Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Portugaliyada raqiblar «tarixdagi eng qo‘pol jamoa»ga qarshi maydonga chiqishga qo‘rqmoqda
Portugaliyadagi havaskor «Kanelas 2010» jamoasi texnik g‘alabalar seriyasi evaziga uchinchi divizionga chiqish imkoniyatiga ega bo‘ldi: raqiblar bu jamoaga qarshi o‘ynashdan shunchaki qo‘rqishmoqda. 2016 yilda nashrlar bu jamoani «tarixdagi eng qo‘pol jamoa» deb atadi, 2017 yilning may oyi boshida esa bu jamoa futbolchilaridan biri hakamning yuziga tizzasi bilan zarba bergani tufayli 4,5 yilga diskvalifikatsiya qilindi. Ushbu klub atrofidagi vaziyat haqida The New York Times nashri atroflicha yozdi.
«Kanelas 2010» Portugaliyadagi to‘rtinchi divizionda ishtirok etadi. «Kanelas 2010» bu mavsumda 26 o‘yindan 24tasida g‘alaba qayd etib birinchi o‘rinni egalladi. Endi jamoa uchinchi divizionda ishtirok etish uchun o‘tish guruhida qatnashmoqda.
Qayd etilgan 24 g‘alabadan 16tasi texnik g‘alabalar hisoblanib, raqiblar bu uchrashuvlarda ishtirok etishdan bosh tortishgach, ularga 0:3 hisoblaridagi mag‘lubiyatlar yozilgan. Jamoaning bunday g‘alabali seriyasi o‘tgan yilning oktabrida boshlangan va 10ta o‘yin shunday o‘tgan. Shu yilning yanvarida «Kanelas 2010» «Kandal» klubiga qarshi o‘z maydonida o‘ynadi va yutqazdi. Shundan keyin yana 6ta o‘yinda raqiblar maydonga tushishmadi.
O‘tgan yil dekabrida jahondagi nashrlar ushbu jamoani mashhur qilib yubordi. «Kanelas 2010» futbolchilari raqiblar oyog‘iga ikkilanmasdan tashlanishi tasvirlangan videolar keng tarqaldi.
«Kanelas 2010»ga raqib bo‘lgan futbolchilar va bu jamoa o‘yinlarida ishlagan hakamlarga o‘z nomlarini sir qoldirgan holda «Biz sizning oila a'zolaringiz qayerda yashashini bilamiz» qabilidagi tahdidlar qilingan.
Liga tomonidan o‘yinlardan bosh tortgan jamoalarga 750 yevrolik jarimalar qo‘llanishi foyda bermagan. «Grijo» klubi prezidenti Manuel Gomish «Kanelas 2010» futbolchilari raqiblarni qo‘rqitishi tufayli shunday chora qabul qilinayotganini ma'lum qilgan.
«Kanelas 2010» tarkibi asosan «Portu» fanatlaridan iborat hisoblanadi. Ular «Super drakonlar» (Super Dragões) guruhi vakillari bo‘lib, The New York Times bu guruhni «Portu»ning eng ashaddiy ultrasi deb atagan. Jamoani Maymun laqabli Fernandu Madureyra — «Drakonlar» guruhi rahbari boshqaradi.
2017 yilning aprelida The New York Times jurnalisti Madureyra bilan Portudagi stadionda uchrashadi; u Madureyrani charm kurtka kiygan, sirg‘a taqqan o‘rta yoshlardagi erkak sifatida tasvirlagan.
U yoshligida professional darajada futbol bilan shug‘ullangan, o‘zining so‘zlariga ko‘ra «o‘rta saviyali futbolchi» bo‘lgan, faoliyatini yakunlagach esa o‘zini fanatlar harakatiga bag‘ishlagan. 2012 yilda u ultrasning boshqa a'zolari bilan birgalikda «Kanelas 2010» jamoasiga asos solgan.
Madureyraning so‘zlariga ko‘ra, «Super Drakonlar» guruhida «yaxshi odamlar» ham, «narkosavdogarlar va qotillar» ham bor. Uning qayd etishicha, ultras vakillari «Kanelas 2010» tarkibida avvaldan o‘ynab kelishgan, ammo jamoalarning boykot qilish holatlari faqat shu mavsumda kuzatila boshlandi. Ular bungacha ham 7 o‘yindan 6tasida g‘alaba qozonishgandi. U o‘z klubiga qarshi kampaniyani raqiblarning moddiy manfaatlariga bog‘lagan.
Jamoa sardori o‘z jamoasining shafqatsizligi borasidagi fikrlarni inkor etadi. «Biz shafqatsiz jamoa emasmiz. Biz hamma qatori o‘ynaymiz: shunchaki yutqazishni istamaymiz, ko‘p yuguramiz, to‘p uchun kurashamiz va borimizni maydonga tashlaymiz», — degan u. Internetda tarqalgan videolar bo‘yicha munosabat bildirar ekan, u bu «ikki yil avvalgi o‘yindan parchalar» ekanini iddao qilgan.
Madureyra bu mavsumda jamoa futbolchilari kam jazolanganini qo‘shimcha qilib o‘tgan — 4ta sariq va bitta qizil kartochka.
Qizil kartochka olgan futbolchi — Marku Gonsalvesh. U hakamning yuziga tizzasi bilan zarba bergach maydondan chetlatilgan, (u keyinroq klubdan ham haydalgan va 4,5 yil muddatga futboldan diskvalifikatsiya qilingan).
Ligaga chiqish uchun kurashayotgan 6 jamoadan iborat guruhda «Kanelas 2010» 6 o‘yindan keyin 3 g‘alaba va bir durang qayd etgan holda uchinchi o‘rinda bormoqda. Turnir g‘olibi iyun oyida ma'lum bo‘ladi.