Sport | 17:17 / 06.05.2017
8496
6 daqiqa o‘qiladi

Venger vs Mourino. Haftaning o‘tkazib yuborish mumkin bo‘lmagan beshta uchrashuvi

Yevropaning kuchli beshlik chempionatlarida kurash eng avj pallasiga chiqdi. Mavsum tugashi arafasida bir qator hal qiluvchi bahslar shu haftaga to‘g‘ri kelgan. Tribuna.Uz shunday uchrashuvlarning beshtasini haqida hikoya qiladi.

Barselona - Vilyarreal (6 may, 21:30, UzReport).

Chempionlik uchun kurashni davom ettirayotgan «Barselona» bu turda chempionatning so‘nggi qismidagi eng jiddiy raqibga qarshi maydonga chiqadi. «Vilyarreal» uchun bu YeChL yo‘llanmasi uchun so‘nggi imkoniyat sanaladi. Agar jamoa ochko yo‘qotgan taqdirda faqatgina Yevropa ligasi haqida o‘ylashi mumkin bo‘ladi.

Ikki jamoa o‘rtasidagi so‘nggi ikki uchrashuv «Vilyarreal»da bo‘lib o‘tgan bo‘lib, ikkalasida ham durang qayd etilgan. Kataloniyadagi so‘nggi beshta uchrashuvda esa faqat «Barselona»ning qo‘li baland kelgan. «Vilyarreal» so‘nggi marta 9 yil oldin, 2008 yilning martida «Barselona» uyidan g‘alaba bilan qaytgandi.

«Borussiya» Dortmund - «Hoffenhaym» (6 may, 18:30, Match! Futbol 3)

Bundesligada qolgan yagona intriga — uchinchi o‘rin uchun kurash aynan ikki jamoa o‘rtasida kechmoqda. «Hoffenhaym» so‘nggi turlardagi muvaffaqiyat sabab, dortmundliklarni quvib o‘tishga muvaffaq bo‘lgan, Tuxel jamoasi o‘z o‘rnini qaytarib olishi uchun «Signal Iduna Park»da g‘alaba qozonishi kerak bo‘ladi.

Ikki jamoa shu kunga qadar bundesliga doirasida 17 marta to‘qnash kelgan bo‘lib, «Borussiya» ularning oltitasida g‘alaba qozongan. «Hoffenhaym»da 4ta g‘alaba, 7 uchrashuvda durang qayd etilgan. Dortmundda kechgan 8 uchrashuvning 4tasida «Borussiya» g‘alaba qozongan. Uchta uchrashuvda durang qayd etilgan. «Hoffenhaym»ning Dortmunddagi yagona g‘alabasi 4 yil muqaddam (2:1) qayd etilgan. «Signal Iduna»dagi so‘nggi uch uchrashuvdan buyon faqat «Borussiya» g‘alaba qozonmoqda.

«Arsenal» - «Manchester Yunayted» (7 may, 20:00, UzReport, Match! Futbol 1)

Yevropa chempionlar ligasi uchun kurash olib borayotgan ikki jamoa o‘rtasidagi bahs ko‘p masalaga oydinlik kiritib berishi lozim. Hozirda «Manchester Yunayted» raqibidan bitta uchrashuv ko‘p o‘tkazgan holda, 5 ochko ko‘proq to‘plab, turnir jadvalida 5-o‘rinda bormoqda. «Arsenal» esa 6-o‘rinda. Venger jamoasi 4-o‘ringa qaytishi uchun o‘z uyida kechgan uchrashuvda g‘alaba qozonishi talab etiladi. «Manchester Yunayted» 25 o‘yindan buyon mag‘lubiyatga uchramayotganini hisobga olsak, bu ishni bajarish londonliklar uchun oson bo‘lmaydi.

Ikki jamoa o‘rtasidagi Londonda kechgan so‘nggi besh uchrashuvning faqat bittasida «Arsenal» g‘alaba qozona olgan. U ham o‘tgan yilgi mavsum boshida kuzatilgandi. Ungacha jamoa 4 yil davomida «Emireyts»da g‘alaba qozona olmagandi.

«Milan» - «Roma» (7 may, 23:45, Sport, Match! Futbol 2)

So‘nggi turlarni muvaffaqiyatsiz o‘tkazgan ikki jamoa o‘ziga kelib olishi uchun bu uchrashuvni muvaffaqiyatli o‘tkazishi talab etiladi. «Roma» YeChLga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanma beruvchi o‘rinni qaytarib olishni istayotgan bo‘lsa, «Milan» ketma-ket ikkinchi mavsum yevrokuboklarsiz qolib ketmaslik uchun ham kurashishi kerak bo‘ladi. Bu jamoaning Yevropa ligasi zonasi uchun kurashish imkoniyatini beruvchi so‘nggi imkoniyat sanaladi.

«Milan» 2012 yildan buyon o‘z uyida o‘tkazgan 4 uchrashuvda faqat bir marta «Roma»ni mag‘lubiyatga uchrata olgan xolos. Umuman olganda jamoa «Milan»da kechgan so‘nggi 10ta uchrashuvning faqat uchtasida g‘alaba qozonishning uddasidan chiqqan.

«Marsel»  - «Nitstsa» (7 may, 23:59, Match! Futbol 1)

«PSJ» ustidan qozonilgan g‘alabadan keyin «Nitstsa»da o‘ziga bo‘lgan ishonch ortdi. Jamoa chempionlik uchun deyarli imkoniyati qolmagan bo‘lsada, YeChL guruh bosqichiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanma olish uchun yaxshi imkoniyatlarini saqlab qolmoqda. Bu yo‘lda ularning raqibi Yevropa ligasi yo‘llanmasi uchun kurashayotgan «Marsel» jamoasi bo‘ladi.Ikki jamoa ishtirokidagi so‘nggi to‘rt uchrashuvdan buyon «Marsel» g‘alaba qozona olmay kelmoqda. O‘tgan yilgi mavsumda jamoa «Velodrom»da «Nitstsa»ga 0:1 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ygandi. Marselda kechgan so‘nggi beshta uchrashuvning (barcha musobaqalarni qo‘shib hisoblaganda) faqat bittasida «Marsel» g‘alaba qozona olgan xolos.

Mavzuga oid