Jamiyat | 19:53 / 24.05.2017
6151
4 daqiqa o‘qiladi

Partiya aralashuvi bilan og‘ir bemor ayol muvaffaqiyatli operatsiya qilindi

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2017 yilni Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili, deb e'lon qilinishi, har bir hududda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining xalq qabulxonalarini tashkil etilishi inson manfaatlarini ta'minlash, fuqarolarning murojaatlarini o‘z vaqtida ko‘rib chiqish, aholi bilan ochiq muloqotlar davomiyligini ta'minlashga xizmat qilmoqda.

Xalq qabulxonalarining siyosiy partiyalar tizimida, xususan, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining Namangan viloyati, shahar va tuman kengashlarida ham yo‘lga qo‘yilishi esa fuqarolar bilan muntazam ravishda ochiq muloqotlar o‘tkazish, turli masalalar va muammolarni baholiqudrat yechish, qolaversa, O‘zMTDP saylovoldi Platformasi va dasturida ilgari surilgan maqsad-vazifalarni hayotga izchil tatbiq etishda ham muhim omil bo‘lyapti.

Yangiqo‘rg‘on tumani Nanay qishlog‘ida yashovchi Farida Mirzayeva hayotning qiyin sinovlarini, turli achchiq-chuchuklarini boshidan kechirgan matonatli ayol. Taqdir hukmiga ko‘ra, eri Ravshanbek birinchi guruh nogironi bo‘lsa-da, bir o‘g‘il va bir qiz farzandlarini eldan kam qilmasdan o‘stirishga baholiqudrat intildilar. 56 yoshli Farida opa mana bir necha yildirki, ginekologik xastalik bilan kurashib keladi. Shifokorlar ko‘rigidan o‘tgan ayolga bachadonni to‘la tushishi tashxisi qo‘yildi. Bu muammoni jarrohlik yo‘li bilan oldini olish mumkinligini eshitganida ko‘nglida umid chiroqlari yongandek bo‘ldi.

Oynai jahon orqali siyosiy partiyalarda tashkil etilgan xalq qabulxonasi faoliyatidan voqif bo‘lgan Farida Mirzayeva O‘zMTDP Namangan viloyati Kengashiga murojaat qildi. Partiyaning “Ayollar qanoti” yetakchisi Tursunoy Musabekova savobli ishga bosh-qosh bo‘lishda tashabbus ko‘rsatdi. Namangan viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi onalik va bolalikni muhofaza qilish bo‘limi mudiri Matluba Jamilovaning tavsiyasiga ko‘ra, bemorga Namangan viloyati perinatal markaziga davolanish uchun imtiyozli yo‘llanma berildi.

Mazkur tibbiy muassasaning ginekologiya bo‘limi mudirasi Yulduz Azizovaning sa'y-harakati bilan Farida Mirzayeva shifo maskanida chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, muolaja ishlari olib borildi va jarrohlik amaliyotiga tayyorlandi. To‘rt soatlik muvaffaqiyatli kechgan “operatsiya” jarayonidan bemor bugungi kunda xursand. Bu borada o‘zining shirin muomalasi va bor mahoratini ayamagan vrachlardan Aziza Rahmonova, Dilfuza Jamoliddinova, Xudoyberdi Sultonov, hamshiralardan Nigora Mirzayeva, Muyassar Turg‘unova, kichik tibbiy xodim Ozoda Qodirovadan behad minnatdor. 

- Xalq qabulxonasini tashkil etgan “Milliy tiklanish” partiyasiga, dardimga darmon bo‘lgan viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi va perinatal markaz xodimlariga ming rahmat. Biz fuqarolar Prezidentimiz tashabbuslari bilan e'lon qilingan Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilining tub mohiyati, bundan ko‘zda tutilgan maqsad-muddaolarni dildan anglab yetmoqdamiz, - deydi Farida Mirzayeva.
Darhaqiqat, Prezidentimizning joylardagi xalq qabulxonasi hamda siyosiy partiyalarda tashkil etilgan bunday tuzilmada, eng avvalo, “Inson manfaatlari barcha narsadan ulug‘” degan olijanob g‘oyani hayotga izchil tatbiq etishga alohida e'tibor qaratilmoqda.

Oqilxon Dadaboyev, 
O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik 
partiyasi Namangan viloyati kengashi matbuot kotibi.

Mavzuga oid