Jahon | 13:36
1156
3 daqiqa o‘qiladi

Kiyevda RF dengiz piyoda askari asirlarni otib o‘ldirgani uchun umrbod qamoqqa hukm qilindi

Kiyev sudi Rossiya harbiy xizmatchisi Vladimir Ivanovni ikki nafar ukrain harbiy asirini o‘ldirgani uchun umrbod ozodlikdan mahrum qildi. Guvohlar uni komandir buyrug‘i bilan harakat qilganini aytgan. Ivanovning o‘zi esa qilgan ishidan pushaymon ekanini bildirgan.

Foto: Hanna Sokolova-Stekh/DW

Kiyev shahridagi sud Rossiyaning dengiz piyoda qo‘shinlari harbiy xizmatchisi Vladimir Ivanovni ikki nafar harbiy asirni o‘ldirganlikda aybdor deb topib, uni umrbod qamoq jazosiga hukm qildi. Shunday jazo tayinlashni ayblov tomoni talab qilganini Ukraina bosh prokurori Ruslan Kravchenko 20 fevral kuni Telegram’da bildirdi.

Sud aniqlashiga ko‘ra, 2025 yil yanvar oyida Kursk viloyatidagi janglar vaqtida Ivanov va boshqa Rossiya harbiylari pistirma uyushtirgan. Ikki nafar Ukraina harbiy xizmatchisi qurolini tashlab, qo‘llarini ko‘tarib taslim bo‘lmoqchi bo‘lgan, ammo Ivanov ularga o‘q uzgan. Sud majlislarida guvohlar — Ivanovning xizmatdoshlari u komandir buyrug‘iga ko‘ra harakat qilganini aytgan. Kravchenko yozishicha, sud “hech qanday harbiy zarurat bo‘lmagan, mahkum buyruqning jinoiy ekanini anglagan va uni bajarmaslikka haqli bo‘lgan” degan xulosaga kelgan.

Vladimir Ivanovning qilmishi “xalqaro gumanitar huquq himoyasidagi shaxslar halok bo‘lishiga olib kelgan, bir guruh shaxslar tomonidan sodir etilgan urush qonunlari va odatlarini buzish” moddasi bo‘yicha malakalangan. Sud fuqaroviy da’voni ham qisman qanoatlantirgan: “Suspіlne”ning yozishicha, Ivanov halok bo‘lganlardan birining sobiq xotiniga 50 mln grivna (qariyb 982 ming yevro) miqdorida tovon to‘lashi kerak. Ayblanuvchining o‘zi esa qilgan jinoyatidan pushaymon ekanini bildirgan.

2025 yil noyabrda Zaporijjya sudi 26 yoshli RF harbiy xizmatchisi Dmitriy Kurashovni 2024 yil yanvarda Zaporijjya viloyatidagi hujum paytida ukrain harbiy asirini o‘ldirganlikda aybdor deb topib, umrbod qamoq jazosiga hukm qilgan.

2026 yil yanvarda Xarkiv sudi 37 yoshli Sergey Tujilovga nisbatan ham shunday hukm chiqargan: u 2024 yil yozida Volchanskdagi agregat zavodida ukrain harbiy asirini o‘ldirganlikda aybdor deb topilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid