Jahon | 14:13 / 21.02.2026
2045
2 daqiqa o‘qiladi

Odessada RF dronlari turar joylar va o‘quv muassasasiga zarar yetkazdi

Odessa shahar harbiy ma’muriyati (ShHM) rahbari Sergey Lisak xabar qilishicha, Rossiya dronlari hujumi oqibatida shaharda infratuzilma obektlari, turar joy binolari va o‘quv muassasasi shikastlangan. Jabrlanganlar haqida ma’lumot berilmagan.

Foto: Nina Liashonok/REUTERS

Rossiya qo‘shinlari 21 fevral, shanbaga o‘tar kechasi Odessaga yana bir bor ommaviy dron hujumini amalga oshirdi. Odessa shahar harbiy ma’muriyati rahbari Sergey Lisak mahalliy vaqt bilan taxminan 02:00 atrofida Telegram’da shunday yozdi: «Dushman Odessaga dronlar bilan hujum qildi. Shaharning turli tumanlarida infratuzilma, to‘rtta turar joy uyi va bir o‘quv muassasasiga shikast yetgani ma’lum». U yanada batafsil ma’lumot berishini qo‘shimcha qilgan.

Bundan oldin Ukraina Qurolli kuchlari Havo kuchlari Telegram’da Rossiya dronlari Odessa tomon yo‘l olgani, shuningdek Zaporijjya, Dnipropetrovsk, Sumi va Xarkiv yo‘nalishlarida ham uchirishlar kuzatilayotgani haqida ogohlantirgan.

Lisak 17 fevral kechasi ham shaharga ommaviy hujum bo‘lganini bildirgan: o‘shanda infratuzilma obekti va fuqarolik binolari shikastlangan. «Shahar tumanlaridan birida turar joy binosining yuqori qavatlarida yong‘in kelib chiqdi. Boshqa tumanda esa do‘kon shikastlandi. Ikki nafar jabrlangan bor», — deb yozgan u. Shaharning ayrim qismlarida elektr va suv ta’minotida uzilishlar kuzatilgan.

O‘sha kecha “Suspіlne” telekanali Dnipro shahrida portlashlar va yong‘inlar haqida xabar bergan. Shuningdek, Rossiya o‘qqa tutishi natijasida Sumi viloyatidagi Axtirka shahrida ma’muriy bino va transport vositalari ham shikastlangani aytilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid