Jamiyat | 20:34 / 17.05.2017
21023
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning eng namunali harbiylar oilasi aniqlandi

Bugun 17 may kuni Mudofaa vazirligi Ma'naviyat va ma'rifat markazida "Namunali harbiylar oilasi" ko‘rik-tanlovining yakunlovchi bosqichi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda qatnashgan "Kun.uz" muxbiriga ko‘ra, unda tanlovning harbiy okrug va unga teng bo‘lgan birlashmalar miqyosida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan jamoalar, ya'ni harbiylar oilalari ishtirok etgan.

1. Mayor Oxunov Rustam Norinboyevich (Sharqiy harbiy okrug, Serjantlar tayyorlash maktabi) va uning oilasi;

2. Mayor Yetmishov Dilshod Bahodirovich (Janubi-g‘arbiy harbiy okrug, Qarshi Serjantlar tayyorlash maktabi) va uning oilasi;

3. Kichik serjant Paygamov Ma'rufjon Rustamovich (Toshkent harbiy okrugi, 16707-harbiy qism) va uning oilasi;

4. Serjant Eshjonov Rahmatilla Qurbonboyevich (Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug, 533 SChR) va uning oilasi;

5. Serjant Tangriqulov Lutfullo Qudratovich (Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlari, 83384-harbiy qism) va uning oilasi;

6. Mayor Ergashev Eldorjon Murodullayevich (Chirchiq Oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti) va uning oilasi.

Oilalarning chiqishlari Respublika ma'naviyat-targ‘ibot markazi eksperti Jamila Shermuhammedova boshchiligidagi hakamlar hay'ati tomonidan baholanib borildi.

Ko‘rik-tanlovda jamoalar to‘rt shart bo‘yicha bellashishdi:

1. Mustahkam oila - jamiyat tayanchi (tanishtiruv);

2. Insonga naf keltirish - oliy baxt;

3. Bilimdonlar bahsi;

4. Karving san'ati.

Birinchi shart bo‘yicha jamoalar she'rlar, milliy raqs, qo‘shiqlar, xalq o‘yinlari va boshqa ijrochilik san'ati orqali har tomonlama sog‘lom va namunali harbiy oilaga xos bo‘lgan jihatlar hamda ularning yutuqlari ko‘rsatib berildi. Ikkinchi shart bo‘yicha sahna ko‘rinishida ishtirokchilar ichkilikbozlik, "ommaviy madaniyat"ning oiladagi muhitga ta'siri kabi ma'naviyat va qadriyatlarimizga yot bo‘lgan salbiy illatlar sog‘lom va baxtli oilaga taqqoslandi. Shuningdek "Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili"da insonning huquq, erkinlik va manfaatlari ustuvorligi, hayotiy muammolarning o‘z vaqtida hal etilayotgani ko‘rsatib berildi. Uchinchi shartda ota-ona hamda ularning bir farzandi ishtirok etib, har biriga 30 soniya ichida yoshiga doir savollar berildi. To‘rtinchi shartda oila bekalari karving san'ati orqali xo‘l mevalardan assorti tayyorlab, ularni did bilan bezashdi.

Hakamlar hay'ati baholariga ko‘ra, mayor Yetmishov Dilshod Bahodirovich oilasi birinchi o‘ringa munosib ko‘rilib, eng namunali harbiy oila deya e'lon qilindi. Ikkinchi o‘rinni quvnoq serjant Eshjonov Rahmatilla Qurbonboyevich oilasi egalladi. Uchinchi o‘rinda esa mayor Oxunov Rustam Norinboyevich oilasi qayd etildi.

Tanlovning qolgan ishtirokchilari rag‘batlantiruvchi mukofotlar bilan taqdirlandi. Mayor Ergashev E.M. oilasi "Eng pazanda oila", serjant Tangriqulov L.Q. oilasi "Aktyorlik mahorati yuqori oila" va kichik serjant Paygamov M.R. oilasi "Eng quvnoq va zukko farzandlar oilasi" nominatsiyalari bo‘yicha rag‘batlantirildi.

Tanlov yakunida g‘olib va sovrindorlar Mudofaa vazirligi hamda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan ta'sis etilgan diplom, faxriy yorliq hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Mavzuga oid