Jahon | 10:40 / 02.06.2017
22435
4 daqiqa o‘qiladi

Putin: Snouden - xoin emas

Foto: «Kommersant'»

Rossiya prezidenti Vladimir Putin amerikalik rejissyor Oliver Stounga bergan intervyusida aytib o‘tdiki, u Amerika maxsus xizmatlari sobiq xodimi Edvard Snoudenni xoin deb hisoblamaydi. Suhbatdan parchalar Hollywood Reporter jurnalida bosilgan.

«Bu gap to‘g‘ri emas. Snouden — xoin emas. Uning harakati o‘z mamlakati manfaatlariga xiyonat emas, u boshqa bir davlatga o‘z xalqiga zarar yetkazuvchi ma'lumotlarni yetkazgani yo‘q. U nima qilgan bo‘lsa, barchasini oshkora amalga oshirdi», — degan Putin.

Shu bilan birga Rossiya prezidenti Snoudenning harakatlarini oqlamasligini bildirgan. Shu bilan birga u Milliy xavfsizlik agentligi mamlakat fuqarolari ortidan bu darajada kuzatuv olib bormasligi kerak bo‘lgani haqida gapirib, o‘z navbatida Snouden bu ma'lumotlarni oshkor etishi ham to‘g‘ri bo‘lmaganini qayd etgan.

«Agar unga bu ishda nimadir yoqmasa, ishdan bo‘shab ketishi kerak edi. Ammo u qarshi yurish qildi. Bu esa uning huquqi. Mendan uning harakati to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri bo‘lgani haqidagi fikrimni so‘rasangiz, aytaman: yo‘q, noto‘g‘ri», — degan Putin.

Putin shuningdek, o‘zining KGBdan bo‘shashi voqeasi haqida eslab o‘tgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, u o‘shanda davlat to‘ntarishini ma'qullamagandi.

Bundan tashqari, Putin Rossiya maxsus xizmatlariga maqtov so‘zlari yo‘llagan va ular faqat qonun doirasida ish olib borishini e'tirof etgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ittifoqchi davlatlarni kuzatishni yo‘lga qo‘yish o‘zaro ishonchga putur yetkazadi, shu bilan birgalikda mamlakat xavfsizligiga zarar yetadi.

Putin intervyusida o‘z soqchilariga ishonishini ham aytib o‘tgan.

Rejissyor Putinga nisbatan 5 marta suiqasd qilishga urinishganidan xabardorligini aytgan. «Ammo bu Fidel Kastroga uyushtirilgan suiqasdlar kabi ko‘p emas. Menimcha, unga 50 martacha suiqasd qilishgan», — degan Stoun.

Putin esa bunga javoban Kastro bilan suiqasd mavzusida suhbatlashganini aytdi. Rossiya prezidenti so‘zlariga ko‘ra, Kuba sobiq rahbari unga «doim o‘z xavfsizligi bilan shaxsan shug‘ullangani uchun» tirik ekanini aytgan.

«Men o‘z ishimni qilaman. Xavfsizlik xodimlari esa o‘z ishini qiladi, va hozirgacha ular buni ancha muvaffaqiyatli amalga oshirib kelmoqda», — deya qayd etgan Putin o‘z soqchilariga ishonishini ta'kidlagan.

Suhbatning to‘liq versiyasi film ko‘rinishida 12—15 iyun kunlari Showtime telekanali orqali namoyish etiladi.

Stoun 2016 yilda «Olovdagi Ukraina» filmiga prodyuserlik qilgan. Filmda u Rossiya prezidenti Vladimir Putindan va Ukrainaning sobiq prezidenti Viktor Yanukovichdan intervyu olgan.

Filmda Putinning Rossiya Federatsiyasi prezidentligiga kelgan 2000 yildan boshlab dunyoda bo‘layotgan voqealarga munosabati aks etgan.

Mavzuga oid