Jahon | 08:15 / 10.05.2017
4022
2 daqiqa o‘qiladi

Venesueladagi namoyishlarda 44 kishi halok bo‘ldi

Foto: Reuters

Venesuelada aprel oyi boshidan beri 940ta hukumatga qarshi norozilik namoyishlari tashkil etildi. "Ijtimoiy ziddiyatni kuzatish markazi" (OVCS) nohukumat tashkiloti ma'lumotlariga ko‘ra, ko‘chalarda tashkil etilgan zo‘ravonliklarda 44 kishi halok bo‘lgan. 

"OVCS  joriy yil 1 aprelidan 7 mayigacha 946 ta norozilik namoyishini ro‘yxatdan o‘tkazdi, 44 kishi hayotdan ko‘z yumdi, - deyiladi tashkilot bayonotida. – Bosh prokuratura 36 kishining o‘lganini tan oldi". Nohukumat tashkilotining ma'lum qilishicha, eng yirik namoyishlar mamlakat poytaxti Karakasda, shuningdek, Aragua, Karabobo, Lara va Miranda shtatlarida o‘tkazilgan. "Venesuela jinoiy forumi"ga ko‘ra, ushlanganlar soni 1,7 ming kishidan ortib ketgan.

Venesuelada keng qamrovli norozilik namoyishlariga mamlakat Oliy sudining prezident Nikolas Maduro vakolatlarini kengaytirgani va parlament ruxsatisiz siyosat yuritishga ruxsat bergani sabab bo‘ldi. Bundan tashqari, u Milliy assambleya (parlament) vakolatlarini o‘z zimmasiga olgan edi. Keyinchalik, Oliy sud mamlakat xavfsizlik kengashi chaqirig‘iga rioya qilgan holda parlament vakolatlariga doir qarorini bekor qildi. 

Vaziyatning yomonlashuviga prezident Maduroning davlat boshqaruvi tizimini isloh qila oladigan hamda asosiy qonunga o‘zgartirish kirita oladigan Konstitutsiyaviy assambleyani tashkil etishga qaror qilgani sabab bo‘ldi. Ushbu davlat organini tashkil etish muddatlari va ovoz berish jarayoniga doir boshqa tafsilotlar hozircha ma'lum emas. Shunga qaramay, davlat rahbarining siyosiy raqiblari assambleya ishida ishtirok etishdan bosh tortishdi. 

Mintaqaning qator mamlakatlari – Argentina, Braziliya, Gvatemala, Honduras, Kolumbiya, Kosta-Rika, Meksika va Paragvay hukumatlari "noroziliklar tashkil etgan fuqarolarga nisbatan haddan ortiq kuch ishlatgani uchun" Venesuela hukumati harakatlarini qoralagan edi.

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid