Jamiyat | 21:14 / 12.05.2017
166526
9 daqiqa o‘qiladi

Rossiyaning ahvoli shu: o‘zbeklarsiz ular 2025 yilgacha yashay olmaydi

Yosh yigit, millati o‘zbek yoki tojik, ma'lumoti o‘rta, qurilishda ishlaydi — tadqiqotlar mehnat migrantining portretini ana shunday tasvirlaydi. Yaqin yillar ichida esa Rossiya bunday insonlarsiz yashay olmaydi, deb hisoblaydi RF prezidenti huzuridagi Rossiya xalq xo‘jaligi va davlat xizmati akademiyasi ijtimoiy tahlil va prognozlash instituti katta ilmiy xodimi, geograf va demograf Yuliya Florinskaya.

Migrant portreti

O‘n holatdan yettitasida mehnat migranti Markaziy Osiyodan — O‘zbekiston, Tojikiston yoki Qirg‘izistondan Rossiyaga kelgan bo‘lib chiqadi. Tanlanma so‘rovlarga ko‘ra, ularning orasida mahalliy millat vakillari ko‘pchilikni tashkil etadi va rus millatiga mansublar 10 foizdan kam.

Migrantlarning aksariyati — erkak. Rasmiy statistikaga ko‘ra, 2015 yilda ayollar ulushi 20 foiz atrofida bo‘lgan. Biroq, ko‘plab tadqiqotchilar fikricha, noqonuniy migrantlar hisobga olinsa, ularning soni ko‘proq va so‘nggi yillarda 30–35 foizga yetmoqda. Rasmiy statistikaning ayollarni hisobga olmasligi ularning ishga joylashish xususiyati bilan bog‘liq — ayollar ko‘pincha rasmiy qayddan o‘tmasdan noformal sektorda, masalan, odamlarning uyida ish olib borishadi (chunki politsiyachilar ularni ko‘p ham tekshirib o‘tirishmaydi). 

Mehnat migrantlari borgan sari yosharmoqda: agar 2000 yilda 18–29 yoshli insonlarning ulushi chorak qismga teng bo‘lgan bo‘lsa, 2015 yilga kelib ular 45 foizni tashkil etishmoqda. 

Xorijiy ishchilar ko‘p ta'lim olishmagan — ularning 40 foizi kasbiy ta'limni o‘qishmagan (na oliy, na o‘rta maxsus). Rossiyaga ko‘pincha unchalik katta bo‘lmagan shaharcha va qishloqlardan odamlar kelishadi (oqimning yarmisidan to‘rtdan uch qismigacha). Ishlash uchun oilaviy kelayotgan migrantlarning soni ham birmuncha oshgan: masalan, ularning uchdan bir qismi o‘zi bilan eri yoki xotinini ham qo‘shib olib kelishadi (ayollar o‘rtasida eri bilan birga kelganlar 50 foizdan ko‘proq); farzandlarini oilalarning faqat 10 foizi olib kelishadi. Farzandlari bilan kelganlarning aksariyati — 80 foizi to‘liq oilalardir, ular yaxshi ta'minlangan, ta'lim olishgan, rus tilini yaxshi bilishadi va Rossiyaga butunlay yashash uchun ko‘chib o‘tishni maqsad qilishgan.

Migrantlar rus tilini yaxshi o‘zlashtirishmagan, biroq bu borada hozircha falokat kuzatilayotgani yo‘q. Ularning 20 foizi rus tilini juda yomon bilishadi yoki umuman bilishmaydi, Rossiyada o‘z ona tilida gaplashadi, ish vaqtida so‘zlashuvda qiyinchiliklarga duch keladi. Migrantlarning uchdan biri do‘kon, dorixonalarga borganda til muammosiga duchor bo‘lishadi; teng yarmi hujjatlarni to‘ldirishda qiyinchiliklarga duch kelishadi. Lekin rus tilini o‘zlashtirish uchun asosiy kanal baribir ish joyi hisoblanadi — migrantlarning aksariyati ishda baribir ruscha muomala qilishadi.

Keyingi paytda o‘rnashib qolgan fikrlarga ters o‘laroq, mehnat migratsiyasi tobora uzoq muddatli loyihaligicha qolmoqda: migratsion statistikaga ko‘ra, 2015 yilda migrantlarning uchdan biri Rossiyada bir yildan ziyod qolgan, beshdan biri — yarim yildan bir yilgacha. Migratsion tadqiqotlar markazi tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnomaga ko‘ra, so‘ralganlarning 60 foizi uzoq muddatli migratsion strategiyani maqsad qilishgan, bu holda 40 foiz odam Rossiyada yilning ko‘p qismini o‘tkazib, uyiga bir–uch oyga ta'tilga borib kelishini, 35 foiz odam esa — Rossiyada doimiy yashayotganini bildirib o‘tgan. Migrantlarning so‘nggi toifasi fakt jihatidan, allaqachon Rossiya aholisi vakili hisoblanadi.

Migrantlar qayerda va kim bo‘lib ishlaydi?

Mehnat migratsiyasi eng cho‘qqisga chiqqan 2014 yilda ham (71, 5 million kishilik) Rossiya mehnat bozorida band bo‘lgan xorijliklar ulushi 10 foizdan oshmagan edi, hozirga kelib u 7–8 foiz atrofida. Bu taxminan Norvegiya, Ispaniya, Germaniya yoki Belgiya darajasida, demak.

2009 yilgi butunrossiya so‘rovi ma'lumotlariga ko‘ra, ish beruvchilarning faqat 14 foizi mehnat migrantlari xizmatidan foydalangan. Yirik biznesda bundaylar soni 21 foiz bo‘lgan, kichik biznesda esa 12 foiz (lekin bu ko‘rsatkich atayin pasaytirilgan bo‘lishi kerak, chunki kichik biznes migrantlarni ko‘proq yollaydi, lekin bu ish noformal tarzda amalga oshiriladi va turgan gapki, sotsiologlardan yashiriladi).

Quyidagi rasmda ko‘rinib turibdiki, migrantlar asosan qurilish (34 foiz), xizmat ko‘rsatish sohasi (13 foiz) va qayta ishlash sanoati (10 foiz) da mehnat qilishadi.

Xorijliklar qurilish ishlarida rossiyaliklarga nisbatan 4,4 marta ko‘proq mehnat qilishadi (34 ga 8 foiz); bu hali norasmiy bandlik ma'lumotlari hisobga olinmagan holda, bilamizki, nolegallarning aksariyati aynan qurilish sohasida ter to‘kishadi. Umuman olganda, qurilish ishlarida band bo‘lgan ishchilar ichida xorijliklarning ulushi 15 foizdan oshadi. Xorijliklarning xizmat ko‘rsatish sohasida band bo‘lishi ham tobora oshib bormoqda, jumladan, rossiyaliklarning shaxsiy uy xo‘jaligidagi ishlarida (ta'mirlash, yig‘ishtirish, bolalarga va keksalarga qarash).

Boshqa tarafdan, savdo sohasida rossiyaliklar xorijliklarga nisbatan 2,6 marta ko‘proq ishlashmoqda (18 foizga 7 foiz), bu asosan qonunchilikda ushbu sohada xorijliklarni ishga qabul qilishda joriy etilgan cheklovlar bilan bog‘liq, transport sohasida ham rossiyaliklar uch barobar ko‘proq band (9 ga 3 foiz).

Odatga ko‘ra, migrantlar tashkilotlarda past va kasb mahorati talab etilmaydigan ishlarga jalb qilingan, mahorat talab etiladigan va rahbar lavozimlarni rossiyaliklarga qoldirishgan. Rossiyalik rahbarlar va oliy toifali mutaxassislar ulushi xorijliklarga nisbatan sezilarli darajada katta (9 foizga 4 foiz). Va aksincha, rossiyalik mahoratsiz ishchilar soni xorijliklarga nisbatan uch barobar kam (8 ga 21 foiz).

Xorijiy ishchilar RF hududi bo‘ylab teng taqsimlanmagan va asosan ikki federal okrug — Markaziy va Shimoliy-G‘arbiyda to‘planib qolgan. Xorijliklar uchun eng “qiziq” hududlar, ichida, albatta, Moskva, Moskva viloyati hamda Sankt-Peterburg va Leningrad viloyati, shuningdek, migrantlar rossiyaliklarning o‘zi ham ish izlab talpinuvchi Xanti-Mansiysk avtonom okrugi — Yugra va Krasnodar o‘lkasi ham bor.  

Rossiyaga migrantlar nega kerak?

Rossiyada mehnatga layoqatli aholining qisqarishi 2007 yildan buyon davom etmoqda — so‘nggi bir necha yillar ichida taxminan yiliga 1 million kishidan. Rosstatning 2015 yildagi o‘rtacha prognoz variantiga ko‘ra (pastdagi suratga qarang), 2025 yilga borib Rossiyaning mehnatga layoqatli aholisi yana 7 millionga qisqaradi. Bunday shiddatli qisqarishni faqat mehnat unumdorligini oshirish va Rossiya aholisining iqtisodiy faoligi evazigagina qoplash mumkin. Shu sababli mehnat migrantlari hozir Rossiyaga suv va havodek zarur.

Migrantlar nafaqat Rossiya mehnat bozoridagi ishchilar yetishmasligi o‘rnini to‘ldiradi. Ular mamlakat YaIMiga sezilarli hissa qo‘shishadi, soliq to‘lashadi (albatta, rasman qayddan o‘tkazilganda). Ular rossiyaliklardan turar-joy ijaraga olishadi, mahsulotlar va kiyim-kechak xarid qilishadi. 2015 yildan boshlab mehnat migratlari RF hududida majburiy tarzda meditsina sug‘urtalari xarid qilishlari lozim, garchi undan amalda hech kim foydalanmayotgan bo‘lsa-da. Migrantlar tomonidan patentlar uchun oylik to‘lov ham hududiy byudjyetlar uchun yaxshigina quvvat bo‘lmoqda: 2016 yilda bu deyarli 45 milliard rublga teng bo‘lgan, boz ustiga, bu to‘lovlarni aynan tojiklar va o‘zbeklar qilishadi (patentlarning 82 foizini shu millat vakillari rasmiylashtirishadi).

 

Mavzuga oid