Bir kapitan taassuroti: tungi «manzaralar»
Kun ham botdi. Kimgadir yaxshilik ulashdim, kimningdir muammosini hal qildim, yana kimlarningdir ko‘ngliga bilib-bilmay ozor yetkazdim. Ortda qolgan yana bir kunni sarhisob qilib, ish va turmush o‘ylovlaridan bir muddat beixtiyor chekinib, firdavsmonand shahrimizning so‘lim va fayzli ko‘chalarini yolg‘iz sayr etishni ko‘nglim istadi.
Buxoro. Sening har bir qarich yering, bahavo bog‘laring, ne-ne buyuk siymolarning ruhi poki qovushgan tuprog‘ing, jahon ahli ko‘rishga orzumand bo‘lgan ko‘hna obida-yu qadamjolaring, men uchun aziz.
Ko‘hna va boqiy ona shaharning obod ko‘chalaridan bormoqdaman. Odam gavjum. Kimdir ishidan qaytmoqda, kimdir farzandini yetaklab sayrga olib chiqqan, ravon ko‘chalarda mashinalar serqatnov, ahyon-ahyondan to‘y-tantana va xursandchilik ovozlari quloqqa chalinadi. Bularning bari, Alloh nazari tushgan o‘lkamizda tinchlik va osoyishtalik hukmronligidan darak.
Bugun xalqimiz to‘q, turmushimiz farovon, dasturxonlarimiz to‘kin, eng asosiysi, ko‘nglimiz xotirjam. Shu xotirjamlikka berilib, ajdodlarimiz qadrlagan va e'zozlagan ibo-hayo, rashk, or-nomus kabi oliy tushunchalar ustidan tepkilab o‘tmayapmizmi? Hatto, ayrimlarimiz bunaqa tuyg‘ularning borligini ham tan olgimiz kelmaydi. Go‘yoki, mustaqil mamlakatning erkin fuqarolarimiz-u, ko‘nglimiz tusagan ishni va xohishni bajaraveramiz. Shu zaylda oramizda unib-o‘sayotgan tubanlik, behayolik, «zamonaviylik» tobora ildiz otib boraveradi. Ularning payini qirqish, tag-tomiri bilan yo‘q qilish o‘rniga, sug‘oramiz, farzandlarimiz uchun «o‘rnak» bo‘lamiz.
Shunday jannatmakon yurtimizda farzandlarimizning kelajagi, ularning kamoli yo‘lida barcha shart-sharoitlar yaratilgan-u, nega bizning o‘zimiz ularning taqdiriga befarqmiz, nega o‘spirin yigitlarimiz va endigina bo‘yi yetib qolgan qizlarimizning tarbiyasiga, ular bugun nima ish bilan mashg‘ul ekanligiga panja ortidan qaraymiz...
Vaqt allamahal bo‘libdi hamki, men fayzli ko‘chalarni kezishda davom etmoqdaman. Yo‘l chetidan xayol surib ketar chog‘im oq rangli «Neksiya» avtomashinasi yonimga kelib to‘xtadi. Mashina oynasi xiyol tushurildi-yu, ichkaridan menga qarata, «Ey bratan, Gulliver kafesi qayerda», degan savol berildi. Ular so‘ragan kafe shu ko‘chada joylashganligi uchun «Yana 50 metr yurasizlar», deb javob berdim.
Avtomashina salonida taxminan 7 nafar o‘spirin, ular orasida 4 nafar yoshgina qiz bor edi. Avtomashinaning xiyol tushurilgan oynasidan burqsib chiqayotgan tamaki tutunidan, «bu mashina emas tandirxonaga o‘xshaydi, undagi o‘spirinlar shu tandirga solingan o‘tin kabidir», degan xulosaga kelasan kishi. Yoshlar o‘ta «madaniyatli» ekanlarki, ulardan na «salom»ni, na «rahmat»ni eshitdim. Taxminan 50 metr chiqadigan masofaga avtomashina o‘qday uchib bordi go‘yo.
«Gulliver» kafesi oldida tumonat odam. O‘spirin yigitchalar hali endigina hayotga qadam boshlash arafasida, lekin ular huddi dunyoni qo‘lga olgandek bir qo‘lda sigareta, ikkinch qo‘li «jononi»ning yelkasida. Hali bo‘yi yetilib ulgurmagan qizlar ham ochiq-sochiq kiyingan, bo‘yanishdaku bir-ikki «model»larni ortda qoldiradi. Atrofda o‘zining shu kechalik juftini qidirib kelgan yigitchalar esa, yuzini chaplab, labini bo‘yab, o‘zini bozorga solayotgan «qiz»larga gap otish bilan ovora.
Shu manzaraning guvohi bo‘layotib, telefon orqali onasi bilan gaplashayotgan bir qizning so‘zlari qulog‘imga chalindi: «Onajon, yotoqxonadaman, kursdoshlarimdan birining tug‘ilgan kunini nishonlayapmiz, havotir olmang, ha, o‘qishlarim yaxshi, ertaga uyga borolmasam kerak, Nargiz dugonamning uyida qolaman, u bilan imtihonlarga tayyorlanamiz, mayli uydagilarga salom ayting», deb telefon tugmasini bosdi-yu, yonida sochlarini qizlardek o‘stirib, tinmay sigareta tutatib, saqich chaynab turgan yigitchaga qarab, «mamashkani aldadim jonim, ishondilar, bo‘ldi, endi ertalabgacha siz bilan qolaman asalim», deya uni quchoqlab kafega kirib ketdi.
Onaizor o‘zi yemay, o‘zi ichmay, qizim o‘qisin, o‘z o‘rnini topsin deb, ne-ne orzu umidlar bilan kechalari voyaga yetgan qizidan havotir olib, uning baxtini, kamolini ko‘rish ilinjida duolar qilib, tunlari uxlamay chiqsa-yu, qiz sho‘rlik yoshlik davrini tungi klublarda, ko‘ngilxushliklarda o‘tkazish bilan ovora. Bu holat har bir ota-ona uchun achinarli, albatta! Qarangki, dunyoga keltirib, oq yuvib-tarab, zavol ko‘rmay o‘sib ulg‘aysin, deb qo‘llab turgan farzand, endigina tanishgan begona bir yigitning ko‘z o‘ngida ota-onasini aldab tursa, yigitchaning ham og‘zi qulog‘ida, «bir ko‘rishda sizni sevib qoldim, sizga uylanaman jonim», deb, nechanchi qizga sevgi izhor qilayotganini o‘zi ham bilmaydi...
...Bir oz muddat shu «go‘sha»da «zamonaviylik» ruhi va kayfiyati balan o‘yin kulgi qilib turgan yoshlarni kuzatdim. Kafedan chiqib bir-biri bilan kelisholmay, nimalar ustida bahslashib turgan o‘spirin yigit va qizga ko‘zim tushdi. Ularning bir-birini ayamay aytayotgan haqoratli so‘zlari qulog‘imga chalindi. Diqqat bilan quloq soldim.
Yigit qizga qarata «men sen uchun shuncha xarajat qilib, kafega olib keldim, birga o‘tirib men bilan yeb ichding, hammasini pulini o‘zim to‘ladim, nima uchun men bilan emas, boshqa yigit bilan ketyapsan», deb turganida, unga javoban qiz «men o‘zimga yoqqan yigit bilan ketaman, sen bilan o‘tirganim uchun menga rahmat deyishing kerak», dedi-yu, uni nariroqda kutib turgan «Lasetti» avtomashinasiga o‘tirib ketib qoldi. Yigit esa, cho‘ntagidan yana bir sigaretani olib, uni yoqish uchun gugurt topolmay, kafe tomon bir nigoh tashladida, asabiylashgan holda yo‘lga tushdi...
Bu «manzaralar»ning guvohi bo‘layotib, nogahon tinchim buzildi, ko‘nglim behuzur bo‘ldi. Uyim tomon oshiqdim. Eshikdan kirayotib, mening kelganimni payqagan qizimning, «dadajonim keldilar», degan ovozini eshitdim. Men tomon yugurib kelib quchog‘imga o‘zini otgan qizimni quchoqlash, erkalash o‘rniga, undan beixtiyor «onang uydami qizim», deb so‘rabman. Endigina 7 yoshni qarshilagan qizim esa, «yo‘q, onam hali ishdan kelmadilar», deb hazillashib meni aldashga uringanidan so‘ng rangimda rang qolmadi, «dadajon qo‘rqib ketdingizmi, onam bilan ovqatlanmay sizni kutib turibmiz», deyishi bilanoq, yuz-qo‘limni ham yuvishni unutib, dasturxonga oshiqibman.
Baxtiyor Rahmatov
kapitan, Buxoro viloyati IIB
Mavzuga oid
20:48 / 09.10.2024
Buxoroning yangi aeroporti soatiga 8 ta samolyotga xizmat ko‘rsatadi
13:45 / 09.10.2024
Buxoroda bolalar o‘limiga sababchi bo‘lgan avtobus haydovchisiga hukm o‘qildi
22:36 / 26.09.2024
Chirchiq daryosining 6 km qismida dam olish hududi barpo etiladi
07:50 / 21.09.2024