatlar o‘zlarining eng yuqori lavozimli vakillarini yuborishgan. Rossiya delegatsiyasiga prezident Putinning Suriya bo‘yicha maxsus vakili Aleksandr Lavrentev, Turkiya vakillariga tashqi ishlar vazirining Yaqin Sharq masalalari va Afrika bo‘yicha o‘rinbosari Sedat O‘nal, Eron delegatsiyasiga tashqi ishlar vazirining arab-afrika ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Husayn Jabariy Ansoriy rahbarlik qiladi. 

Suriya muxolifatidagi manbaning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya tomoni Suriyada keskinlikni pasaytirish bo‘yicha 4ta hudud tashkil etishni taklif etmoqda. Bular Idlib viloyati, Xoms shahridan shimoliy hududlar, Sharqiy Gute va mamlakat janubida shunday maxsus hududlar tashkil etilishi mumkin. 

Bundan tashqari, Rossiya loyihasida kafolat bo‘luvchi mamlakatlar harbiylarini jangovar harakatlarni to‘xtatishni kuzatish bo‘yicha yuborishga ruxsat berishni ko‘zda tutadi. 

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid