Jahon | 18:33 / 22.05.2017
4043
3 daqiqa o‘qiladi

Ispaniya bosh vaziri Kataloniya hukumatini ispanlarni shantaj qilishda aybladi

Foto: RIA "Novosti"

Ispaniya bosh vaziri Mariano Raxoyning fikricha, Kataloniya hukumati Ispaniyadan mustaqillik olish haqida qonun loyihasini ishlab chiqib, davlat, demokratiya va ispanlarni shantaj qilish bilan shug‘ullanmoqda. 

Avvalroq El País gazetasi Kataloniya hukumati maxsus mexanizm ishlab chiqqanini xabar qilgandi. U avtonom hamjamiyatning Ispaniya tarkibidan chiqishi jarayonida qo‘llaniladi. “Yuridik o‘tish” qonuni konstitutsiyaning o‘rnini ikki oy davomida egallab turadi. Bu vaqt davomida esa Kataloniya parlamenti “Kataloniya parlamentlik respublikasini tashkil etish jarayonini olib boradi”.

"Ular davlat, demokratiya va ispanlarni shantaj qilmoqda. Biz buni qabul qilmaymiz", - deya ma'lum qildi Raxoy El País’da e'lon qilingan materialga munosabat bildirib.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu “butun siyosiy faoliyatida” ko‘rgan “eng jiddiy narsadir”.

Raxoyning qo‘shimcha qilishicha, deputatlar kongressida Kataloniya masalasini muhokama qilish taklifi hamon kuchda turibdi.

"Biz muloqot dastaklari o‘z kuchini yo‘qotgan, deb hech qachon hisoblamaymiz. Mayli, Puchdemon (Kataloniya hukumati raisi Karles Puchdemon – tah.) o‘z takliflarini bersin. E'lon qilingan narsa esa – bu shantaj. Ispaniyada bunday narsani anchadan beri ko‘rishmagandi. Bu huquqiy davlatni yo‘q qilish, bu qonunni yo‘q qilish, 500 yillik milliy suverenitetni yo‘q qilish, ispanlarga milliy suverenitet yo‘q, deyish bilan barobar. 21 asrda milliy davlatni yo‘q qilishga bo‘lgan urinish – istalgan nuqtai nazardan aqlsizlikdir", - degan bosh vazir.

O‘tgan haftada Ispaniya hukumati raisi o‘rinbosari Sorayya Saens de Santamariya Kataloniya masalasini deputatlar kongressida muhokama qilish kerakligini ma'lum qildi. Kataloniya hukumati rahbari Karles Puchdemon esa Ispaniya va Kataloniya hukumati referendum shartlarini muhokama qilishlari hamda kelishuvga erishishlari darkorligi haqida gapirdi. Agarda bu holatga rozilik bilan javob qaytarilsa, masalani ikkita parlamentga ko‘rib chiqish uchun topshirish mumkin. Puchdemonning fikricha, Santamariyaning taklifi Ispaniya hukumati referendum o‘tkazish imkoniyati borligini tan olishini ko‘rsatadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid