Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qashqadaryoda YPX xodimini mashinasida urib ketgan shaxs jazoga tortildi
O‘shanda mayning o‘rtalari edi. Asalarichilik uchun qizg‘in mavsum boshlanib ketgandi. Bir necha yildan beri shu hunarning nonini yeb yurgan Sanjar esa ob-havoning yaxshi kelmagani bois asalarilari nobud bo‘layotganidan xunob edi, deb yozadi “Huquq” gazetasi.
- Boshqa yaxshiroq joy topib, ko‘chirmasak bo‘lmaydi, - dedi u sherigi X.Qodirovga.
Ertasi kuni ertalab u otasining mashinasida sherigi bilan yo‘lga chiqdi. Bir zumda ular yashaydigan Dam qishlog‘i ortda qoldi. Sheriklar yo‘l bo‘yi yana asalarilarning kasalligini muhokama qilib ketishdi. Ishlari o‘ngidan kelib, Qamashi tumanidagi Yortepa qishlog‘idan asalarilari uchun yaxshi joy topishdi. So‘ng Yettitom yo‘liga chiqib, Ko‘kdalada to‘xtab ovqatlanishdi. Ishlari yengil ko‘chganidan kayfiyatlari ancha o‘nglangan edi. Tushlikdan so‘ng Sanjar mashinani Chorshanbe bozori yo‘li orqali Ko‘ktosh mahallasi tomon uchirib ketdi. Bu yo‘lda cheklangan tezlikda harakatlanish zarurligini ham unutdi.
Uzoqdan “to‘xtang” ishorasini bergan yo‘l-patrul xizmati xodimlarini ko‘rib, hujjatlari joyida emasligi yodiga tushdi.
- Qochamiz, - Sanjar yashin tezligida xayoliga kelgan qarorni sherigiga aytib, rulga yopishdi. Tezlikni pasaytirmasdan, ulardan oldinroq to‘xtayotgan mashinalarni aylanib o‘tdi-yu, qochishga shaylandi.
Shu payt yo‘l nozirlaridan biri yana “to‘xtang” ishorasini berib, yo‘lga chiqib keldi. Sanjar uni chetlab o‘tmoqchi bo‘ldi. Ammo to‘g‘ridan kelayotgan mashinani ko‘rib, fikridan qaytdi, oyog‘ini gazdan olmadi. “O‘zini olib qochar”, degan o‘yda to‘g‘rida turgan yo‘l nozirining ustiga mashinani haydadi.
Nogahon nimadir qars etdi. Mashina oynasi sinib ketgandi. Sanjar qo‘rqib ketganidan yana gazni bosdi. Ancha joyga haydab borgach, yo‘l chetidagi oshxona yonida to‘xtadi.
Pastga tushib, mashinani ko‘zdan kechirishdi. Singan oynaning qolgan qismini ham ko‘chirib tashlashdi. Sanjar nima qilib qo‘yganini endi mulohaza qilib, qo‘rquvga tushdi. “Nimaga qochdim? Nari borsa, jarima bilan qutulardim. Bu yog‘i qanchaga tushdi? Urib yuborilgan kishi omonmikan? Hech bo‘lmasa, urib yuborganimdan keyin to‘xtasam bo‘lardi-ku. Eh, nimalar qilib qo‘ydim?..”. Shunday xayollar og‘ushida sherigini yo‘lda qoldirib, to‘g‘ri tuman ichki ishlar bo‘limi tomon jo‘nadi.
Umurtqasi, oyog‘i, boshidan qattiq jarohat olgan yo‘l-patrul xizmati xodimi Dilmurod Norqulov shifoxonaga yotqizilib, zarur tibbiy muolajalar ko‘rsatildi.
“Hechdan ko‘ra kech” qabilida ish tutgan va o‘z xatosini anglab yetgan Sanjar tuman ichki ishlar bo‘limiga borib, xabar bergan, Dilmurod Norqulov va uning oila a'zolaridan kechirim so‘ragan. Sanjarning yaqinlari D.Norqulovga yetkazilgan zararlarni qoplab berishgan.
Sud hukmi bilan Sanjar Muroddinovga Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga asosan tegishli jazo tayinlandi.
Mavzuga oid
22:01 / 13.06.2026
Qashqadaryoda qum-shag‘al aralashmasini noqonuniy qazib olish holatlari fosh etildi
15:20 / 13.06.2026
Eski sandiqdan topilgan britancha surat: Dulsi xonim izlagan Boqijon Akramov Buxoro va Qashqadaryodan topildi
19:37 / 04.06.2026
Qashqadaryolik eshak go‘shti savdogari: u uch oyda ikki bor sudlandi
08:29 / 26.05.2026