Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Bugun oliy ta'lim muassasalarida qabul komissiyalari ish boshladi
2017 yil 15 iyun kuni respublikamizning barcha oliy ta'lim muassasalarida 2017/2018 o‘quv yili uchun qabul komissiyalari ish boshladi, deb xabar beradi Xushnudbek.uz portali.
Abituriyentlarning o‘qishga qabul qilish haqidagi arizalari oliy ta'lim muassasalari qabul komissiyalari tomonidan 15 iyundan 15 iyulgacha, O‘zbekiston davlat konservatoriyasi uchun 15 iyundan 10 iyulgacha qabul qilinishi belgilab qo‘yilgan.
ZiyoNet ta'lim portalining abituriyentlar sahifasidagi ma'lumotga ko‘ra, joriy yilda respublikamizdagi 83 ta OTMlarga talabalar qabul qilinadi.
Ma'lumot o‘rnida aytish mumkinki, 2017 yil 5 may kuni O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev «2017/2018 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta'lim muassasalariga qabul to‘g‘risida»gi qarorga imzo chekdi.
Qarorga ko‘ra, 2017/2018 o‘quv yili uchun:
- bakalavr ta'lim yo‘nalishiga 66 ming 316 nafar talaba, shularning 18.194 nafari davlat grantida va 48.122 nafari to‘lov-kontrakt bo‘yicha;
- magistraturaga 5.000 nafar talaba, shundan 1.556 nafari davlat granti, 3.444 nafari esa to‘lov-kontrakt asosida;
- maxsus sirtqi bo‘lim negizida ishlab chiqarishdan ajralmagan holda bilim olishni ta'minlash maqsadida Toshkent axborot texnologiyalari universitetining maxsus sirtqi bo‘limida 100 nafar, shu jumladan, davlat grantlari bo‘yicha 15 ta va to‘lov-kontrakt asosida 85 ta, Navoiy davlat konchilik institutida to‘lov-kontrakt asosida 90 nafar va Toshkent temir yo‘l muhandislari institutida to‘lov-kontrakt asosida 80 nafar bakalavrni qabul qilish nazarda tutilgan.
Abituriyentlar qabul komissiyasiga quyidagi hujjatlarni taqdim etishi kerak bo‘ladi:
- Oliy o‘quv yurti rektori nomiga o‘qitishning yo‘nalishi, tili va shakli ko‘rsatib o‘tilgan, o‘z qo‘li bilan yozib imzolangan ariza;
- o‘rta ma'lumot yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi haqidagi hujjatning asl nusxasi (baholar ilova varaqasi bilan birgalikda);
- 086/U shaklidagi tibbiy ma'lumotnoma;
- pasport nusxasi; (agar abituriyent 16 yoshga to‘lmagan bo‘lsa, ichki ishlar organlaridan №9 shakldagi ma'lumotnoma taqdim etadi);
- 3,5x4,5 sm shakldagi 6 dona fotosurat;
— xalqaro va respublika fan olimpiadalari, tanlovlar va musobaqalarning g‘oliblari uchun ularga tanlovdan tashqari qatnashish huquqini beruvchi hujjatning asl nusxasi;
- muddatli harbiy xizmat o‘tgan abituriyentning harbiy qismidan o‘qish uchun tavsiyanomasi.
Jismoniy tarbiya institutiga qabul qilinadigan abituriyentlar yuqorida sanab o‘tilgan hujjatlardan tashqari, sport kvalifikatsiyasi (sport razryadi daftarchasi), sakkizta fotosurat (maxsus sport tekshiruvchi uchun) topshirishadi.
Maxsus sirtqi bo‘limga kirayotgan shaxslar o‘rnatilgan tartibda mehnat daftarchasidan ko‘chirma taqdim etishadi.
Test sinovlaridan uch kun avval abituriyentga guruh raqami ko‘rsatilgan ruxsatnoma beriladi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlariga yagona kirish imtihonlari 1 avgust kuni bo‘lib o‘tadi.
Mavzuga oid
10:09 / 24.04.2026
Universitetlar AI sabab imtihon tizimini o‘zgartirmoqda
23:33 / 17.04.2026
Maktablarda yakuniy davlat attestatsiya imtihonlari sanasi belgilandi
18:52 / 15.11.2025
"Umummilliy Konstitutsiya imtihoni" o‘tkaziladi
17:56 / 31.10.2025