Jahon | 19:47 / 08.06.2017
6268
2 daqiqa o‘qiladi

Indoneziya Filippin bilan chegarada harbiy bazalar qurmoqchi

Foto: RIA Novosti

Indoneziya o‘zining eng olisdagi orollarida, jumladan Filippin bilan chegaradosh orolida yangi harbiy bazalar qurmoqchi, deb xabar bermoqda mamlakat qurolli kuchlari vakiliga iqtibos keltirgan holda Jakarta Post nashri.

Nashr ma'lumotlariga ko‘ra, harbiy bazalardan biri Filippinning Mindanao oroli bilan chegaradosh bo‘lgan Shimoliy Maluku viloyatidagi Morotay orolida quriladi. Indoneziya harbiy qo‘mondonligi vakili general Gatota Nurmantioning aytishicha, Morotay orolida harbiy baza qurilishi Indoneziya hududiga jangarilar kirishining oldini olishga qaratilgan.

Ma'lum qilinishicha, Morotaydagi baza Natuna orolidagi baza qurib bo‘lingandan keyin quriladi.

Nurmantioning aytishicha, Shimoliy Maluku orollari atrofida razvedka samolyotlari joylashtiriladi va dengizni nazorat qilish uchun kemalar miqdori oshiriladi.

Avvalroq Indoneziya qurolli kuchlari va politsiyasi Filippinning Mindanao oroli bilan chegaradosh hududlarda xavfsizlik choralarini kuchaytirishgandi.

Filippin prezidenti Rodrigo Duterte Mindanao orolida IShIDni qo‘llab-quvvatlovchi guruh bilan armiya o‘rtasidagi to‘qnashuvlardan keyin harbiy holat tartibini kiritgandi. Dutertening aytishicha, bu harbiy holat bir yilgacha uzaytirilishi mumkin. Oroldagi asosiy qaynoq hudud Maravi shahri bo‘lib qolmoqda. Bu shaharni bosib olish uchun janglarda 500 ga yaqin terrorchi ishtirok etgandi. Bir haftadan ko‘proq davom etgan janglar vaqtida 95 jangari yo‘q qilingan, 25 askar va 19 fuqaro halok bo‘lgan. 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid