Jamiyat | 10:00 / 06.05.2017
20660
3 daqiqa o‘qiladi

“Soxta” stomatolog fosh etildi

Foto: Stomclinicplus.ru

Xonqalik Jasur Sobirov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) tish davolash xususiy korxonasi tashkil qilib, 2015 yil 22 iyulda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligidan litsenziya olgan, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

O‘zi “ortopedik stomatologiya” yo‘nalishi bo‘yicha o‘rta maxsus ma'lumotlar egaligi, tishi og‘rigan bemorlarga stomatologik xizmat ko‘rsatish vakolatiga ega bo‘lmaganligi tufayli, vrach-stomatolog N.Azizovani go‘yoki xususiy muassasada faoliyat yuritadi, qabilida ko‘rsatish uchun uni rasman ishga olgan va statistik, soliq hisobotlarida bu qayd qilib kelingan. Amalda esa N.Azizova tibbiyot muassasasiga oyda bir yoki ikki marta tashrif buyurardi, xolos. Bemorlarni esa J.Sobirovning o‘zi davolab kelardi.

Xalqimizda “misi chiqdi”, degan ibora bor. Bu soxtalik bir kuni fosh qilinishidan dalolatdir. J.Sobirovning ham vakolati bo‘lmagan, bilimi yetmagan faoliyat bilan shug‘ullanishi o‘zining salbiy ta'sirini ko‘rsatdi. Uning huzuriga tashrif buyurgan bemor S.Sapayeva keyinchalik olti oy davomida bosh va tish og‘rig‘idan aziyat chekishga, uzluksiz ravishda og‘riq qoldiruvchi dorilar qabul qilishga majbur bo‘ldi. Oxir-oqibat, oliy ma'lumotli vrach-stomatolog huzuriga borganida, shifokor unga tishi umuman yaroqsiz ahvolga kelib qolganligi, uni faqat sug‘urib tashlash mumkinligini aytdi. Tishini sug‘urib olgach esa, tish ostida igna sinig‘i qolib ketganligini ko‘rgan shifokor unga huquq-tartibot idoralariga murojaat qilishni tavsiya qildi. Andishaga borib, S.Sapayeva shikoyat yozishni lozim topmadi. Biroq malakali vrach tomonidan yozilgan va taqdim qilingan ambulator xulosalari huquq-tartibot xodimlarini ushbu holatga jiddiy yondashishga undadi. J.Sobirovga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi va tergov jarayonida holat atroflicha o‘rganildi, tahlil qilindi.

Sud hukmi bilan J.Sobirov tegishli jazoga tortildi va muayyan huquqlardan mahrum qilindi.  

 

Mavzuga oid