Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tramp NATOga xavf solayotgan asosiy tahdidlarni sanab o‘tdi
AQSh prezidenti Donald Tramp NATOga asosiy xavflar orasida terrorchilik, migratsiya va "Rossiya tomondan bildirilayotgan xavfni" aytib o‘tdi.
"Kelajak NATOsi terrorchilik va migratsiyaga hamda Rossiya, sharq va janubdan xavflarga e'tibor qaratishi kerak", deb aytdi Tramp NATOning Bryusseldagi bosh qarorgohidagi nutqida.
Tramp 22 may kuni Manchesterda sodir etilgan teraktni qoraladi. Portlash oqibatida 22 kishi, jumladan 12 bola halok bo‘ldi, 75 nafar jarohat olganlar hanuzgacha shifoxonada qolmoqdalar, ulardan 23 nafarining ahvoli og‘ir. Bir necha kishi bedarak yo‘qolgan. Ushbu hujum uchun javobgarlikni IShID o‘z zimmasiga oldi.
"Bu bizning madaniyatga vahshiy va beshafqat hujumdir", deb aytdi Tramp va terrorchilarni "jamiyatdan quvish kerak bo‘lgan luzerlar (omadsizlar)" deb atadi.
Tramp NATO a'zolarini tashkilot oldidagi moliyaviy majburiyatlarini bajarishga chaqirdi. AQSh yetakchisining aytishicha, alyansning 23 a'zosidan 22 tasi "o‘z mudofaasi uchun to‘lashi kerak bo‘lgan haqni to‘lamayapti va bu amerikalik soliq to‘lovchilarga nisbatan adolatsizlikdir".
"Agar NATOning barcha davlatlari o‘z ulushlarini halol kiritsalar, NATO bugungidan ham kuchliroq bo‘ladi, ayniqsa terrorchilik xavfi oldida", deb ta'kidlab o‘tdi Tramp.
Trampning nutqi AQSh telekanallari orqali namoyish qilindi.
25 may kuni Bryusselda NATOning qisqa sammiti bo‘lib o‘tmoqda, unda ishtirok etish uchun Tramp ham kelgan. Sammitning kun tartibiga ikkita asosiy masala qo‘yilgan: terrorchilikka qarshi kurash va alyans a'zolari orasida moliyaviy yuklamaning taqsimlanishi.
24 may kuni NATOning bosh kotibi Yyens Stoltenberg alyansga a'zo davlatlar elchilari NATOning IShIDga qarshi kurashayotgan AQSh boshchiligidagi koalitsiyaga qo‘shilishini ma'qullashganini ma'lum qilgan. Ushbu masala bo‘yicha yakuniy qaror esa joriy sammitda qabul qilinishi kerak.
Mavzuga oid
10:40
YeI va Kreml o‘rtasida norasmiy aloqalar bo‘lgani xabar qilindi
08:45
G7 bayonotidan so‘ng Kiyev yana hujumga uchradi
08:29
Putinga yaqin deb hisoblangan biznesmen qamoqqa olindi
22:32 / 17.06.2026