Jahon | 14:51 / 05.05.2017
14778
2 daqiqa o‘qiladi

Afg‘onistonlik talabalar O‘zbekistonda tahsil olish imkoniga ega bo‘ladi

Foto: Reuters

4 may kuni  Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi idorasida OAV vakillari ishtirokida matbuot anjumani tashkil etildi. Tadbirda ittifoqning O‘zbekistondagi delegatsiyasi rahbari Eduards Stiprays ishtirok etdi. 

Anjumanda elchi O‘zbekiston hukumati bilan siyosiy munosabatlar jadal sur'atlarda o‘sib borayotganini alohida qayd etdi. Shuningdek, O‘zbekiston, YeI hamda Afg‘oniston o‘rtasidagi uch tomonlama hamkorlik rejalariga ham atroflicha to‘xtalib o‘tdi. 

«4-5 oktabr kunlari Bryusselda Afg‘onistonga bag‘ishlangan anjuman chog‘ida O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov mamlakatning iqtisodiy tiklanishiga yordam berishi va qo‘shni davlatga xavf sifatida emas, balki salohiyatli hamkordek qarashini bildirgan edi. O‘zbekiston tomonidan yaqinda ma'lum qilingan yana bir loyiha -  afg‘onistonlik talabalarga O‘zbekistonda ta'lim olishlari uchun imkon yaratishdir. Endilikda Afg‘oniston yoshlari O‘zbekistonda tahsil olib, bilim va malakalarini oshirishlari mumkin bo‘ladi», - deya qayd etgan Stiprays.

YeI delegatsiyasi rahbari mazkur loyiha kelgusidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishini aytib o‘tdi.

Ma'lumot uchun, Bryusseldagi anjuman yakunidan so‘ng, Afg‘onistonni iqtisodiy va siyosiy qo‘llab-quvvatlash uchun mamlakatga 2017-2020 yillarda 13.6 mlrd yevro ajratish bo‘yicha bitim imzolangan.

Феруза Авазова
Tayyorlagan Феруза Авазова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid