Jahon | 00:56 / 10.06.2017
31786
17 daqiqa o‘qiladi

Almashmas hukmdor: Prezident Mugabe Zimbabveni qay ko‘ylarga soldi?

Foto: ZUMA Press

«Zolim», «oq tanlilar qotili», «qora tanli irqchi» — Zimbabve prezidenti Robert Mugabega nima laqablar yopishtirishmagan deysiz. Uni jamiki gunohi kabiralarda — giperinflyatsiya, irqiy qirg‘inlar, muxolifatni yo‘q qilish va shaxsiy diktatura o‘rnatishda ayblashadi. Zimbabve axborot jihatidan yopiq davlat bo‘lgani uchun u yerdan KXDRdagidan ko‘p ma'lumot chiqmaydi. «Lenta.RU» Zimbabve va uning almashmas prezidenti Robert Mugabe haqidagi gap-so‘zlarga ishonsa bo‘lish-bo‘lmasligini aniqlashga urinib ko‘rdi.

 

Bobbi tug‘ilganidan mo‘min-qobil bola edi

Mugabe o‘sha paytlardagi Britaniya mustamlakasi — Janubiy Rodeziyadagi duradgor va o‘qituvchi xonadonida tavallud topdi. Boshlang‘ich ta'limni u katolik maktabida, oliy ta'limni esa JARdagi qora tanlilar universitetida oladi. Bakalavr unvonini olgach, Mugabe bir muddat Ganaga ishlashga ketadi, qaytganida qarasa — yurtida irqiy tenglik uchun ozodlik harakati boshlangan. Mugabe darhol o‘qituvchilik kasbini chekkaga surib, siyosiy kurashga boshi bilan sho‘ng‘ib ketdi va Joshua Nkomo boshchilik qilayotgan Zimbabve Afrika xalqi ittifoqi (ZAPU) ga a'zo bo‘ldi. 1963 yilda Nkomo bilan urishib qolgan Mugabe o‘z partiyasi — Milliy ittifoqqa (ZANU) asos soldi.

Shundan so‘ng Mugabe ko‘p o‘tmay hibsga olindi va 11 yil o‘tirib chiqdi. Bu uning hayotidagi o‘ta og‘ir yillar bo‘lgan, uni qiynoq va mazaxlarga duchor qilishgan. Masalan, ensefalitdan o‘lgan uch yoshli o‘g‘lining dafn marosimiga qo‘yib yuborishmagan.

Biroq cheklovlar Mugabeni sindira olmadi. G‘alabaga bo‘lgan irodasini saqlab qolishda unga xarakterining tabiiy qat'iyligi va bilimlarga chanqoqligi yordam bergan. Robert kameradoshlari uchun haqiqiy maktabni tashkil etgan: ularga xat-savod, matematika va ingliz tilidan dars bergan. Uning o‘zi ham o‘qishda davom etgan: London universitetiga sirtdan o‘qishga kirgan. O‘zining qamoq muddati yakunlangan sana — 1974 yilga kelib, u to‘rt diplomga ega edi: ikkita yuridik, iqtisodiyot magistri va boshqaruv bakalavri. Xullas, Mugabe hozir Afrikadagi rahbarlar ichida eng o‘qimishlisi.

 

Urush vaqti, tinchlik vaqti

Ozodlikka chiqqach, Mugabe Mozambikka ketib, u yer ham ozodlik uchun harakatlarga qo‘shiladi. Sobiq ittifoqqa taassub qilib, proletariatni sinfiy kurashga chorlashga bel bog‘lagan Joshua Nkomoning ZAPU’sidan farqli o‘laroq, Mugabe o‘rtoq Maoning mehnatlariga qarab dehqonlar inqilobini mo‘ljallayotgan edi.

Mugabe Jyenevadagi konferensiyada, 1976 yil
Foto: AP

Mugabe sarkarda emasdi: barcha operatsiyalarni uning dala qo‘mondonlari boshqarardi, uning o‘zi esa strategiya ishlab chiqib, Janubiy Rodeziyaga chegaradan otryad ketidan otryad jo‘natib, rejalarni amalga oshirilishini ta'minlar edi. ZANU’ning harbiy qanoti ZANLA hammani surishtirib o‘tirmasdan o‘ldirardi — xoh u askar bo‘lsin, xoh tinch aholi vakili bo‘lsin. Jangarilar, ayniqsa, oq tanli fermerlarni o‘ldirish yo quvg‘in qilishga alohida e'tibor qaratishardi, chunki ish beruvchisiz qolgan qora tanli malaylar ommaviy ravishda ZANLAga a'zo bo‘lishardi. G‘alaba qozonilgan taqdirda Mugabe o‘zining jangarilariga oqlardan tortib olingan yerlarni va'da qila boshladi. Uning rejalariga qarshilarni bo‘g‘izlangan holda topishardi. Qo‘zg‘olonchilarning ilmli va ko‘rkam yetakchisi xorijda — Xitoy, Britaniya va sobiq ittifoqda ham mashhurlasha boshladi.

Nihoyat, Janubiy Rodeziya dosh bera olmadi. Butun dunyo tarafidan o‘n yillab sanksiyalarga duchor qilingan va qonli partizanlar urushidan holdan toygan mamlakat nihoyat qora tanlilar boshqaruviga o‘tishiga rozi bo‘ldi. Bosh vazir Yan Smit hokimiyatni mo‘'tadil nomzod, yepiskop Muzorevega bermoqchi bo‘lgandi, biroq Nkomo va Mugabe uni tan olishmadi. Umummilliy saylovlar o‘tkazildi va unda Mugabe kutilmaganda ta'sir doirasi kattaroq bo‘lgan Joshua Nkomo ustidan g‘alaba qozonadi. Mugabening g‘alaba qozonishiga sabab — u mamlakat aholisining kattaroq qismini tashkil etuvchi shon qabilasidan, Nkomo esa etnik ozchilik — matabele vakili edi.

 

Tinchlik, do‘stlik, etnik qirg‘inlar

«Kechagi kun biz dushmanlar edik, bugun esa do‘st bo‘lmog‘imiz darkor. Biz bitta mamlakatga sodiqmiz. Kelajakning ustidan chiziq tortilgan va biz undan xulosa chiqarmog‘imiz kerak. Ilgari oqlar qoralarni kamsitardi, biroq qoralar o‘ch olmaydi va ularni kamsitmaydi. Men kelajak haqi hurmati, milliy yarashuvga chaqiraman!»

Mugabening xalqiga ilk telemurojaatidagi bu so‘zlar jomadonlarini yig‘ishtirishni boshlab yuborgan, Zimbabvega aylangan sobiq Janubiy Rodeziyaning oq tanli ozchiliklarini hayratga solib qo‘ydi. Eng qizig‘i — u o‘z va'dasida turdi. Oq tanli fermerlarni quvib chiqarish o‘rniga, ularga imtiyozli kreditlar taqdim etib, xarid qiymatini ham oshirib qo‘yishdi. G‘arb tomonidan ajratilgan ulkan moliyaviy yordam evaziga Mugabe sog‘liqni saqlash va ta'limni rivojlantirish bo‘yicha keng miqyosli dasturlarni ishga tushirdi, bir vaqtning o‘zida yo‘llar qurib, infratuzilmani kengaytira boshladi.

Agar oq tanlilar yengil nafas olishgan bo‘lsa, Mugabega qarshi bo‘lgan qora tanlilarga havas qilib bo‘lmasdi. Joshua Nkomoni davlat to‘ntarishida ayblab, mamlakatdan badarg‘a qilishdi. Bosh vazir KXDRdan kelgan yo‘riqchilar yordamida shon qabilasi vakillaridan faqat unga bo‘ysunuvchi maxsus brigadani tuzdi va siyosiy raqobatchilaridan birin-ketin qutila boshladi. Deyarli to‘liq matabele qabilasi vakillaridan iborat ZAPU’ning sobiq askarlari va ularni qo‘llovchi hamqabilalarini o‘ldirish bo‘yicha maxsus operatsiya «Gukuraxundi» deb ataldi — uning tarjimasi «jalalar oldidan bug‘doy chorisi ustiga sevalagan ilk bahor yomg‘iri» ma'nosini anglatardi

Mugabe (chapda) va Nkomo
Foto: Keystone Pictures USA / ZUMA Press / Globallookpress.com

Matabele qabilalari istiqomat qilayotgan tumanlar to‘liq qurshab olindi, armiya tomonidan o‘tkazilayotgan tuganmas etnik qirg‘inlar va terrordan so‘ng bu yerlarda ocharchilik ham boshlandi. Tirik qolganlarni «tuzatish markazi» — natsistlarning konslageriga o‘xshash joyga jo‘natishardi. Armiyaga «yosh brigadalar» deb ataluvchi, xunveybinlarning mahalliy varianti yordam berardi. Matabelelarning irodasini bu yo‘l bilan sindirish qiyinligini anglab yetib, Mugabe kutilmaganda sulh taklif qildi: Nkomoni kechirib, qaytishga ko‘ndirishadi va nominal bo‘lsa-da, faxriy lavozim taqdim etishadi. ZAPU’ning tiriq qolgan jangchilarining afv etib, qolgan qutganlarni ZANU’ga qo‘shib yuborishadi. Shunday qilib, Zimbabve G‘arbning to‘liq ma'qullashi ostida bir partiyali davlatga aylanadi.

 

Qorachasiga bo‘lib olish

Raqiblari bilan ishni bir yoqlik qilgach, Mugabe irqiy masalaga qaytdi — bunga ham o‘z irodasi tufayli emas: ko‘pchilikning qo‘lidan faqat insonni so‘yish keladigan sobiq qora partizanlar otryadi na bilim, na kasb, na pulga ega bo‘lmagach, o‘sha oq tanlilarning yerlariga da'vo qila boshlashdi. U mamlakatdagi vaziyatni izdan chiqarishga uringan JARdagi kommandos-diversantlarning aksiyalarini sabab sifatida keltiradi. Mugabe yersiz qora tanlilarga yerlarini tortib olib, bo‘lib berish kampaniyasini boshlagach, Zimbabvening oq tanli aholisi qochishga tushdi, ikkinchi yarmi siyosiy hayotda qatnashishdan namoyishkorona voz kechib, ichki immigratsiyaga ketdi.

1987 yilda Mugabe konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritib, bosh vazir lavozimini bekor qilib, o‘zi prezident bo‘lib oldi. U o‘z qulidan jamiki hokimiyatning jilovini mahkam ushlab turardi: hukumat, qurolli kuchlar, parlamentni tarqatib yuborish va istaganicha saylovlarda qatnashish... Mugabe yakka o‘zi hukmron bo‘lib qoldi va barcha nufuzli amallarni o‘ziga sodiq kishilarga bo‘lib bera boshladi; oqlardan tortib olingan fermalar ramziy summaga sobiq qashshoq-partizanlarga emas, yuqori martabali amaldorlarga pullanar edi. Mamlakatda korrupsiya quloch yoydi. Robert Mugabe shunday tizim qurdiki, bunda u va uning qarindoshlari hamda ishonchli yaqinlari tuganmas boylikka ega bo‘lishdi, mamlaktaning 85 foiz aholisi esa yiliga 300 dollar daromadga kun ko‘rishga majbur edilar.

2008 yilgi prezident saylovlari oldidan nonga navbat
Foto: John Moore / Getty Images

Norozilik tanqidiy nuqtaga yetgach, Mugabe aholining nafratini qolgan-qutgan oq tanlilarga yo‘naltirishga qaror qildi: ular «davlat dushmani» deb e'lon qilindi. Oq tanli yer egalarining 90 foizdan ko‘pi mamlakatni tark etdi. AQSh va Yevropa ittifoqi davlatlari Mugabe u qadar rivojlanish tarafdori emasligini anglab, yana mamlakatga qarshi sanksiyalar e'lon qilishdi. Shundan so‘ng Zimbabve iqtisodiyoti quladi. Giperinflyatsiya boshlandi, narxlar bir necha soat ichida ikki barobar osha boshladi, do‘konlardan mahsulotlar yo‘q bo‘lib qoldi, poliklinika va shifoxonalar ishlamay qoldi — dori-darmon yo‘q edi. Inflyatsiya 230 million foizga yetganidan so‘ng mamlakat Markaziy banki mahalliy valyuta - Zimbabve dollarini shunchaki bekor qilib qo‘ya qoldi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish 70 foizga pasaydi, yerlarning uchdan ikki qismi tashlandiq holatga keldi, sobiq partizanlar murakkab agrotizimlarni ishlatishni eplay olishmadi. Mamlakat halokat yoqasiga kelib qoldi. Mamlakatning hamma ko‘rgiliklarida Mugabe neoimperialistlarni ayblab, namoyishkorona tarzda Britaniya hamdo‘stligini tark etdi.

 

Undan besh battar muxolifat

Sobiq kasaba uyushmalari yetakchisi Morgan Tsvangiraining «Demokratik o‘zgarishlar uchun» harakati Mugabe uchun yagona jiddiy muxolifat bo‘ldi. Ilk saylovlaridanoq u ZANU’ga birozgina yutqazib qo‘ydi, Tsvangirai esa mag‘lubiyatni tan olmadi. Unga darhol g‘arb davlatlari e'tibor qaratishdi, nihoyat Zimbabveda qo‘llab-quvvatlash mumkin bo‘lgan istiqbolli yetakchi paydo bo‘ldi. Tsvangiraiga darhol huquq himoyachisi mukofotini berib, Stenforddagi universitetga o‘qishga taklif qilishdi.

2008 yilgi prezidentlik saylovlari siyosiy inqiroz bilan yakun topdi: Ko‘plab soxtalashtirishlar va ma'muriy bosimlarga qaramasdan Tsvangirai birinchi turda Mugabedan o‘zdi, biroq uning tarafdorlariga nisbatan uyushtirilgan qatag‘on tufayli ikkinchi turda ishtirok etishdan bosh tortdi. Ikkinchi turda yagona nomzod bo‘lib qolgan Mugabe 85,5 foiz ovoz to‘plab saylanadi, biroq xorijda bu saylov haqiqiy, deb topilmaydi. Faqatgina JARning aralashuvi bilan o‘rtadagi taranglik yumshatiladi: muxolifat Mugabening saylanganiga muxolifat rozi bo‘ladi, Tsvangirai esa ataylab shu vaziyat uchun qayta tiklangan bosh vazir lavozimini oladi.

Keyingi yillarda muxolifat o‘zining bor obro‘sini tushirib bo‘ladi. Tsvangirai qo‘sh o‘yin olib borardi, ommaviy chiqishlarida sanksiyalarga qarshi gapirib, o‘zaro suhbatlarda esa g‘arblik diplomatlarni ularni yanada cho‘zishga ko‘ndiradi. Aniqlanishicha, muxolifat vakillari hokimiyat tepasidagilardan hech narsasi bilan farq qilmas ekan: yog‘li joylarga o‘zlarini tanish-bilishlarini o‘tkazar, porani ham huddi Mugabening yaqinlari kabi olishar ekan. Natijada keyingi saylovlarda Mugabe birorta soxtakorlikka yo‘l qo‘ymasdan bemalol g‘alaba qozondi. Uning partiyasi hattoki ilgari muxolifatchilarniki deb hisoblangan hududlarda ham ishonchli g‘alaba qozondi.

Hozir mamlakatda muxolifat bo‘lib tashlangan va hokimiyatga real tahdil ko‘rsata olmaydi. Muxolifatni doim pul bilan ta'minlab keluvchi G‘arbning noehtiyotkorona xatti-harakatlari esa davlat propagandasining tegirmoniga suv qo‘ygani qolyapti, xolos.

 

«Lakost jamoasi» G40 ga qarshi

Keng tarqalgan xato fikrga ters o‘laroq, Mugabe Afrikadagi hokimiyat tepasida eng uzoq qolayotgan yetakchi emas. Angola prezidenti Joze Eduardu dush Santush va uning Ekvatorial Gvineyadagi hamkasbi Teodoro Obiang Ngema Mbasogo 1979 yildan buyon hokimiyat tepasida turishibdi.

Robert Mugabe 93 yoshga kirgan, prostata bezi saratoniga duchor bo‘lgan va fursat yetdi deguncha Singapurga borib davolanib keladi. Garchi uning fikri tiniq bo‘lsa-da, valiahd haqidagi savol kundan kunga dolzarblashmoqda.

Zimbabvedagi hokimiyat va ta'sir uchun ikki guruh kurash olib bormoqda. Birinchisi — prezidentning 51 yoshli rafiqasi Greys Mugabe yetakchilik qilayotgan G40 (Qirq yoshlilar avlodi qisqartmasi) jamoasi. Uni asosan yosh vazirlar qo‘llab-quvvatlamoqda.

Greys Mugabe
Foto: Philimon Bulawayo / Reuter

Ikkinchisi — «Timsoh» laqabli, o‘ta murakkab taqdirga duchor bo‘lgan Emmerson Mnangagva yetakchiligidagi «Lakost jamoasi». U yoshligida ko‘cha bezorilarning «Timsoh» bandasiga borib qo‘shilgani sababli, o‘z laqabini orttirgan. Janubiy Rodeziyada partizanlar urushi boshlanib ketgach, u oq tanli fermerni o‘ldiradi, u hibsga olinadi, biroq sudning xatosi tufayli ozod etib yuboriladi va Mugabega borib qo‘shiladi. Mnangagva tarafdorlari o‘z laqabini qimmatbaho narsalar, xususan, Lacoste markasiga bo‘lgan muhabbati tufayli orttirgan. «Lakost jamoasi» yetakchisining laqabi bilan bog‘liq yo yo‘qligi aniqmas. Mnangagva tomonida ozodlik kurashining sobiq faxriylari bor, ular Zimbabveda yetarli darajada jiddiy kuch sanalishadi.

Mamlakatdagi eng qadratli o‘yinchilardan biri — armiya namoyishkorona o‘z betarafligini ko‘rsatib turibdi. Bosh shtab rahbari Konstantin Chivenga mamlakat bosh postini ozodlik urushida qatnashmagan insonga bermasligini ta'kidlab o‘tgan. Ya'ni muxolifat vakillarida imkoniyat yo‘q.

Salomatligi bilan bog‘liq muammolarga qaramasdan, Mugabe vaziyatni to‘liq nazorat qilmoqda va goh u guruhni, goh bunisini qo‘llab, «ajratib tashla va boshqar» prinsipiga asoslanib, maza qilayapti, cholgina tushmagur....

 

Janubiy Afrika yuragi

«Qirq yoshlilar avlodi» va «Lakost jamoasi» Mugabening o‘limidan so‘ng hokimiyatni tinchgina bo‘lib ololishadimi-yo‘qmi, Janubiy Afrikada tinchlik hukmron bo‘lishi ham shunga bog‘liq bo‘lib turibdi. Mintaqaning barcha savdo yo‘nalishlari Zimbabvedan o‘tadi. Boz ustiga, mamlakatda tartibsizliklar boshlangudek bo‘lsa, u mamlakat tashqarisiga ham chiqib ketishi mumkin.

Zimbabvening barqaror bo‘lishidan tashqi o‘yinchilar, birinchi navbatda, Xitoy ham manfaatdor. 2002 yili G‘arb mamlakatga sanksiya e'lon qilgach, XXR Mugabega yordam qo‘lini cho‘zgan. Hozir Zimbabve poytaxti Harare shahrida Xitoyning kafe va restoranlari faoliyat ko‘rsatmoqda, Xitoydan qurol-yarog‘ va ko‘plab kiyim-kechaklar olib kiriladi, evaziga foydali qazilmalar tashib chiqib ketiladi. Oltin, xrom, platina va olmoslar qazib olinadigan shaxtalar hozir Xitoy biznesmenlariga tegishli.

Rossiya ham ortda qolishni istamayapti: Ular jahonda kattaligi bo‘yicha uchinchi o‘rinda turgan Darvendeyl platina konini ishga tushirishda ishtirok etishmoqda. Hattoki AQSh va Yevropa ittifoqi ham Zimbabvega qaytish yo‘llarini qidirishmoqda: so‘ngi yillarda YeI oshkor qilmasdan mamlakatga joriy etilgan sanksiyalarning katta qismini bekor ham qilib bo‘ldi.

Darvendeyl koni
Foto: greatdykeinvest.com

Zimbabve Respublikasi kelgusida qanday rivojlanmasin, bir narsa aniq: uning tarixida sobiq maktab o‘qituvchisi Robert Mugabe bilan shaxsiyat miqyosida tenglasha oladigan ikkinchi odam paydo bo‘lishi qiyin.

Mavzuga oid