Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Bojxonada halokatga da'vat etuvchi so‘zlar yozilgan saqichlar ushlab qolindi (foto)
So‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda o‘smirlar o‘rtasida o‘z joniga qasd qilishgacha olib boruvchi «Ko‘k kit», «Tinch uy» kabi qo‘shtirnoq ichidagi «o‘lim guruhlari»ning vujudga kelgani keng jamoatchilikning jiddiy tashvish va xavotirlariga sabab bo‘ldi.
Voyaga yetmagan yoshlarni xudkushlikka chorlovchi ushbu o‘yinlar asosan onggi hali to‘liq shakllanmagan, mustaqil fikr va ma'naviy dunyoqarashga ega bo‘lmagan o‘smirlarni o‘z nishoniga olmoqda.
Raqamlarga murojaat qilsak, o‘tgan 2016 yilda Rossiya, Qirg‘iziston va Qozog‘istonning o‘zida 850 dan ortiq o‘smirning ushbu o‘yin tufayli o‘z joniga qasd qilishga uringani qayd etilgan.
O‘zbekistonda bunday yot g‘oyalarning oshkora targ‘ib qilinishiga qarshi qonun yo‘li bilan, ya'ni O‘zbekiston Respublikasining “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”, “Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida”gi Qonunlari va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar asosida jiddiy to‘siq qo‘yilgan. Amaldagi tartiblarga ko‘ra, respublikaga zo‘ravonlikni targ‘ib qiluvchi materiallarni olib kirish taqiqlangan.
Poytaxtdagi “Toshkent-tovar” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida temir yo‘l konteynerlaridan biri o‘rnatilgan tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda bir qator qonunbuzilish holatlari aniqlandi.
Konteynerdagi 20 tonnadan ortiq yuklar Latviyadan Toshkentda faoliyat yurituvchi Modern sweet ma'suliyati cheklangan jamiyat nomiga yuborilgan bo‘lib, ular orasidagi salkam 5 tonnayu 800 kg. shokolad va saqichlarning iste'mol muddati deyarli 3 yil avval o‘tib bo‘lgan ekan.

Ammo tahlillar davomida bundan-da dahshatli manzara namoyon bo‘ldi. Mahsulotlar orasidagi salkam 560 kg. og‘irlikdagi saqichlarning salomatlikka tahdididan ko‘ra, jamiyatimiz osoyishtaligi va yoshlarimiz hayotiga tahdidi ming chandon xavfli bo‘lib chiqdi.

Sodda qilib aytganda AQShning Wrigley kompaniyasi mahsuloti hisoblanmish Truth or dare (FIVE) ya'ni “Haqiqat yoki jur'at” deb balanparvoz nom bilan atalgan saqichlar qadog‘idagi yozuvlar ham yoshlarning ongini zaharlashga undovchi g‘oyalar bilan yo‘g‘rilgani ma'lum bo‘ldi.
Bir qarashda yorliqlardagi kichkinagina jumlalar shunchaki ko‘ngilxushlik vositasi sifatida e'tiborga arzimasdek tuyulishi mumkin. Lekin, ...

Saqichlardagi ushbu jumlalar yuzasidan Respublika Ma'naviyat targ‘ibot markazi ekspertlarining xulosasi:
“Mazkur mahsulotlarning nomi va uning ichidagi saqichlarga o‘rog‘lik qog‘ozlarda iste'molchilarga qiziq bo‘lishi va o‘ziga jalb qilish maqsadida turli shakllarda da'vatlar, topshiriqlar va chaqiriqlar mavjud bo‘lib, biroq g‘oyaviy-mafkuraviy jihatdan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ma'naviy-ma'rifiy, ijtimoiy islohotlarga mos emas”.

Yorliqlardagi chaqiriqlar quyidagilardan iborat:
“Bo‘sa oling!”,
“Shahvoniy ovozda gaplashing!”,
“Bo‘sangiz suratini ijtimoiy tarmoqa joylashtiring!”,
“Xonadagi eng chiroyli odamdan bo‘sa so‘rang”,
“Qo‘lsiz yechining!”
“Yoshlikdagi eng ahmoqona ishingizni takrorlang!”
“Do‘stingizning belidan barmoqlaringiz uchi bilan silang!”
“Kimningdir orqasidan muzqaymoq oting!”
Bu kabi da'vatlarning, topshiriqlarning soni esa 745 mingdan oshadi!
Xo‘sh, bu da'vatlardan nima kutish mumkin? Yoshlarni oshkora odobsizlik va chirkin odatlarga yetaklayotgan chorlovlar zamirida aslida yuqorida sanab o‘tganimiz “Ko‘k kit”, “Pokemon Go”, “Tinch uy” kabi o‘zini o‘zi o‘ldirishga majburlovchi xavfli o‘yinlar targ‘iboti mujassam emasmi?
Surishtiruvlar davomida ma'lum bo‘lishi-cha, bu kabi saqichlar Rossiya Federatsiyasining “Rigli” kompaniyasi tomonidan ham “Pravda ili Deystviye” nomi ostida ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yilgan.
Jumladan, joriy yilning 26 may kuni “Urganch aeroport” chegara bojxona posti orqali “Sankt–Peterburg–Urganch” yo‘nalishidagi aviareys bilan uchib kelgan fuqaro N.Abdullayeva ham 1 o‘ramda “5 Pravda ili Deystviye” yozuvli bo‘lgan saqichlarni olib kirayotganligi aniqlangan.
Ushbu saqichlardagi dav'atlar esa yanada ahmoqona va xunuk ko‘rinish aks etgan.



“Agar sen jinsingni bir kunga o‘zgartirsang, shu kunni qanday o‘tkazarding?”
“Dunyoda eng zo‘r jinsiy aloqaga chorlovchi fikringni yoz”
“Mana shu topshiriqlarni peshonangga selfi qilib yopishtir!”
Bu topshiriqlar nafaqat o‘smirlarni, balki katta yoshdagilarni ham esankiratib qo‘yishi, tabiiy! Yoshlar onggi uchun kurash ketayotgan hozirgi tahlikali zamonda bu kabi mahsulotlarni olib kirishga urinishni hech ikkilanmay xalqimiz ma'naviyatiga zarba berish bilan tenglashtirish mumkin.
Shu o‘rinda yana bir mulohaza! Hadsiz-hududsiz Internet tarmog‘i orqali bu kabi o‘yinlarni istalgancha targ‘ib qilish imkoni bo‘la turib, ularni yaxshigina mablag‘ sarflab, turli tovarlarning yorlig‘iga qadoqlash kimga kerak degan savol tug‘iladi!
Bir qarashda bu xaridorni tovarga nisbatan jalb qilish usulidek tuyulishi mumkin. Aslida esa, bu kabi saqichlar vositasida vayronkor g‘oyalarni Internet hali to‘liq kirib bormagan, unchalik ommalashmagan chekka-chekka hududlargacha yoyishdek jirkanch maqsad ko‘zlangani aniq!
Lavhamiz yakunida ta'kidlash joizki, joriy yilning 3 iyun kuni Davlat bojxona qo‘mitasi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar vakillari ishtirokida salkam 560 kg. saqichlar yoqish yo‘li bilan yo‘q qilib tashlandi. Shu tariqa, vayronkor g‘oyalarning 745 ming dona targ‘ibot vositasi yo‘q qilindi.
Husen Tangriyev
Davlat bojxona qo‘mitasi
Axborot xizmati katta inspektori
Mavzuga oid
16:02 / 26.04.2022
Davlat bojxona qo‘mitasi raisiga yangi o‘rinbosar tayinlandi
21:04 / 10.04.2022
Toshkentda qalbaki 6900 dollarni sotmoqchi bo‘lgan guruh qo‘lga olindi
20:37 / 18.11.2021
Akmalxo‘ja Mavlonov rasman Davlat bojxona qo‘mitasi raisi lavozimiga tayinlandi
15:59 / 18.11.2021