Jahon | 10:50 / 28.05.2017
7500
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp ilk xorijiy safarini yakunlab AQShga qaytdi

Foto: © RIA Novosti

AQSh prezidenti Donald Tramp o‘zining ilk xorijiy safarini yakunlab, vatanga qaytdi. U 20 maydan 27 mayga qadar Yaqin Sharqda va Yevropada bo‘lib, bir necha sammitlarda, jumladan NATO hamda G7 sammitlarida ishtirok etdi.

Uning safarining birinchi qismi, 20-24 may kunlari davomidagi tashriflari "katta dinlar markazlari bo‘ylab tur" bo‘ldi.

Avvaliga u Saudiya Arabistoniga keldi va qirol Salmon bilan uchrashib, musulmon mamlakatlari rahbarlari sammitida qatnashdi. Bu tashrif davomida Saudiya Arabistoniga qurol-yarog‘ yetkazib berish bo‘yicha yirik shartnoma tuzildi (350 milliard dollar).

Keyin amerikaliklar prezidenti Isroil hamda Falastinga tashrif buyurdi, u Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu hamda Falastin rahbari Mahmud Abbos bilan uchrashdi. U tomonlarni Yaqin Sharq muammosini tinch yo‘l bilan hal etishga chaqirdi. Bundan tashqari, u yahudiylarning G‘arbiy devori (yana bir nomi - Yig‘i devorlari)ga tashrif buyurgan ilk amerikalik prezident bo‘ldi. Uning "Katta dinlar markazlari bo‘ylab safari" Vatikanda yakunlandi, u Rim papasi Frantsisk bilan uchrashdi.

24-27 may kunlari davomida Tramp ikki sammitda qatnashdi: Bryusselda NATO yetakchilarining 28-sammitida va Italiyada "Katta yettilik"ning 43-sammitida. U bu sammitlar doirasida Belgiya qiroli Filipp, Germaniya kansleri Angela Merkel, Fransiyaning yangi prezidenti Emmanuel Makron hamda Yaponiya bosh vaziri Sinzo Abe bilan muzokaralar o‘tkazdi. Bundan tashqari, u Rimda, Vatikanga tashrifidan oldin Italiya prezidenti Serjio Matarella va bosh vazir Paola Jyentiloni bilan muzokaralarda bo‘lgandi.

Mavzuga oid