YUNISEF Jasurbek Ibrohimovning o‘limi voqeasi yuzasidan munosabat bildirdi
YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Sasha Graumann Toshkentdagi Borovskiy nomidagi tibbiyot kolleji talabalari ishtirokida ro‘y bergan voqea yuzasidan bayonot berdi.
«1 iyun kuni vafot etgan Toshkent Tibbiyot kolleji talabasi 17 yoshli Jasurbek Ibrohimov oilasiga chuqur va samimiy ta'ziya izhor etamiz.
O‘quv muassasalaridagi bezorilik masalasi dunyo miqyosida borgan sari tashvishli masalaga aylanib boryapti va har kuni, har yerda bolalarni zo‘ravonlik qurbonlariga aylantiryapti.
Juda ko‘p odamlar o‘quv muassasalaridagi bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka ko‘z yumadi. Shu bilan birga zo‘ravonlikka uchragan juda ko‘p bolalarda bu to‘g‘rida ochiq gapirish, ishonchli katta inson bilan o‘rtoqlashish, o‘zlariga xavfsiz muhit topish uchun ishonch va vosita bo‘lmaydi.
Bu singari holatlarni hal etish uchun muallim va ota-onalarni o‘qitish, bolalarni zo‘ravonlikning barcha turlaridan himoya qiluvchi odob-axloq qoidalarini ishlab chiqish va ularni qo‘llash singari yo‘llar mavjud.
Tengdoshlar orasida jismoniy va og‘zaki shakllardagi bezorilik mamlakatlar bo‘ylab keng tarqalgan. Xo‘rlash va ijtimoiy jihatdan chetlatish singari bilvosita bezorilik ham bolalarni xavf ostiga qo‘yadi. Bezorilik xulq-atvori ko‘pincha jamiyatda muayyan guruhlarga nisbatan ustunlik, stigma va kamsitishni aks ettiradi.
Ijtimoiy dinamika vaqt o‘tishi bilan o‘zgarishi hamda internet va uyali telefon singari axborot va kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish o‘sib borayotgani bois bolalar xo‘rlashning yangi shakllariga tobora duch kelmoqdalar.
YuNICEF bezorilik masalasini hal etishda dunyodagi ko‘pgina mamlakatlarga yordam bermoqda. Quyidagi oltita strategiya ko‘pgina mamlakatlarda foydali deb topildi:
1) ota-onalar, bolani parvarish qiluvchilar va oilalarni qo‘llab-quvvatlash;
2) bolalar va o‘smirlarga xavf-xatar va tahdidlarga qarshi kurashishni boshqarishda yordam berish;
3) zo‘ravonlik va tahqirlashga olib keluvchi munosabat va ijtimoiy normalarni o‘zgartirish;
4) muallimlar va rasmiy shaxslarni bolalarga tegishli xizmat ko‘rsatish borasida o‘qitish;
5) bolalarni himoya qiluvchi qonun va siyosatni amalga oshirish;
6) ma'lumotlarni yig‘ish va tadqiqotlar o‘tkazish.
YuNICEF bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning barcha turlariga, jumladan ta'lim muassasalarida bezorilikka qarshi kurashda hukumatning sa'y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlash uchun tayyor», deyilgan bayonotda.
Eslatib o‘tamiz, 1 iyun kuni Borovskiy nomidagi kollej 2-kurs o‘quvchisi Jasurbek Ibrohimov og‘ir tan jarohatlari oqibatida vafot etdi. Xabarlarga ko‘ra, u 3 may kuni bo‘lgan mushtlashuvda og‘ir jarohat olgan.
Hodisa yuzasidan kollejning 2-kurs o‘quvchisi Islombek To‘laganov qamoqqa olingan, tergov ishlari O‘zbekiston bosh prokurori Ixtiyor Abdullayev tomonidan shaxsan nazoratga olingan.
Mavzuga oid
14:33 / 07.11.2024
YUNISEF: G‘azoda ikki kun ichida 50 dan ortiq bola halok bo‘ldi
22:44 / 03.08.2024
Bangladeshdagi namoyishlar oqibatida o‘nlab bolalar halok bo‘ldi - YuNISEF
18:36 / 08.06.2024
O‘zbekiston bolalar to‘yib ovqatlanmaydigan davlatlar ro‘yxatiga kiritildi
09:41 / 16.05.2024